Davlat grantida qabul 25 foizga oshirilishi, ehtiyojmand oilalar qizlariga ajratiladigan grantlar 2 barobarga ko‘paytiriladi - Oliy Majlis.

11-iyun 09:12
Davlat grantida qabul 25 foizga oshirilishi,  ehtiyojmand oilalar qizlariga ajratiladigan grantlar 2 barobarga ko‘paytiriladi - Oliy Majlis.

2021-2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga davlat grantida qabul ko‘rsatkichlari 25 foizga oshiriladi. Bu 2021 yil uchun davlat budjeti parametrlariga kiritilayotgan o‘zgartirishda belgilanmoqda.

8 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2021 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritish haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi va qabul qilindi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, hujjatda 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga davlat grantida qabul ko‘rsatkichlari 25 foizga oshirilishi, ehtiyojmand oilalar qizlariga ajratiladigan grantlar 2 barobarga ko‘paytirilib, ular soni 2 mingga yetkazilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida olis hududlarda birlamchi va ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish, ehtiyojmand aholi uchun skrining va davolash tadbirlariga xususiy shifoxonalar jalb qilish, ularga subsidiya ajratishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Budjetdan qo‘shimcha mablag‘lar ajratilib, endokrin kasalliklarni erta aniqlash va davolash maqsadida muassasalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash belgilanmoqda.

Manbaga ko‘ra, budjetga kiritilayotgan o‘zgarishlar oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlar tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ichki yo‘llar va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga xizmat qiladi.