“Usti yaltiroq” raqamlar: xorijda o‘zbek talabalar ko‘plikka ko‘p, lekin...
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
O‘zbekiston talabalari xorijda o‘qiyotgan davlatlar orasida faxrli 5-o‘rinda qayd etildi. Ammo chetda o‘qish – o‘zbek yoshlarining aksariyati uchun ma’lum muddatdan keyin o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish yoki diplomli bo‘lishning “innovatsion” usuliga aylanib qolgan.
YuNESKOning xorijda tahsil olayotgan talabalar bo‘yicha 2021 yildagi hisobotiga ko‘ra, 109 ming 945 nafar o‘zbekistonlik chet elda tahsil olyapti. Albatta, bu ko‘zni quvontiradigan, qandaydir umidbaxsh hissiyotlar beradigan raqamlar. Ammo vaziyat chuqurroq tahlil qilib ko‘rilsa, bu borada jiddiy muammolar borligini ko‘rish mumkin.
Nega chet elda o‘qiyotgan o‘zbekistonliklar soni keskin ko‘paydi?
Xorijda tahsil olayotgan o‘zbek talabalar soni 2015 yilda 28,1 ming nafarni, 2016 yilda esa 32,9 ming nafarni tashkil etgan. 2015-2021 yillar oralig‘ida ularning soni qariyb 4 barobarga oshgan. Bunga quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Birinchidan, uzoq yillar davomida oliy ta’limdagi talab va taklif orasida katta nomutanosiblik mavjud edi. Masalan, 2015/2016 o‘quv yilida bakalavr ta’lim yo‘nalishiga 57 ming 907 nafar talaba (taqqoslash uchun, 2023/2024 o‘quv yilida 193 ming 421 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan) qabul qilingan. Ushbu davrda talabalik yoshidagi aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinish darajasi 9 foizdan oshmagan, sohani davlat g‘aznasidan moliyalashtirish mamlakat yalpi ichki mahsulotining atigi 0,4 foizini tashkil etgan. Bu jahondagi eng yomon ko‘rsatkichlardan biri bo‘lgan.
Natijada 4-5 yillab universitetga kirolmagan, katta “abituriyentlar armiyasi” shakllangan edi va ularning soni yildan yilga oshib borardi. Hukumat almashinuvi fonida qo‘shni va qardosh mamlakatlar bilan aloqalarning yaxshilanishi, o‘qishni ko‘chirish va xorijda olingan diplomlarni tan olishning nisbatan soddalashtirilishi o‘n minglab yoshlarni, birinchi navbatda, chegaradosh mamlakatlar va possovet mamlakatlari OTM tomon undaydi.
Turli yillardagi abituriyentlar soni va ular uchun ajratilgan qabul kvotalari miqdori
Ikkinchidan, davlat hisobidan iqtidorli yoshlarning xorijda ta’lim olishini tashkil etish qayta yo‘lga qo‘yildi. Shu maqsadda 2018 yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tuzildi. Ya’ni sifatli ta’lim olishga bo‘lgan intilish, oxirgi yillarda aholi daromadining oshishi, xalqaro universitetlar bilan o‘rnatilgan ikki tomonlama hamkorlik aloqalari ham xorijda tahsil olayotgan talabalar soni oshishini rag‘batlantirdi.
Uchinchidan, o‘zbek yoshlari orasida ingliz tilini bilish darajasi yildan yilga yaxshilanyapti. Chet tili bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega talabalarning test sinovlaridan ozod etilishi ham bu narsani qo‘llab-quvvatladi. Shu jihatdan, aksariyat yoshlar mobillashdi va O‘zbekistondagi OTMda o‘qishdan ko‘ra, sifatliroq ta’lim beruvchi va yaxshiroq imkoniyatlarni taqdim etuvchi xorijiy universitetlarda tahsil olishni afzal ko‘ryapti.
O‘zbekistonliklar asosan qaysi davlatlarda o‘qishyapti?
Yuqorida qariyb 110 ming o‘zbekistonlik talabaning xorijda o‘qiyotgani haqidagi YuNESKO tomonidan e’lon qilingan statistik raqamlar keltirib o‘tilgandi. Xo‘sh, ushbu talabalar qaysi davlatlarda tahsil olyapti.
