Kirish imtihonlari bekor qilinishi mumkin
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
DTM bosh boshqarmasi boshlig‘i Farhod Mirzayev O‘zbekistonda kelgusida OTMlarga kirish imtihonlari bekor qilinishi mumkinligini ma’lum qildi. Kirish imtihonlaridan voz kechilsa, abituriyenlar maktab imtihonlari natijalariga asosan OTMga qabul qilinadi.
DTM bosh boshqarmasi boshlig‘i Farhod Mirzayev kelgusida OTMlarga kirish imtihonlari bekor qilinib, xorij OTMlari tajribasida bo‘lgan kirish imtihonlari bo‘lmasligi bosqichma-bosqich O‘zbekistonda ham amalga oshirilishi rejalashtirilganini aytdi.
«Xabaringiz bor, milliy test sertifikatlarini joriy qildik. Bundan keyin ba’zi abituriyentlar qatnashmaydi, bevosita ozod bo‘lishi mumkin. Keyin, imtihonda katta ballni olgandan so‘ng OTMga qabul qilish emas, buni unifikatsiya qilish masalasi ham ko‘tarilgan edi. Unifikatsiya bo‘yicha qaror tegishli organga kiritilgan. Agar bu tasdiqlansa, biz kirish imtihonlaridan voz kechib, bosqichma-bosqich maktablarda olinadigan imtihonlar hisobiga bolalarni OTMlarga qabul qilishni yo‘lga qo‘yamiz. Masalan, to‘rtta viloyat tanlab olinib, birinchi bosqichda shu viloyatlarda o‘tkazish masalasi ko‘riladi. Keyinchalik qolgan hududlarda ham bu amalga oshiriladi», — dedi Farhod Mirzayev.
Shuningdek, Farhod Mirzayev 2021−22 o‘quv yili uchun OTMlarga kirish test sinovlarini 2 ta ssenariy — yopiq va ochiq maydonlarda o‘tkazish kelishib olinganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, test sinovlari o‘tkazish uchun 46800 nafar abituriyent uchun mo‘ljallangan 96 ta katta sig‘imli yopiq bino, 59040 nafar abituriyentni sig‘diradigan 65 ta stadion tanlangan.
Kirish imtihonlarida 1,6 mln abituriyent qatnashishi kutilmoqda. Ro‘yxatdan o‘tish onlayn tarzda DTM rasmiy sayti, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilishi ta’kidlandi.