Samarqand davlat tibbiyot instituti universitetga aylantiriladi
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Samarqand davlat tibbiyot universitetini tashkil etish va sohada kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori bilan Samarqand davlat tibbiyot instituti Samarqand davlat tibbiyot universiteti deb qayta tashkil etilmoqda.
Samarqand tumani, O‘rtashiq qishlog‘ida joylashgan Samarqand viloyati salomatlikni tiklash shifoxonasi negizida Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot instituti;
Samarqand davlat tibbiyot institutining birinchi va ikkinchi klinikalari negizida Samarqand davlat tibbiyot universitetining
ko‘p tarmoqli klinikasi va Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi;
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining L.M.Isayev nomidagi filiali va uning klinikasi negizida Universitet huzuridagi L.M.Isayev nomidagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti va uning klinikasi;
Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi;
Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazi.
Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanmoqda:
- uzluksiz tibbiy-kasbiy ta’lim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
- o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va innovatsion o‘quv-metodik materiallarni keng joriy etish, klinika va o‘quv bazalari faoliyatida nazariy bilim hamda amaliyotning uyg‘unligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratish;
- fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolarning yechimiga qaratish, tibbiy ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bog‘liqligini ta’minlash;
- xorijiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish va rivojlantirish;
- Universitet ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirib borish, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilarning nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishlarini ta’minlash;
- respublika va xorijiy oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari va kadrlar buyurtmachilari bilan hamkorlikda tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va simpoziumlar tashkil etish;
- Universitet moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish va mustahkamlash, simulyatsion markaz, o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash;
- Samarqand viloyati hamda qo‘shni hududlar sog‘liqni saqlash tizimi ehtiyojlarini va muammolarini muntazam o‘rganib borish, ularni vakolati doirasida bartaraf etish maqsadida sog‘liqni saqlash tizimi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida uzviy hamkorlikdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yish.
Samarqand davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan talabalar Universitetda mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida o‘qishini davom ettiradi hamda bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda davlat namunasidagi Universitet diplomi beriladi.
Universitetning tarkibiy tuzilmalari rahbarlari Universitet Kengashining taqdimnomasiga ko‘ra sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Samarqand viloyati Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlari universitetga biriktiriladi.