Kirish imtihonlari nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun qulaylashtiriladi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Defektologiya, logopediya, surdopedagogika, oligofrenopedagogika bo‘yicha oliygohlarga qabul to‘liq grant asosida bo‘ladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanadi, mansabdorlar qabuliga navbatsiz kiradi. Yangi qaror bilan imkoniyati cheklangan shaxslarga shu va boshqa qulayliklar taqdim etilmoqda.
Foto: AP
2023/2024 o‘quv yilidan boshlab nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun qabul tartibi va test to‘g‘risidagi ma’lumot, materiallar qulay formatda bo‘ladi, ularga videoroliklar, surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etilishi ko‘zda tutilgan.
Bu – 27 fevral kuni imzolangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilangan.
Unga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlovchi pedagoglar soni va salohiyatini oshirish maqsadida “Maxsus pedagogika, defektologiya” magistratura mutaxassisliklari, jumladan, logopediya, surdopedagogika, oligofrenopedagogika bo‘yicha oliygohlarga qabul to‘liq davlat granti asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, hujjat bilan bu toifadagi insonlarga davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish va davlat idoralarida mansabdor shaxslarning qabuliga navbatsiz kirish bo‘yicha imtiyozlar ham berilmoqda.
“Yuridik yordam” axborot tizimida nogironligi bo‘lgan shaxslarga advokatlar tomonidan ixtiyoriy ravishda bepul professional yuridik yordam ko‘rsatilishiga yordamlashuvchi tizim joriy etiladi.
Tibbiyot muassasasida davolanishda nogironligi bo‘lgan bolalarga g‘amxo‘rlik qilish uchun uning yaqinlaridan biriga sharoit yaratib beriladi, xususan, bu davrga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi hamda bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yiladi.
Protez-ortopediya va reabilitatsiya buyumlari olishga sertifikat berish uchun tibbiy xulosa talab etish tartibi bekor qilinadi.
Bundan tashqari, qarorga asosan 2023 yil davomida 475 nafar muhtoj shaxslarni zamonaviy xorijiy protez-ortopediya buyumlari (oyoq, son va boldir protezi hamda oyoq apparati) bilan bepul ta’minlash hamda 1 iyulga qadar nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslar ta’minlanadigan protez-ortopediya va reabilitatsiya buyumlari ro‘yxatini kengaytirish ko‘zda tutilgan. Bunda fuqarolarni elektr kreslo-aravacha, maxsus funksiyali aqlli soat, brayl yozuv moslamasi, ovozli termometr va tonometr, yozgi murakkab ortopedik poyabzal kabi qo‘shimcha 6 ta vosita bilan tizimli ta’minlash (hozirda amaldagi ro‘yxatda 18 ta) rejalashtirilgan.