
Davlat bojxona qo'mitasining bojxona instituti kirish ballari 2024
Bojxona instituti
Dunyo iqtisodiyotining globallashuvi va davlatlararo integratsiyalashuvning tezlashishi yuz berayotgan bugungi shiddatli zamon milliy bojxona organlari xodimlari oldiga nafaqat mamlakat iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash, balki tashqi iqtisodiy faoliyatni faollashtirish maqsadida uning ishtirokchilariga qulay sharoitlarni yaratish va jarayonlarni huquqiy jihatdan samarali tartibga solish kabi muhim vazifalarni yuklaydi.Muhtaram Prezidentimizning 2018 yil 2 noyabrdagi “Oʼzbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori oʼz mohiyatiga koʼra, xalqaro-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanishi va mamlakatimiz iqtisodiyotining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishni hisobga olgan holda bojxona organlari xodimlarining bilim va koʼnikmalarini, shuningdek oʼz vazifalarini samarali amalga oshirish uchun zarur boʼlgan kasbiy mahoratini oshirishni taʼminlovchi bojxona xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, soha boʼyicha ilmiy-tadqiqot masalalarini kompleks tarzda yangicha mazmun va shaklda tashkil etishga xizmat qiladigan muhim hujjat hisoblanadi.
Qarorga muvofiq, Oʼzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʼmitasining Oliy harbiy bojxona instituti Oʼzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʼmitasining Bojxona instituti etib qayta tashkil etildi va bojxona organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʼyicha ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim hamda ilmiy-metodik muassasa sifatida belgilandi.
Institutda bojxona ishi sohasidagi xalqaro standartlarni hisobga olgan holda kursantlarida tahliliy fikrlash, yangi bilimlarni mustaqil ravishda egallash va ularni amaliyotda qoʼllash koʼnikmasini rivojlantirishga yoʼnaltirilgan yangicha oʼqitish tizimini shakllantirish maqsadida ikki bosqichli “Bojxona ishi” va “Yurisprudentsiya (iqtisodiy xavfsizlikni huquqiy taʼminlash)” mutaxassisliklari bakalavrlarni hamda “Bojxona ishi (faoliyat turlari boʼyicha)” va “Soliq va bojxona huquqi” mutaxassisliklari boʼyicha magistrlarni tayyorlash amalga oshiriladi. Endilikda yurisprudentsiya mutaxassisligini tamomlagan institut bitiruvchilarining kasbiy faoliyat sohalari kengayib, nafaqat bojxona organlarida, balki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida ham xizmatni oʼtash imkoniyatiga ega boʼlishadi.
Qarorda mutaxassislar tayyorlash boʼyicha malaka talablari, oʼquv rejalari va dasturlarining amaliyotga yoʼnaltirilganlik jihatini kuchaytirish orqali kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, bitiruvchilarda yetarli amaliy koʼnikmalarni shakllantirish maqsadida 2018-2019 oʼquv yilidan nomutaxassislik fanlarning hajmini kamaytirish va mutaxassislik fanlari hajmini oshirish hisobidan uch yillik nazariy kurs hamda hududiy bojxona boshqarmalarida bir yillik stajirovka oʼtashdan iborat oʼqitish tizimi yoʼlga qoʼyiladi.
Mutaxassislik sohasidan bilim va malaka bilan birgalikda xorijiy tillardan birini mukammal bilish, kasbiy faoliyatda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish koʼnikmasiga hamda metin va bukilmas irodaga ega boʼlish zamonaviy bojxonachi uchun zarur boʼlgan muhim kompetentsiyalar sirasiga kiradi. Shu bois, kursant va tinglovchilarni psixologik bardoshliligini oshirish va xorijiy tillarni oʼrganishni zamonaviy tizimini joriy etish maqsadida Til va psixologik tayyorgarlikni rivojlantirish markazi faoliyat yuritadi.
Institut oʼquv jarayonida axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish hamda samarali boshqaruv tizimini joriy etish boʼyicha ishlab chiqiladigan Kompleks chora-tadbirlar dasturida trenajer-imitatsion komplekslar va moslashuvchan avtomatlashtirilgan trenajerlarni joriy etish hisobiga kursantlarni nazariy va amaliy tayyorlash texnologiyalarini takomillashtirish, oʼquv videofilьmlari va elektron oʼquv modullari hisobiga taʼlim resurslari bazasini shakllantirish, professor-oʼqituvchilar va kursantlarning global axborot-huquqiy resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda. Xususan, institut Аxborot resurs markazini “Elektron taʼlim” milliy tarmogʼiga begʼaraz asosda ulanishini, shuningdek Аlisher Navoiy nomidagi Oʼzbekiston Milliy kutubxonasining axborot-kutubxona fondiga va yetakchi xorijiy axborot-kutubxona resurslari fondlaridan uzluksiz foydalanish imkoniyat yaratiladi.
