Magistraturaga qabul diplom baliga qarab bo‘ladimi yoki sertifikat darajasiga?
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 20-dekabrdan 10-yanvarga qadar magistraturaga qishki qabul davom etishi belgilangan. Bunda istisno tarzda til bilish sertifikati darajasi so‘ralmaydigan bo‘ldi. Ya’ni qanday darajadagi sertifikat bo‘lishidan qat’i nazar, magistraturaga qabul qilinishi mumkin, ammo kelgusida toki bitirgungacha talab etilgan darajani olishi kerak, yo‘qsa magistrlik diplomi berilmaydi.
Aslida qonunchilikda talab etiladigan daraja:➖ filologik yo‘nalishlarga - C1;➖ boshqa barcha yo‘nalishga - B2.
Xushnudbek Xudoyberdiyev ayrim abituriyentlar tomonidan berilgan “Magistraturaga qabul diplom baliga qarab bo‘ladimi yoki sertifikat darajasiga?” degan savolga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mas’ullari bilan bog‘lanib quyidagicha javob bermoqda.
Demak, vazirlik izohi quyidagicha bo‘ldi:
- eng avvalo qonunchilikda belgilangan til sertifikati darajasi asosida diplomdagi o‘zlashtirish baliga qarab saralash bo‘ladi;
- undan so‘ng, kvotada bo‘sh joylar mavjud bo‘lsa, ana undan keyin belgilangan darajadan past bo‘lgan sertifikatga ega abituriyentlar o‘rtasida yana diplom baliga qarab saralanadi va qabul qilinadi.
Misol tariqasida quyidagi 4 nafar abituriyent nofilologik yo‘nalishga topshirgan deylik:
Ali — diplom bali 82, sertifikat C1;Nigora — 87, B2;Vali — 80, B1;Sabohat — 88, A2.
Bunda yakuniy natija quyidagicha bo‘ladi:
1. Nigora — 87, B2;2. Ali — 82, C1.
Agar kvotada qo‘shimcha o‘rin bo‘lsa, ana undan keyin talab etilgan B2 darajadan past bo‘lgan sertifikat egalari saralanadi:
3. Sabohat — 88, A2;4. Vali — 80, B1.
Ko‘rib turganingizdek, saralashda diplom baliga qaralmoqda, sertifikat darajasiga emas. Ammo qonunchilikda talab etilgan sertifikat darajasiga ega bo‘lganlar birinchi navbatda tavsiya etiladi. Kvotada bo‘sh joy ortib qolsa, shundan keyin istisno tarzida talabdan pastroq bo‘lgan darajadagi sertifikat egalariga imkon beriladi.
Vazirlik mas’ullarining ta’kidlashicha, ushbu tartib qonunchilikda belgilangan darajadagi yuqori ko‘rsatkichli til sertifikatiga ega abituriyentlarga nisbatan adolatli bo‘ladi.