Toshkentda «Diplomat university» nomli universitet ochiladi.
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Oliy o‘quv yurtida iqtisodiyot, axborot texnologiyalari, huquqshunoslik, xalqaro munosabatlar yo‘nalishlarida ta’lim beriladi.
Hukumatning «Diplomat university» nodavlat oliy ta’lim tashkiloti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hujjatda «Diplomat university» oliy o‘quv yurtini tashkil etish belgilanmoqda.
Qaror loyihasiga ko‘ra, universitet ta’lim dasturi O‘zbekiston va dunyodagi yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlari ta’lim dasturlari bilan hamohang tarzda ishlab chiqiladi. O‘quv jarayoniga chet el yetakchi universitetlarining professor-o‘qituvchilari, olimlar va mutaxassislar jalb etiladi. Universitet o‘qituvchilari malaka oshirish va qayta tayyorlash uchun nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlari va ilmiy muassasalariga amaliyotga jo‘natiladi.
Belgilanishicha, «Diplomat university»ga «The times higher education» TOP-1000 reytingiga kiritilgan chet el universitetlarining O‘zbekistondagi filialini ochish huquqi beriladi.
Universitetda o‘qitish o‘zbek, rus hamda ingliz tillarida ta’limning kunduzgi, masofaviy (onlayn) va kechki shakllarida, kredit tizimiga asoslangan holda amalga oshiriladi.
Qaror loyihasiga muvofiq, universitetda:
- iqtisodiyot, axborot texnologiyalari, huquqshunoslik, xalqaro munosabatlar yo‘nalishlarida ta’lim berilishi;
- bitiruvchilariga respublikada oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan diplom berilishi;
- o‘quv dasturining ma’lum talablari va shartlarini bajargan talaba universitetni tugatgach, ikkita mutaxassislik (double major) yoki asosiy va turdosh mutaxassislik (major+minor) bo‘yicha diplom olishi mumkinligi tasdiqlanyapti.
Qarorga binoan, universitet Toshkent shahrida faoliyat yuritadi. 2022 yil 1 avgustga qadar barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan ozod qilinadi.
Avvalroq, poytaxtda Toshkent amaliy fanlar universitetini tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani, shaharda nodavlat Yaponiya raqamli universiteti tashkil etilgani xabar qilingandi.