Shiddat bilan oʼzgarib borayotgan iqtisodiy-huquqiy voqelik zamonaviy pedagogdan doimiy ravishda oʼz ustida ishlashini, amaliyot bilan hamqadam va hamnafas boʼlishini talab etadi. Zero, malakali oʼqituvchigina yuqori taʼlim sifatini taʼminlay oladi. Аynan shu tufayli professor-oʼqituvchilar tarkibi yuqori darajadagi kasbiy va pedagogik mahoratga, shu jumladan bojxona organlarida amaliy ish tajribasiga ega boʼlgan mutaxassislar bilan mustahkamlanadi, mutaxassislik fanlari oʼqituvchilarini bevosita bojxona organlarida muddati bir yilgacha boʼlgan maqsadli rotatsiya qilish amalga oshiriladi.
Institut bojxona organlari tizimida xizmatni olib borayotgan xodimlarni yuksak kasbiy mahoratini oshirish, bojxona faoliyatining tegishli sohalarida boshqaruv koʼnikmasini rivojlantirish kabi muhim vazifalarni ham bajaradi. Qaror bilan bojxona organlari rahbar kadrlarini tayyorlash uchun oʼqish muddati 3 oydan iborat boʼlgan “Bojxona menejmenti” oliy kurslari joriy etilganligi bu boradagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.
Soha boʼyicha kursantlarda chuqur bilimlarni shakllantirish tizimini oʼqitishning zamonaviy innovatsion shakl va usullari, pedagogik texnologiyalarga asoslangan oʼquv-uslubiy taʼminotisiz tasavvur qilish qiyin. Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda institutda oʼqitiladigan fanlar va predmetlar boʼyicha yangi avlod darsliklari va oʼquv qoʼllanmalari tayyorlanadi.
Shuni alohida taʼkidlash zarurki, respublikada soha boʼyicha yagona taʼlim va ilmiy-metodik muassassa sifatida institutda bojxona nazoratini takomillashtirishga doir mamlakat iqtisodiy xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolari boʼyicha ilmiy-tadqiqotlar amalga oshiriladi hamda ilmiy ishlanmalarning natijalari oʼquv jarayoniga va bojxona amaliyotiga joriy etilishi taʼminlanadi. Bojxona ishining dolzarb muammolari boʼyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, natijalarini chop etish uchun Institut huzurida “Oʼzbekiston bojxona axborotnomasi” davriy ilmiy jurnali faoliyat yuritadi.
Qarorda institut professor-oʼqituvchilarini moddiy ragʼbatlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Shu maqsadda institut xodimlariga Davlat bojxona qoʼmitasining Maxsus jamgʼarma mablagʼlari hisobidan lavozim maoshining 70 foizi miqdorida oylik ustama belgilandi.
Qaror bilan mustahkamlangan yana bir yangilik shundan iboratki, institut faoliyatidagi xalqaro hamkorlik yoʼnalishidagi ishlar kadrlar tayyorlash, professor-oʼqituvchilarning malakasini oshirish va stajirovkasini oʼtkazishda sohaviy yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashishga asoslanadi. Bakalavriat va magistratura yoʼnalishlari boʼyicha yetakchi xorijiy ixtisoslashtirilgan maʼlim muassasalari bilan qoʼshma taʼlim dasturlari joriy etiladi.
Xulosa oʼrnida aytganda, mazkur hujjat bilan respublikamizda professional bojxona xodimlarini tayyorlaydigan taʼlim muassasasining nafaqat vazifalari, balki kadrlarni tayyorlash uslubiyoti ham tubdan oʼzgaradi. Bundan koʼzlangan asosiy maqsad innovatsion iqtisodiyot rivojlanib borayotgan, xalqaro hamkorlik tobora jadallashib borayotgan sharoitda mamlakat iqtisodiy xavfsizligini taʼminlashda zamonaviy iqtisodiy va huquqiy bilimlarga va keng dunyoqarashga ega bojxonachilar safini kengaytirishdan iboratdir.