Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Ana holos: Fargʻonada 145 nafar abituriyent ataylab imtihondan yiqitilgan ekan

28.02.2023 18:52
Ana holos: Fargʻonada 145 nafar abituriyent ataylab imtihondan yiqitilgan ekan

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filialida o‘tkazilgan kasbiy (ijodiy) imtihon natijalari o‘rganilganda, 356 nafar abituriyentlarning haqiqatda to‘plagan ballariga soxtalashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi bosh prokraturasi xabar bermoqda.

Xususan, 2022/2023 o‘quv yilida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filialida o‘tkazilgan kasbiy (ijodiy) imtihon natijalari o‘rganilib, 356 nafar (shundan, qo‘shilgan 322, kamaytirilgan 34) abituriyentlarning haqiqatda to‘plagan ballariga soxta yozuvlar kiritish orqali, yuqori ball to‘plagan abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilmay qolinganligi aniqlangan.

Jumladan, velosport yo‘nalishida abituriyent D.Bakirovning haqiqatda to‘plagan 105,2 balli soxtalashtirilib, Davlat test markazining elektron ma’lumotlar bazasiga pasaytirilgan 67,4 ball kiritilishi oqibatida talabalikka tavsiya etilmagan.

Viloyat prokuraturasi tomonidan 10.12.2022 yilda Bosh prokuratura orqali O‘zbekiston Respublikasining Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish Davlat komissiyasi raisiga xat kiritilib, unda idoralararo ishchi guruhi tuzilgan holda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filialida o‘tkazilgan kasbiy (ijodiy) imtihon natijalarini qayta ko‘rib chiqish va natijasi bo‘yicha taklif kiritish so‘ralgan.

Shunga ko‘ra, ma’sul vazirliklarning yetuk mutaxassislaridan iborat tarkibda idoralararo ishchi guruhi tuzilib, har bir abituriyentlarning natijalari qayta ko‘rib chiqilgan va 145 nafari asossiz ravishda talabalikka qabul qilinmasdan qolganligi aniqlangan.

O‘rganish natijalari 14.02.2023 yili Komissiya majlisida muhokama qilinib, yuqoridagi 145 nafar (3 nafar davlat granti va 142 nafar to‘lov - kontrakt) abituriyentlarni talabalikka tavsiya etish haqida qaror qabul qilingan.

Ushbu qarorga asosan filial direktorining 16.02.2023 yildagi 10, 31 va 32-sonli buyruqlari bilan yuqoridagi 145 nafar abituriyentlar talabalikka qabul qilinib, ularning buzilgan huquqlari tiklandi.

Yoshlar huquqlarini buzgan filialning sobiq direktori R.Rasulov va qabul komissiyasi mas’ul kotibi M.Muxriddinovga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, javobgarlikning muqarrarligi ta’minlandi.