Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Jamoat xavfsizligi universiteti qabul jarayonlari va mutaxassisliklar to‘g‘risida ma’lumot

13.05.2021 14:24
Jamoat xavfsizligi universiteti qabul jarayonlari va mutaxassisliklar to‘g‘risida ma’lumot

«Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–5077-son, 15.04.2021 y.) mamlakatimizning tinchligi va osoyishtaligiga bo‘lgan har qanday tahdidlarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini ilg‘or xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Qurolli Kuchlarning kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida qabul qilingan.

Qaror bilan Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti etib qayta tashkil qilinib, malakali kadrlarni maqsadli tayyorlashni amalga oshiruvchi bazaviy oliy harbiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi.

Universitetda Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya uchun — jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasining tegishincha jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi va pasport tizimi talablarini amalga oshirish yo‘nalishlarida, Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanadi.

Xususan,

  • harbiy diplomatiya;
  • yurisprudensiya va iqtisodiyot;
  • muhandislik-texnik;
  • tarbiyaviy-psixologik;
  • qo‘mondonlik-taktik;

hamda o‘z qo‘riqlash tuzilmalariga ega bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari uchun —

  • qo‘riqlash faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish

yo‘nalishlarida malakali kadrlar tayyorlanadi.

Universitetda professional kadrlarni tayyorlash jarayoniga bakalavriat va magistraturani o‘z ichiga oluvchi ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi joriy etiladi. Universitetning asosiy vazifasi —malakali mutaxassislarni tegishli ixtisoslik va huquqshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan holda o‘qitish hamda ularni jangovar va jismoniy tayyorgarlikdan o‘tkazish orqali maqsadli tayyorlash.

Jamoat xavfsizligi universitetiga qabul qachon bo‘ladi va kimlar hujjat topshira oladi?

Universitetda qabul jarayonlari 1-fevraldan boshlanib, 1-aprelgacha davom etgan.

Universitetga hujjat topshirmoqchi bo‘lganlar hududiy mudofaa ishlari bo‘limlariga ariza berishlari mumkin. Shundan so‘ng ariza bo‘yicha o‘rganish olib boriladi, suhbatlar tashkil etiladi va nomzodlar bilan dastlabki tanlov tadbirlari o‘tkaziladi.

Nomzodni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish — tuman mudofaa ishlari bo‘limlaridagi tibbiy komissiya tomonidan o‘tkaziladi. Tibbiy ko‘rikda yaroqli deb topilgan nomzodlar keyingi bosqichda individual-psixologik va umumjismoniy sinovlarga qo‘yiladi.

Shundan so‘ng yakuniy tibbiy ko‘riklar tashkil etiladi. Ana shu ko‘rikdan o‘tgan nomzodlar test sinovlariga qo‘yiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tganlar universitetga qabul qilinadi.

2021/2022 o‘quv yilidan Universitetda bakalavriat va magistratura tizimi joriy etiladi.

Qabul kvotasi bakalavriatga 300 tagacha kursantlarni, sirtqi ta’lim uchun 100 nafargacha tinglovchini tashkil etadi.