Davlat grantida va kontraktda o‘qiyotgan talabalar uchun stipendiya tartibi

Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan talabalar stipendiyasi bo‘yicha ko‘plab savollar paydo bo‘ladi. Ayniqsa, 1-kurs talabalari uchun bu masala yanada dolzarb. Quyida talabalar stipendiyasiga oid eng muhim ma’lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.
1. Davlat granti asosida o‘qiyotgan talabalar uchun
- Barcha grant asosida o‘qiyotgan talabalar bazaviy 517 880 so‘m stipendiya oladi.
- Agar talaba semestr yakunida barcha fanlardan “a’lo” (5) baho olsa (reyting ko‘rsatkichi 86 ball va undan yuqori), unga bazaviy stipendiyaning 20% oshirilgan shakli – 621 456 so‘m tayinlanadi.
- Agar 30% yoki undan ortiq fanlardan “qoniqarli” (3) baho olsa (reyting ko‘rsatkichi 71 balldan kam), keyingi semestr davomida stipendiya to‘lanmaydi.
- Agar barcha fanlarni 5 bahoga yopmagan bo‘lsa, lekin 30% yoki undan ortiq fanlardan 3 baho ham olmagan bo‘lsa, unga oddiy 517 880 so‘m stipendiya tayinlanadi.
2. To‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar uchun
- Agar talaba stipendiyali kontrakt to‘lagan bo‘lsa, har oy bazaviy 517 880 so‘m stipendiya oladi.
- Agar talaba kontraktni stipendiyasiz to‘lagan bo‘lsa, u stipendiya olmaydi.
Barcha fanlardan “5” baho olgan kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalarga:
- Stipendiyali kontrakt to‘laganlar – 621 456 so‘m oladi (517 880 + 103 576).
- Stipendiyasiz kontrakt to‘laganlar – 103 576 so‘m oladi.
Shu sababli, hattoki stipendiyasiz kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar ham barcha fanlardan “5” baho olsa, 103 576 so‘m stipendiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
- Stipendiyali kontraktni to‘lagan talabalar sessiyada 3 yoki 4 baho olsa ham, ularga 517 880 so‘m kafolatlangan stipendiya to‘lanadi.
3. Ayrim toifadagi talabalar uchun qo‘shimcha stipendiya
1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan talabalar uchun:
- O‘zlashtirish ko‘rsatkichidan qat’i nazar, bazaviy stipendiyaning 50% yuqori miqdori – 776 820 so‘m tayinlanadi.
Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar uchun:
- To‘liq davlat ta’minotida bo‘lib, fanlardan qarzi bo‘lmagan talabalar 776 820 so‘m stipendiya oladi.
Manba: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qarori
Xulosa
Talabalar uchun stipendiya miqdori grant yoki kontrakt asosida o‘qish, o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari va ijtimoiy holatga qarab belgilanadi. Barcha fanlardan “5” olgan talabalar yuqoriroq stipendiya oladi, nogironligi bor va yetim talabalar esa qo‘shimcha 50% ustama bilan stipendiya olish huquqiga ega.