Xususiy OTMlarga litsenziya berish nomaʼlum muddatga to‘xtatildi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Xususiy universitetlarga litsenziya berish to‘xtatilgan
O‘zbekistonda xususiy oliy taʼlim muassasalariga litsenziya berish to‘xtatilgan. Bu haqda YouTubeʼdagi “Lolazor” podkastida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov maʼlum qildi.
Qo‘ng‘irotboy Sharipovning aytishicha, ayrim xususiy OTMlar qo‘yilgan talablarni bajara olmayapti. Shuning uchun boshqalarga litsenziya berish nomaʼlum muddatga to‘xtatilgan.
“Hozir bor universitetlar bilan taʼlim sifati bo‘yicha ishlanyapti. Har bir OTMga nechta o‘rin bo‘lishi kerakligi va boshqa masalalarda qo‘yilgan talablar mavjud. Barcha OTMlar tekshiruvdan o‘tkazilyapti. Qaysi bir xususiy OTMda salohiyat yetmay, hajm bo‘yicha muammolar bo‘lsa, unga xat yuborilib, maʼlum vaqt davomida kamchiliklarini to‘g‘rilashi aytilmoqda. To‘g‘rilasa, uning faoliyatiga halal berilmayapti. Talabga javob bermasa, sudga berilyapti. Beshta OTM sudga berildi. Sud jarayonida ular o‘zlarini oqlasa, litsenziyasini saqlab qolyapti. Talabga javob bermayotgan bo‘lsa, uni yopilishi bo‘yicha qaror chiqarilyapti,” dedi vazir.
Qo‘ng‘irotboy Sharipovning qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda faqat xususiy OTMlarga emas, balki davlat OTMlar uchun ham talablar kuchaytirilgan.
“Davlat OTMlarini ham tekshiruvdan o‘tkazib turamiz. Ko‘p davlat OTMlarida ham talabga javob bermaydigan yo‘nalishlar yopiladi. Xususiylarda ham xuddi shunday, talabga javob bermagan yo‘nalishlari yopilishi mumkin,” dedi vazirlik rahbari.
Qo‘ng‘irotboy Sharipov fikri davomida hozir O‘zbekiston OTMlari uchun o‘tish davri ekanini aytib, xususiy universitetlarga litsenziya berish butunlay emas, vaqtincha to‘xtatilganini eslatdi.
Avvalroq Oʻzbekistonda davlat universitetlarining 20 tasi yopilishi rejalashtirilmoqdaligi haqida xabar bergandik.