Nomli Davlat stipendiyalar kimlarga beriladi? Davlat stipendiyalari haqida batafsil.
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra har yili mamlakatimizda qobiliyatli yoshlarni rag‘batlantirish, ularni faol yaratuvchilik faoliyatiga keng jalb etish, iqtidorli o‘quvchilar, talabalar va magistrantlarni qo‘llab-quvvatlash, hamda munosib taqdirlashga alohida e’tibor berib kelinmoqda.
Har yili oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi davomida a’lo baholarga o‘qiyotgan va ilmiy (ijodiy) ishlarda faol ishtirok etayotgan oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat stipendiyalari tayinlanib kelinmoqda. OLIYGOH.UZ jamoasi iqtidorli talabalar uchun davlat stipendiyalari tanlovida ishtirok etish, nomzodlar uchun kerakli hujjatlar va nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida sodda tilda batafsil to‘xtalib o‘tadi.
Qanday nomli davlat stipendiyalari bor?
"O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida" Vazirlar Mahkamasining 226-son (13.10.2008) Qaroriga binoan, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bo‘yicha o‘qiyotgan talabalariga quyida nomdagi Davlat stipendiyalari joriy etilgan. Bular:
- Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi;
- Ibn Sino nomidagi davlat stipendiyasi;
- Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi;
- Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiyasi;
- Imom al-Buxoriy nomidagi davlat stipendiyasi;
- Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi.
- To‘lepbergen Qaipbergenov nomli davlat stipendiyalari
- Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari
Nomli davlat stipendiyalari qaysi kurs talabalariga beriladi?
Nomli davlat stipendiyalari bakalavriat bo‘yicha o‘qiyotgan oxirgi ikki kurs talabalariga tayinlanadi. Masalan, 4 yillik o‘qishda 3-4 kurslar, 6 yillik o‘qishlarda esa 5-6 kurs talabalariga tayinlanadi.
- Davlat stipendiyalari soni kelgusi o‘quv yili uchun joriy o‘quv yili oxirida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Talabaga stipendiya berishda qaysi mezonlarga qaraladi?
Stipendiyalarni tayinlash uchun quyidagi mezonlarni bajarish belgilanadi:
- a’lo o‘qish va ilmiy (ijodiy) ishlarda ishtirok etish;
- tillarni — davlat tilini va bitta xorijiy (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) tilni bilish, bakalavriatdagi ta’lim yo‘nalishi xorijiy til hisoblangan alohida hollarda qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish; O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar uchun esa o‘qish olib boriladigan tilni qo‘shimcha ravishda bilish talab qilinadi;
Stipendiyaga sazovor bo‘lgan talabalarga maxsus guvohnomalar beriladi va talabalarning o‘qish joyida tantanali vaziyatda topshiriladi.
Qanday hujjatlar topshirish kerak?
Davlat stipendiyasiga talabgorlar dastlabki ko‘rib chiqish uchun ilmiy kengashga quyidagilarni taqdim qiladilar:
- sinov daftarchasidan ko‘chirma;
- dekanat, kafedraning tavsiyanomasi;
- ilmiy (ijodiy) ish rahbarining fikr-mulohazasi;
- ilmiy (ijodiy) ishlar nusxasi
- ilmiy (ijodiy) yutuqlar nusxasi (diplom, sertifikat, tashakkurnoma va h.k)
- tillar kafedrasining suhbat natijalari haqidagi ma’lumotnomasi.
Talaba oliygohda Iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limiga hujjatlarni topshiradi. Barcha hujjatlar jildga tikilgan yoki papkaga joylangan holda taqdim etiladi. Muqovada davlat stipendiyasining nomi, talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, fakulteti, kursi, guruhi ko‘rsatiladi. Talaba tahsil olayotgan oliygoh o‘zining talablaridan kelib chiqqan holda qo‘shimcha hujjatlar talab qilishi mumkin. OTM ma’muriyati ilmiy kengash qarori asosida stipendiya tayinlash haqida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga tavsiyanoma jo‘natadi.
Vazirlik tomonidan qachon ko‘rib chiqiladi?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi stipendiyalar tayinlash haqidagi tavsiyanomalarni yiliga bir marta ko‘rib chiqadi. Ko‘rib chiqish muddati — 10—30-sentabr.
Davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalarga qanday guvohnomalar beriladi?
- “Beruniy davlat stipendiyasining sohibi”;
- “Ibn Sino davlat stipendiyasining sohibi”;
- “Navoiy davlat stipendiyasining sohibi”;
- “Ulug‘bek davlat stipendiyasining sohibi”;
- “Imom al-Buxoriy davlat stipendiyasining sohibi”;
- “Islom Karimov davlat stipendiyasining sohibi”;
- “To‘lepbergen Qaipbergenov nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
- “Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyasining sohibi”.
Stipendiat bo‘lgan talabalarga qanday imtiyozlar bor?
- Davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalar bakalavriatni tugatganidan so‘ng bir yil mobaynida, tegishli mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz, grant asosida qabul qilinadilar. (Kichik izoh: Nomli davlat stipendiya sohiblari magistraturaning turdosh bo‘lmagan mutaxassisliklarga imtihonsiz qabul qilinmaydi. Agar stipendiat magistraturaning turdosh bo‘lmagan mutaxassisligiga hujjat topshirmoqchi bo‘lsa, unda ularga imtiyoz qo‘llanmaydi va umumiy asoslarda imtihonga topshirishi mumkin. Asos: Vazirlar Mahkamasining 20.06.2017 yildagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 7-bandi.)
- Davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalar o‘qishni tugatganlaridan so‘ng bir yil mobaynida magistraturada o‘qishni davom ettirish uchun xorijga yuborilayotgan yoshlar guruhlari tarkibiga kiritilishda ustunlikka ega bo‘ladilar.
DIQQAT: Talabalarni kundalik darslarni o‘zlashtirmaganlik, o‘quv intizomini va ilmiy odob-axloqni buzganlik uchun o‘quv yili mobaynida davlat stipendiyalaridan mahrum qilish davlat oliy ta’lim muassasalari taqdimnomalariga binoan tegishli vazirliklar va idoralar buyruqlari bilan amalga oshirilishi mumkin.
ESLATMA: Davlat stipendiyalariga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan talabgorlar shunga alohida e’tibor qaratishi kerakki, nomzodlar uchun qo‘yiladigan eng asosiy talab bu - ilmiy (ijodiy) ishlar hisoblanadi. Talaba bakalavr bosqichining dastlabki kursidan boshlab talaba ma’lum bir yo‘nalish va ilmiy (ijodiy) ustoz tanlab olish lozim. Shuningdek, tanlab olingan mavzu yo‘nalishida ilmiy (ijodiy) ishlarni puxta tayyorlab borish maqsadga muvofiq. Talabaning davlat stipendiyasiga munosib ekanligi asosan uning ilmiy ishlari belgilaydi. Shuning uchun ilmiy (ijodiy) ishlarga e’tibor qaratish eng muhim jarayonlardan hisoblanadi.
Isaxonov Ja’farxon, Navoiy davlat stipendiyasi sovrindori