Dissertatsiya tayyorlamasdan PhD darajasini olishga ruxsat berilmoqda

05.12.2022 11:18
Dissertatsiya tayyorlamasdan PhD darajasini olishga ruxsat berilmoqda
Ilmga tikilgan sarmoya - eng yaxshi investitsiyadir
– Registon o‘quv markazi

Dissertatsiya tayyorlamasdan PhD ilmiy darajasini olishga ruxsat berilishi mumkin. Prezidentning bu boradagi tegishli qarori loyihasi e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, quyidagi takliflarga ruxsat berilmoqda:

- dissertatsiya tayyorlamasdan oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar kengashlari qarori bilan nashr etilgan yakka mualliflikdagi monografiya taqdimnomasi muhokamasi asosida ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash qaroriga ko‘ra falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish;

- dissertatsiya tayyorlamasdan aniq vazifalarni hal etish bo‘yicha ilmiy ishlanmalar, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ilg‘or texnologik ishlanmalar muallifiga taqdimnomani Yoshlar akademiyasi Kengashning tavsiyasi asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish (tibbiyot fanlari bundan mustasno);

- dissertatsiya tayyorlamasdan muayyan tarixiy, siyosiy, arxitektura va san’atshunoslik yo‘nalishidagi tadqiqot natijalari bo‘yicha kamida to‘rtta ilmiy yangiligi taqdimoti «O‘zbekiston tarixi» telekanalida o‘tkazilgan va ilmiy yangiliklari badiiy yoki hujjatli filmlar ssenariylarida foydalanilganligi bo‘yicha taqdimnoma va ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash qarori asosida tadqiqot muallifiga o‘rnatilgan tartibda tarix, siyosiy, arxitektura va san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish;

- fan doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tarkibiga Xirsh indeksi kamida ikki bo‘lgan yuqori malakali va tajribali professor ilmiy unvoniga ega bo‘lgan fan nomzodi, falsafa doktorini (PhD) kiritish;

- dissertatsiyalarni yetakchi tashkilotda qo‘shimcha muhokamadan o‘tkazish tartibini bekor qilish;

- ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashda talabgorlarni ilmiy darajada tasdiqlashni «ochiq» ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlash amaliyotini yo‘lga qo‘ygan holda ilmiy kengashda ovoz berish jarayonini o‘tkazuvchi hisob komissiyasini tuzish va «yopiq» ovoz berish tartibini bekor qilish;

- barcha fanlar bo‘yicha dissertatsiyalarning ilmiy seminarlardagi muhokamasi va ochiq himoyasini o‘tkazish jarayonini internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatish amaliyotini joriy etish.

Qayd etilishicha, 2023-yil 1-yanvardan boshlab,

- falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalariga talabgorlar tomonidan «Scopus» va «Web of Science» xalqaro ilmiy-texnik bazalar ro‘yxatidagi nufuzli ixtisoslashgan ilmiy nashrlarda maqolalar chop etish talabi bosqichma-bosqich joriy qilinadi;

- oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga talabgorlarni qabul qilishda ularning tayyorgarlik darjasini baholash sifatini oshirish va ularning mazkur institutlarga qabul qilinganidan keyingi davrini to‘laligicha tadqiqot sifatiga qaratish maqsadida malakaviy imtihonlarni qabul qilish amaliyoti bekor qilinadi.

Shuningdek, sinov tariqasida uch yil muddatga 2023-yil 1-yanvardan boshlab:

jamiyatni ma’naviy yuksaltirish va ta’lim-tarbiya jarayoni sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etgan tarix, falsafa, filologiya, yuridik, arxitektura, san’atshunoslik, pedagogika va psixologiya fanlari bo‘yicha talabgorlarni falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalari mustaqil tasdiqlash vakolati oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarga;

ilmiy unvonlarda mustaqil tasdiqlash vakolati akademik va moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkilotlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilotlar kengashlariga beriladi.