Qirg‘iziston Ta’lim va fan vazirligining 2022 yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat OTMda 38 ming 857 nafar o‘zbekistonlik talaba o‘qigan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 40 282 nafarga yetgan.
Qozog‘istonda o‘qiyotgan o‘zbek talabalarning soni 2020 yilda 14 ming 235 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yilda 9 ming 571 nafargacha kamaygan. Qozog‘istonda o‘qiyotgan talabalar sonining kamayishini 2020 yilda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qarori bilan qo‘shni davlatlarda tahsil olayotgan o‘zbekistonlikning mahalliy oliy o‘quv yurtlariga qo‘shimcha imtihonlarsiz o‘tishga ruxsat berilgani bilan izohlash mumkin. O‘sha paytda “perevod”larning katta qismi Qozog‘istondan amalga oshirilgandi.
Rossiya Ta’lim va fan vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda ushbu mamlakatda o‘qiyotgan o‘zbek talabalari soni 48,7 ming nafarni tashkil etgan. Ma’lumki, so‘nggi yillarda Rossiya OTMlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari ko‘payyapti (ularning ko‘pida o‘qishning yarmini Rossiyada davom ettirish ko‘zda tutilgan).
Shuningdek, 2023 yilda Janubiy Koreyada 12 mingdan ortiq, Tojikiston OTMda esa 5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba o‘qigan.
Muammo nimada?
Xorijda o‘qiydigan o‘zbek talabalarning taxminan 90 foizdan ko‘proq qismi Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda tahsil oladi. Ushbu mamlakatlarda ta’lim olish nimasi bilan o‘zbek yoshlarini bunchalik o‘ziga jalb qilyapti? Masalaning eng muhim jihati ham shu yerda.
Oxirgi yillarda konsalting firmalar tomonidan tarqatilayotgan “Qo‘shni mamlakatda imtihonsiz talaba bo‘l, O‘zbekistonda 2-bosqichdan muammosiz o‘qi”, “Biror marta bormasdan 1-kursni tugatish mumkin” degan mazmundagi e’lonlarga duch kelgan bo‘lsangiz kerak. Ya’ni o‘zbekistonlik talabalar borayotgan Qirg‘iziston yoki Qozog‘istondagi ayrim ta’lim muassasalari diplom sotish bilan shug‘ullanuvchi “universitetlar”dir. Ulardagi ta’lim sifati O‘zbekistondagidan yomonroq bo‘lib, talabaga 4 yillik “xo‘rak” sifatida qarashadi. Chunki OTM o‘qish muddati tugaganidan keyin o‘zbek talabasining ishga joylashishi, qaysidir sohada mutaxassis bo‘lib yetishishi kabi ijtimoiy mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olmaydi.
Janubiy Koreya, Yaponiya kabi rivojlangan mamlakatda o‘qiyotganlarning ham katta qismini til kursiga ketganlar tashkil etadi. Ular uchun ham asosiy maqsad – viza olish, shu sababdan ham ketganlarning ko‘pi o‘qishni oxirigacha yetkazmaydi.
To‘g‘ri, O‘zbekiston ta’lim tizimining sifat jihatdan o‘nglanmayotgani fonida chetga o‘qishga ketayotgan yoshlarning soni yildan yilga oshib boryapti. Masalan, o‘tgan yilda AQShda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 1000 nafardan ko‘paygan. Bu o‘ziga xos yangi rekord ko‘rsatkichdir. Ammo qo‘shni respublikalar va sobiq possovet mamlakatlariga o‘qish uchun borayotganlarning aksariyati 2 ta maqsad – o‘qishni ma’lum muddatdan keyin O‘zbekistonga ko‘chirish (oxirgi yillarda O‘zbekistonda o‘qishga kirish osonlashgan bo‘lsa-da, tibbiyot yoki yuridik yo‘nalishlarida kuchli raqobat saqlanib qolgan) yoki diplomli bo‘lishni ko‘zlagan.
Doston Ahrorov