Xorij universitetlariga hujjat topshirishda bu 5 xatoni aslo qilmang!
Grant turi:
Bakalavriatura, Doktorantura, Magistratura
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Siz xorijda ta’lim olish niyatidasiz, ammo tanlagan universitetingizga hujjatlarni taqdim etish borasida yetarlicha tajribaga ega emasligingizdan tashvishdamisiz? U holda, quyidagi maqola - aynan siz uchun! Ushbu maqola orqali OLIYGOH.UZ jamoasi xorijda o‘qish niyatida bo‘lgan talabalarning hujjat topshirishda eng oddiy, ammo eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan xatolaridan 5 tasini siz bilan baham ko‘radi.
Qisqacha izoh:
Universitetga arizangiz chet elda o‘qish orzusini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan eng muhim qadamlardan biridir. Har qanday xatolar siz ko‘z oldingizga kelgan universitetdagi mukammal dasturni qo‘ldan boy berishni anglatishi mumkin.
Sizning arizangizni boshqa nomzodlarning arizalaridan ajratib ko‘rsatishning eng oddiy va samarali usuli - shunchaki ko‘pchilikda tez-tez uchraydigan quyidagi 5 ta xatoni qilmaslik.
1. Qaysidir hujjat/hujjatlar yetishmayotgan holda ariza berish:
Arizalarni rad etilishi 70% dan ortig‘ holatlarda talabalarning universitetga barcha kerakli hujjatlarni yubormaganliklari sabab sodir bo‘ladi.
Shuning uchun ham arizangizni yuborishdan oldin, universitet uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni kiritganingizni diqqat bilan tekshiring. Odatda taqdim etishingiz kerak bo‘lgan hujjatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- Pasportingiz nusxasi;
- Avvalgi bosqich diplomlari va transkriptlari (ilovalar);
- Shaxsiy bayonot;
- IELTS, TOEFL yoki boshqa ingliz tilini bilish testining natijalari.
2. Ariza to‘lovini (Application Fee) to‘lashni unutib qo‘yish:
Ko‘pgina talabalar ariza topshirayotganda ayrim universitetlar ariza uchun to‘lov to‘lashingizni so‘rashlarini tushunmasliklari mumkin. Ushbu to‘lov "Application Fee" deb nomlanib, u sizning o‘quv to‘lovlaringizdan (Tuition Fee) alohida bo‘ladi va uni ariza berish jarayonida to‘lashingiz kerak.
To‘lov qiymati odatda ko‘plab universitetlarda 85 AQSh dollarigacha bo‘lishi mumkin, ammo aniq narx qaysi davlatdagi qay bir universitetga murojaat qilganingizga bog‘liq bo‘ladi. Ariza topshirish tartiblari va talablarini tekshirish paytida bu haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lib oling.
Ariza to‘lovlarining aksariyati qaytarilmaydi (non-refundable), shuning uchun arizangiz muvaffaqiyatsiz bo‘lsa, pulingizni qaytarib olmaysiz. Ammo, agar siz birinchi navbatda uni to‘lamasangiz, arizangiz umuman ko‘rib chiqilmaydi.
Eslatma: Yuqorida ham aytganimiz kabi - barcha universitetlar ham ariza to‘lovi talab qilmaydi. Buni shunchaki tanlagan universitet va yo‘nalishingiz rasmiy saytidan tekshirib oling!
3. Amaldagi pasportga ega bo‘lmaslik:
Agarda sizning pasportingizni amal qilish muddati tugagan bo‘lsa, sizning arizangiz rad etilishi yoki kechiktirilishi mumkin. Ko‘pgina universitetlar sizning pasportingiz har doim kamida olti oyga yaroqli bo‘lishi yoki sizning dasturning tugash vaqtidan keyin ham kamida olti oy davomida amal qilishini talab qilishadi.
Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda, xorijga chiqish passportingizning amal qilish muddatiga doimo e’tiborli bo‘ling!
4. Shaxsiy bayonotdagi xatolar (Errors in Personal Statement):
Shaxsiy bayonotingiz - bu o‘zingizni tanlagan yo‘nalishingizga mos nomzod sifatida yoritib berish va universitetdagi o‘qish jarayoningiz sizga qanday shaxsiy yutuqlar keltirishini bildirish uchun imkoniyatdir. To‘g‘ri ilhomlantirilmagan yoki maqsadsiz shaxsiy bayonot sizning arizangizga zarar yetkazishi aniq. Shunday ekan yozma ishingizda doimo quyidagilarni batafsil yoriting:
- Nima uchun universitetda o‘qishni xohlayotganingizni boshqalardan ustunroq tushuntiring;
- Siz o‘rganmoqchi bo‘lgan mavzuga qiziqish va ishtiyoqingizni ko‘rsating;
- Oqishdan tashqari ishlaringiz haqida ham keng ma’lumot bering;
- Imlo yoki grammatik xatolardan holi bo‘lish uchun o‘z bayonotingizni qayta va qayta tekshiring;
- O‘zingizning bayonotingizni yozganingizdan so‘ng, uni o‘qib chiqish uchun albatta kimdandir yordam oling.
5. Arizangizni noto‘g‘ri joyga yoki shaxsga yuborish:
Har yili yuzlab chet elda o‘qishga da’vogarlar o‘zlarining murojaatlari uchun noto‘g‘ri elektron pochta manziliga yuborishlari yoki arizalariga to‘g‘ri pochta manzillarini joylashtirmasliklari sababli universitetlardan salbiy javob oladilar.
Arizangizni kerakli joyga yuborganingizga ishonch hosil qilish uchun uni topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalarni diqqat bilan o‘qing va uni qabul qilganligiga ishonch hosil qilish uchun har doim universitet bilan aloqda bo‘lishga harakat qiling.