Reyting. O‘zbekistondagi kontrakt to‘lovi eng qimmat universitetlar
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Bugungi kunda O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari soni yil sayin ortib bormoqda. Bugungi reytingimizda siz bilan O‘zbekistondagi to‘lov-kontrakt miqdori eng yuqori bo‘lgan oliygohlarni ko‘rib chiqamiz.
1. Akfa universiteti. Toshkentdagi Akfa universiteti Vazirlar Mahkamasining «Toshkent shahrida Akfa xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori va Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda «Akfa Medline» MCHJ tashabbusi asosida 2019 yilda tashkil etilgan. Universitetda o‘qishga da’vogar abituriyentlardan maktab yoki o‘rta maxsus ta’lim muassasini tamomlaganligi haqidagi hujjati hamda IELTS yoki TOEFL sertifikatlari talab qilinadi.
Foto: «Akfa University»
Akfa universitetida ta’lim 6 yil muddatni tashkil etadi. Bu jarayon 2 yillik tibbiy tayyorlov kurslari va 4 yillik tibbiy kurs dasturlarini o‘z ichiga olgan. Akfa universiteti Janubiy Koreyaning Ganjon universiteti bilan hamkorlikda uning andazasida tashkil etilgan. Universitetning tibbiyot yo‘nalishida kontraktning umumiy summasi yillik — 58 000 000 (ellik sakkiz million) so‘m / semestr uchun 29 000 000 (yigirma to‘qqiz million) so‘mni tashkil etadi.
Akfa’da mavjud bo‘lgan boshqa yo‘nalishlarda o‘qish narxi bundan arzonroq, tibbiyot eng qimmati bo‘lgani uchun reytingning birinchi o‘rnini egallagan.
2. MGIMO Toshkent filiali (Московский государственный институт международных отношений). 2019 yil sentyabr oyida faoliyatini boshlagan institutga shu yil fevral oyida Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Abdujabbor Abduvohidov va Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti prorektori Artyom Malgin uchrashuvida tamal toshi qo‘yilgan.
Foto: «Dunyo»
Institutda bakalavr va magistratura bosqichi talabalari uchun 6 yo‘nalishli dastur, eng yaxshi abituriyentlar uchun o‘quv grantlari, o‘qishga kirishga tayyorgarlik dasturlari va boshqa dasturlar mavjud bo‘lib, ta’lim modulli asosda (kurslar davomiyligi — 2–3 hafta) magistratura talabalari uchun bir semestr va bakalavriat talabalari uchun uch semestr davom etadi. To‘lov kontrakti miqdori — 52 230 000 so‘m.
3. Inha universiteti. Toshkent shahridagi Inha universiteti 2014 yilda Koreaning Inha universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Inha universiteti Koreaning Axborot texnologiya sohasida ko‘zga ko‘ringan OTMlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda 1500 dan ortiq talaba universitetning ikki asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olmoqda. Bular kompyuter va axborot muhandisligi va logistika yo‘nalishlaridir.
Foto: «Inha»
Toshkent shahridagi Inha universiteti har yili 10 nafar faol va iqtidorli talabaga Koreyadagi Inha universitetining yozgi maktabida bepul o‘qish imkoniyatini beradi. Universitetda tahsil olish uchun bir yillik kontrakt summasi 30 million so‘mni tashkil etadi.
4. Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti. TXVU 2002 yilda London Vestminster universiteti, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda «Iste’dod» jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Universitetda tayyorlov, SIFS, bakalavr, magistratura va kasbiy sertifikat kurslari mavjud bo‘lib, tijoriy huquq, biznes axborot texnologiyalari, moliya, iqtisodiyot va moliya, biznesni boshqarish bakalavr kurslari mavjud. Ushbu kurslarning barchasi Buyuk Britaniyaning «honours» bakalavr darajasini olish imkonini beradi. Bakalavriat uchun to‘lov kontrakti summasi deyarli 30 million so‘mni tashkil qiladi. (Magistratura uchun to‘lov – 44 991 000 so‘m).
5. Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (MDIS). MDIS O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga binoan oliy ta’lim sifatiga qo‘yilgan xalqaro talablarga, shuningdek, milliy maqsad va vazifalariga va O‘zbekiston Respublikasi kadrlarini tayyorlash milliy dasturiga muvofiq bakalavriat va magistratura dasturlarida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan.
