Milliy sertifikat imtihon natijasi qanday hisoblanadi?
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
Sertifikat test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi.
Test sinovi natijalari ular yakunlangan kundan boshlab yigirma ish kunidan kechikmay Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Bunda, eng yuqori ballning 60 foizdan 85 foizigacha to‘plagan abituriyentga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) hamda 86 foiz va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentga eng yuqori ball beriladi.
Ya’ni sertifikat qaysi fandan olingan bo‘lsa, shu fanning fanlar majmuasidagi o‘rniga qarab mos ravishda maksimal ballning ma’lum foizi beriladi.
Masalan, matematika fanidan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentning sertifikatdagi o‘zlashtirishi 60 foiz, matematika fanining fanlar majmuasidagi o‘rni birinchi (har bir to‘g‘ri javob uchun 3,2 ball, 30 ta test topshirig‘iga maksimal 96 ball) bo‘lsa, uning 60 foizi 57,6 ballni tashkil etadi (3,2*30=96 ball, 96*60/100=57,6). Agar abituriyentning sertifikatdagi o‘zlashtirishi 80 foiz bo‘lsa, 76,8 ballni tashkil etadi (3,2*30=96 ball, 96*80/100=76,8).
Sertifikat test sinovidan ijobiy (60 va undan yuqori foiz) natijaga erishgan talabgorga test sinovi natijalari e’lon qilingan kundan boshlab bir hafta mobaynida elektron shaklda beriladi. Talabgor sertifikatni shaxsiy kabineti orqali yuklab olishi mumkin.