Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Yangi qabul kvotalari haqida bilishingiz kerak bo‘lganlar

30-iyul 18:14
Yangi qabul kvotalari haqida bilishingiz kerak bo‘lganlar

Biroz avval e’lon qilingan kvotalar bo‘yicha ko‘pchilikda savol tug‘ilgani tabiiy. Prezident farmoyishi bilan tasdiqlangan joriy yilgi kvotalar avvalgilaridan bir qancha farqlarga ega:

Kvotalarning asosiy farqlari:

  1. Yo‘nalishlar kesimida e’lon qilindi: Kvotalar oliy ta’lim muassasalari (OTM) kesimida emas, balki yo‘nalishlar kesimida e’lon qilindi.
  2. Faqat davlat granti uchun e’lon qilindi: Kvotalar faqat davlat granti uchun e’lon qilindi, to‘lov-kontrakt uchun kvotalar mavjud emas.
  3. Faqat kunduzgi ta’lim uchun e’lon qilindi: Kvotalar faqat kunduzgi ta’lim shakli uchun e’lon qilindi, sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakllari uchun kvotalar mavjud emas.

Kvotalar qachon va kim tomonidan e’lon qilinadi?

Batafsil kvotalar Davlat qabul komissiyasi tomonidan e’lon qilinadi. Odatda bu yana 1 haftacha muddatni talab qiladi. Prezident umumiy kvotani tasdiqlagach, batafsil kvotalarni yana kutish kerak bo‘ladi.

Davlat qabul komissiyasi nimalarni tasdiqlaydi?

Davlat qabul komissiyasi 2024/2025-o‘quv yili uchun quyidagilarni tasdiqlashini kutishimiz kerak:

  • Umumiy qabul parametrlarini (oliygohlar, ta’lim shakllari va tillar kesimida).
  • Qo‘shimcha qabul parametrlarini (imtiyozga ega abituriyentlar uchun).
  • Maqsadli qabul kvotalarini va ushbu kvotalarning tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini.
  • O‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish balini.
  • Umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushini.

Grant kvotasi yo‘nalishlar kesimida qanday taqsimlanadi?

Joriy yildan boshlab davlat grantlari oliygohlarga emas, balki yo‘nalishlarga ajratiladi. Masalan, Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) uchun aniq grant kvotasi bo‘lmaydi. Balki yurisprudensiya yo‘nalishi uchun umumiy grant kvotasi ajratiladi.

Bunda respublikadagi barcha oliygohlardagi yurisprudensiya yo‘nalishiga topshirgan abituriyentlar orasida kvota doirasida eng yuqori ball to‘plaganlari, qaysi OTMga topshirganidan qat’i nazar, grantga kiradi. Bu degani endi ayrim oliygohlarda grantga kirgan bironta talaba bo‘lmasligi mumkin.

Aniq misol:

Joriy yilda yurisprudensiya yo‘nalishi uchun 115 ta grant kvotasi ajratildi. TDYU, O‘zMU, QDU, SamDU va NamDUda yurisprudensiya yo‘nalishi bor deylik. Mana shu 5 ta oliygohning yurisprudensiya yo‘nalishiga topshirgan barcha abituriyentlar ballar ketma-ketligida taxlab chiqiladi va eng yuqori ball olgan 115 nafar abituriyentga grant beriladi. Masalan:

  • TDYUga 50 ta grant,
  • O‘zMUga 25 ta grant,
  • QDUga 20 ta grant

Shu tariqa davlat endi falon universitetga grant beraman, degandan ko‘ra, ma’lum bir yo‘nalishga topshirgan va yuqori ball olgan aqlli abituriyentlarga grant beraman, deyapti. Bu degani endi qaysidir oliygohga 160 ball bilan kontraktga kirib, boshqa bir oliygohda xuddi shu yo‘nalishga 100 ball bilan grantga kirish degan narsa yo‘qoladi.

Cheklovlar:

Davlat grantining barcha kvotasini bitta oliygoh olib qo‘ymasligi uchun cheklovlar qo‘yiladi. Masalan, 115 ta kvotaning hammasi TDYUga to‘g‘ri kelib qolsa, 50%lik cheklov qo‘yiladi. Ya’ni TDYU faqat 115 ta kvotaning yarmini, ya’ni 57 ta grant kvotasini olishi mumkin.

Xulosa:

Hozircha kvotalar to‘liq tasdiqlanmadi, shuning uchun oliygohlar, to‘lov-kontrakt, ta’lim shakllari va tillar kesimidagi kvotalar tasdiqlanishini kutish kerak. Bu jarayon Bosh vazir raisligidagi Davlat qabul komissiyasiga bog‘liq.