Foto: «MDIS»
Universitet tomonidan taqdim etilgan ta’lim dasturlarining umumiy soni bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha 15 ta va magistratura yo‘nalishi bo‘yicha 5 tani tashkil etadi, hozirgi kunda OTMda talabalarning umumiy soni 5100 dan ortiqni tashlil etadi. To‘lov kontrakti summasi — 28 800 000 so‘m.
6. Turin politexnika universiteti. Italiyaning Turin shahridagi Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan bu ta’lim muassasasi Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan. Universitetning asosiy maqsadi yuqori texnologiyaga asoslangan sanoatning yuqori tarmoqlariga yetuk kadrlar yetkazib berishdan iborat. OTMda axborot texnologiyalari va ishlab chiqarishda BTA, sanoat-fuqaro qurilishi va arxitekturasi, energetika, mashinasozlik texnologiyasi fakultetlari mavjud. Bir yillik to‘lov kontrakti miqdori 28 500 000 so‘mni tashkil etadi.
7. Toshkent shahridagi Puchon universiteti. Puchon universiteti (Koreya Respublikasi) 1958 yil aprel oyida tashkil etilgan, mazkur universitetda ayni paytda 8 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Koreya Respublikasida Puchon universitetining ikkita ta’lim maskani bor, ammo bu uning birinchi chet el filialidir.
Universitetda o‘quv jarayoni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablarini inobatga olgan holda Puchon universiteti o‘quv rejalari va standartlari asosida amalga oshiriladi. O‘qituvchi va professorlar tarkibini Puchon universiteti (Koreya Respublikasi) va O‘zbekiston Respublikasining eng yaxshi mutaxassislari tashkil etadi. To‘lov kontrakti miqdori ham shunga yarasha — yiliga 28 250 000 so‘m.
8. Toshkentdagi Vebster universiteti. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4245 son «Toshkent shahrida Vebster universitetining ta’lim dasturlarini amalga oshirish Markazini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq 14 ta bakalavriat yo‘nalishi va 16 magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi belgilab berilgan.
Foto: «Webster edu»
Vebster universiteti dunyodagi eng kuchli oliygohlar mingtaligiga kiradi va oxirgi 5 yilda 600–800 o‘rinlarda baholanib kelmoqda. U dunyoning jami 8 ta mamlakatida: AQSH, Avstriya, Niderlandiya, Gresiya, Shveysariya, Xitoy, Gana va O‘zbekistonda 10 dan ziyod kampusga ega. Bugungi kunda Toshkent shahridagi markazdan tashqari O‘zbekiston hududida TDIU, O‘zDJTU, TATUda qo‘shma dasturlar asosida magistratura bo‘yicha kadrlar tayyorlash o‘tgan yildan boshlab yo‘lga qo‘yilgan. To‘lov kontrakti summasi — 27 400 000 so‘m.
9. Yodju texnika instituti. 2018 yil 24 iyul sanasida Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan davlat lisenziyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasidagi oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi muassasa maqomiga ega bo‘ldi.
Hozirgi kunda institutda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim berilmoqda: arxitektura va shaharsozlik, qurilish, muqobil energiya, turizm, biznesni boshqarish, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro marketing, boshlang‘ich ta’lim, maktabgacha ta’lim, koreys tili filologiyasi, liboslar dizayni, chiroy estetikasi, buxgalteriya, bank ishi, moliya, ingliz tili ta’limi, axborot tizimlar muhandisligi va lift muhandisligi. Bir yillik to‘lov shartnoma miqdori 26 million so‘mni tashkil etadi.
10. «Amity» universiteti. Toshkent shahridagi «Amity» universiteti boshlang‘ich, bakalavriat va magistratura bosqichlarda oliy ta’limning turli yo‘nalishlarida, jumladan, axborot texnologiyalari, menejment, iqtisodiyot va turizm bo‘yicha kasbga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlarini taklif etadi. Ta’lim dargohi «Amity Group»ning tadqiqotlarga yo‘naltirilganligidan kelib chiqib, Hindistonda eng ko‘p miqdordagi patentlarni olish xususiyati bilan ajralib turadi. «Amity», shuningdek, Hindistondagi eng yirik grantlar dasturiga ega, unga ko‘ra 25 000 dan ortiq stipendiyalar ajratilgan. Universitetda o‘qishning bir yillik narxi 25 350 00 so‘mni tashkil qiladi.