Davlat test markazi tomonidan 2022-yil davomida qanday ishlar amalga oshirildi?
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
2022-yilning o‘tgan davri mobaynida Davlat test markazi tomonidan jami 52 turda (ba’zi turlari yil davomida, ba’zilari har oyda 2 marotaba) test sinovlari o‘tkazildi, deya yozmoqda Daryo nashri. Ularda 2 mln nafardan ortiq talabgor ishtirok etdi.
Jumladan, 2022-yil 25-yanvar—9-fevral oralig‘ida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni tugatayotgan 22 000 nafarga yaqin harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligini aniqlash bo‘yicha test sinovlar o‘tkazildi. Test sinovlari respublika hududlarida 6 ta vazirlik va idoralarga qarashli 187 ta harbiy qismda Davlat test markazi xodimlari ishtirokida joylar (harbiy qismlar)da o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2021-yil 30-noyabrdagi PQ-23-son qaroriga asosan aprel oyida 534 nafar Profilaktika (katta) inspektorlariga yurisprudensiya sohasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha sirtqi ta’lim shakliga o‘qishga tavsiyanomalar berish uchun test sinovlari o‘tkazildi.
Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 1 146 574 nafar abituriyent uchun avgust oyida, Prezident maktablari va Prezident ta’lim muassasalari agentligi qoshidagi ta’lim muasasalariga qabul qilish bo‘yicha 314 052 nafar talabgorlar uchun test sinovlari tashkil etildi va o‘tkazildi (buning uchun Markaz xodimlari 2022 yil 10 iyuldan 31 avgustga qadar maxsus yopiq ish rejimida faoliyat olib bordi).
Mazkur test sinovlari uchun respublika bo‘yicha 58 ta bino, stadion va xiyobon tanlab olinib, mazkur joylar mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda test sinovlariga to‘liq tayyorlandi. Bunda bir smenada 48 420 nafar, bir kunda esa 96 840 nafar abituriyent test sinovida ishtirok etishi ta’minlandi. Test sinovi o‘tkazilgan binolar 1 933 ta videokuzatuv kamerasi va shaxsni identifikasiyalash qurilmalari bilan jihozlandi.
Professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha 230 390 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tkazildi, 172 997 nafar abituriyent test sinovlaridan o‘tkazildi.
12 ta umumta’lim fanidan 74 600 ta, 54 ta maxsus fandan 12 854 ta va milliy sertifikat berish uchun 4 ta umumta’lim fanidan (matematika, fizika, kimyo, biologiya) 1 800 ta test topshirig‘i shakllantirildi va ekspertizadan o‘tkazildi. 12 ming nafardan ortiq talabgor uchun milliy sertifikat berish bo‘yicha test sinovlari o‘tkazildi.
14 ta chet tili bo‘yicha 63 600 nafarga yaqin talabgorning 4 ta ko‘nikma bo‘yicha chet tilini bilish darajasi aniqlandi.Jumladan, 4,6 ming nafar akademik lisey bitiruvchisining, 3,5 ming nafar chet tillari o‘qituvchisining, xorijiy tillar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan 6 ta oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirgan 8,5 mingga yaqin abituriyentning, 47 ming nafarga yaqin turli toifadagi talabgorning chet tilini bilish darajasi aniqlandi.
2022 yilning sentabr-dekabr oylari davomida har oyda ikki marotaba chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha test sinovlari o‘tkazilib, shu kunga qadar 22 869 nafar talabgor uchun test sinovlari o‘tkazildi. Bu o‘tgan yilning (3 590 nafar) mos davriga nisbatan 19 279 nafarga yoki 84 foizga oshganini ko‘rsatmoqda.
Avgust oyida xorijiy oliy ta’lim tashkilotlaridan respublika davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha 80182 nafar, Adliya vazirligining yuridik texnikumlariga qabul uchun 22 809 nafar, IIV, “Temurbeklar maktabi” va “Yosh chegarachilar” harbiy akademik litseylariga qabul uchun 11 571 nafar talabgor ishtirokida test sinovlari o‘tkazildi.
Rahbar kadrlar va mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha fevral va noyabr oylarida 1 164 nafar talabgor test sinovidan o‘tkazildi.
Dekabr oyida Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan to‘lanadigan har oylik ustamalarga nomzodlarning dars beradigan umumta’lim fani bo‘yicha bilim darajasini baholash bo‘yicha 6 000 nafarga yaqin pedagog xodim 26 ta umumta’lim fanlari bo‘yicha test test sinovidan o‘tkazildi.
Umumiy qilib aytganda, yanvar oyida 6 marta, fevral oyida 5 marta, mart oyida 3 marta, aprel oyida 6 marta, may oyida 6 marta, iyun oyida 5 marta, iyul oyida 9 marta, avgust oyida 17 marta, sentabr oyida 4 marta, oktabr oyida 3 marta, noyabr oyida 4 marta, dekabr oyida 3 marta test sinovlari o‘tkazildi. Bundan tashqari joriy yil yakuniga qadar (27—28-dekabr kunlari) yana 10 mingdan ortiq talabgorni test sinovidan o‘tkazish rejalashtirilgan.