Oliygoh.uz Aniq maqsad - g'alabaga yetaklaydi

Chet tili sertifikati qalbaki ekani aniqlansa, abituriyent imtihondan chetlashtiriladi

01-iyul 10:44
Chet tili sertifikati qalbaki ekani aniqlansa, abituriyent imtihondan chetlashtiriladi

Davlat test markazi abituriyentlar onlayn hujjat topshirishda chet tilidan imtiyoz beruvchi hujjatlarini kiritishda xatoliklarga yo‘l qo‘yishayotganini ma’lum qildi.

DTMning yozishicha, chet tillaridan sertifikatga ega abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda sertifikat qaysi chet tilidan berilgani, sertifikat turi, tilni bilish darajasi, hujjat seriyasi va raqami, sertifikat berilgan sana va sertifikat rasmini tizimga kiritadi.

«Bu ma’lumotlar sertifikatlarning haqiqiyligini tekshirish va tasdiqlashda juda muhim. Shuning uchun abituriyentlardan mazkur ma’lumotlarni kiritishda e’tiborli bo‘lish va ma’lumotlarni to‘g‘ri kiritish so‘ralmoqda.

Hozirga qadar tekshirilgan 726ta chet tili sertifikatlaridan 73tasi noto‘g‘ri kiritilgani aniqlangan. Tillar kesimida ularning 33tasi ingliz tiliga, 22tasi koreys tiliga, 17tasi xitoy tiliga, 1tasi arab tiliga to‘g‘ri keladi», deb yozmoqda DTM.

Bu sertifikatlarni kiritishda abituriyentlar quyidagi xatolarga yo‘l qo‘ymoqda:

  • imtiyoz berish uchun asos bo‘lmaydigan sertifikatlarni kiritish (o‘quv markazlari tomonidan berilgan yoki xalqaro bo‘lmagan sertifikatlar);
  • tilni bilish darajasini oshirib ko‘rsatish (B1 darajadagi sertifikatni B2 sifatida kiritish);
  • sertifikat seriyasi va raqamini to‘liq kiritmaslik yoki noto‘g‘ri kiritish;
  • amal qilish muddati tugagan sertifikatlarni kiritish;
  • sertifikat rasmini xato yuklash (boshqa rasm).

Davlat test markazi abituriyent tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abituriyent kirish imtihonlaridan (talabalikka qabul qilingan bo‘lsa, oliy ta’lim muassasasi talabalari safidan) chetlashtirilishi hamda bu haqida belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga xabar qilinishini ham eslatib o‘tgan.

Ma’lumot uchun: test sinovlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) majmuasiga chet tili fani kiritilgan barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun B2 va undan yuqori bo‘lgan darajadagi chet tili sertifikatiga ega abituriyentlarga bu fandan belgilangan maksimal ball beriladi.