Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Germaniyaga borish usullari va Au Pair dasturi haqida ma’lumot

30.08.2021 14:50
Germaniyaga borish usullari va Au Pair dasturi haqida ma’lumot

Davlat:

Germaniya

Bugungi suhbatimiz Germaniyaga borishning oson yo‘llari haqida bo‘lib o‘tadi. Qahramonimiz Zilolaxon Ikromova Germaniyaga borish va Au Pair dasturi haqida to‘liq va kerakli ma’lumotlarni beradilar.

  • Marhamat, o‘zingiz haqingizda qisqa ma’lumot bersangiz.

Assalomu alaykum. Men Ikramova Zilolaxon. 2018/2019- yillar davomida Au pair ishtirokchisi sifatida Germaniyaning Stuttgart shahrida bo‘lib qaytganman. Nemis tilini o‘rganishni 2017-yil noyabr oylarida boshlaganman va oradan 5-6 oy o‘tib germaniyalik mezbon oila bilan shartnoma tuzdim va 2018-yil sentabr oyida Germaniyaga uchib ketdim. Germaniyada 1 yil davomida til darajamni B2 darajaga ko‘tarishga erishdim( ketishimdan oldin A2 darajada edi). Hozirda nemis tilidan onlayn kurslar tashkillashtirib boraman. Bir nechta o‘quvchilarim Au pair/FSJ dasturlari orqali Germaniyaga ketishga muvaffaq bo‘lishdi. Yana ba’zilari til sertifikatlarini qo‘lga kiritishdi.

  • Germaniyaga ketishning qanday yo‘llari mavjud va Aupair dasturining afzalliklari qanday?

Germaniyaga ketishning bir nechta oson va ommalashgan yo‘llari mavjud. Bularga kiritishimiz mumkin: Aupair dasturi, FSJ yoki BFD, Ausbildung va turli Sommerkurs/Sprachkurslar. Shular ichida eng arzon va oson yo‘li Au pair dasturi hisoblanadi, chunki sizdan ko‘p mablag‘ talab qilinmaydi va til darajangiz ham mukammal bo‘lishi shart emas. Elchixona ham tez viza chiqarib beradi.

  • Aupair dasturiga kimlar ariza topshira oladi,ariza topshirish uchun nimalar qilish kerak, qanday talablari bor?

Au pair dasturi shunday dasturki, u orqali yoshlar boshqa davlatga borib mezbon oilada o‘sha davlat tili, ma‘daniyati va hududini o‘rgana oladi. Buning evaziga haftada 5 kun 6 soatdan soat, ya’ni jami 30 soat davomida mezbon oila bolalariga qarashi kerak bo‘ladi.

Au pair dasturiga asosan 18 yoshdan kichik va 26 yoshdan katta bo‘lmagan yigit-qizlar ariza topshirishi mumkin. Bunda til darajasi A1 dan kam bo‘lmasligi kerak (qancha baland bo‘lsa, shuncha yaxshi). Dastur asosan 6 oydan 1 yilgacha davom etadi. Au pair shu vaqt davomida mezbon oila bilan xuddi oila a’zosidek birga yashaydi va vazifalarini bajaradi. Au pair vazifalari quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin:

  • Bolalarga qarash;
  • Bolalarni maktab yoki bog‘chasiga olib borib qo‘yish va olib kelish;
  • Bolalar bilan birga o‘ynash;
  • Nonushta tayyorlash, ba’zi bir uy ishlariga yordam berish va hokazo.

Vazifalar mezbon oila vaziyatidan kelib chiqib taqsimlanadi. Buning evaziga mezbon oila Au pairni alohida xona ya‘ni turarjoy, oziq ovqat bilan ta’minlashi, til o‘rganishi uchun sharoit yaratib berishi va kurs uchun 50 yevro to‘lashi, oylik cho‘ntak puli 260 evro va boshqa harajatlarni ( sug‘urta va kursga borish/kelish yo‘l haqqi) qoplashi zarur. Shu bilan birga oila sizga o‘z madaniyatini ko‘rsatadi va o‘zi bilan birga sayohatlarga olib ketadi. (Sayohatlarga borishiz majburiy emas, lekin doimo borishni tavsiya qilaman). Bunda oila barcha xarajatlarni qoplaydi.

  • Aupair dasturi davomida ishlash yoki o‘qish imkoniyati bormi?

Au pair dasturi sizga faqatgina o‘sha mezbon oilada yashab, til o‘rganish imkoniyatini beradi, xolos. Ya’ni siz Au pair dasturi davomida ishlashingiz yoki o‘qishingiz mumkin emas. Au pair vizasi faqat shu dastur uchun ko‘zlangan xolos. Agar o‘qish niyatingiz bo‘lsa, Au pair dasturi tugagandan so‘ng, boshlashingiz mumkin bo‘ladi bunda sizga o‘qish uchun alohida boshqa viza beriladi.

  • Aupair dasturi haqida hamma har xil gapiradi. Tajribali inson sifatida bu dasturni o‘zbek qizlariga tavsiya qilgan bo‘larmidingiz? Mezbon Oilalar haqida biroz ma’lumot bersangiz.

Au pair dasturi juda foydali dastur deb o‘ylayman. Chunki siz ko‘p pul sarflamasdan ham til o‘rganasiz ham dunyo ko‘rasiz. Bu juda zo‘r imkoniyat. Nemis oilalariga kelsak ular Au pairlarni juda iliq kutib olishadi va hatto o‘z oila a’zosidek qabul qilib, shartnoma tugaganidan so‘ng ham aloqalarini saqlab qoladigan oilalar ham bor. (Masalan, men borgan mezbon oilaning sobiq Au pairlarining ko‘pchiligi Germaniyada ishga yoki o‘qishga qolgan bo‘lib, har 3 yoki 4 oyda yoki bayramlarda oilani ko‘rgani kelib turishardi, holbuki ularning shartnomalari tugaganiga 3 yoki 4 yildan oshgan). Albatta bu dastur o‘zbek qizlariga ham juda mos tushadi, chunki 1 oila sizga 1 yil davomida javobgar bo‘ladi, kasal bo‘lsangiz davolash uchun ham pul to‘laydi va boshqa masalarda ham yordam olishingiz mumkin. Begona davlatga o‘zi kelgandan ko‘ra Au pair orqali kelib, shart-sharoitlarni o‘rganib bilgandan so‘ng o‘qishni boshlash bu yaxshiroq tanlov deb o‘ylayman.

  • Germaniyaga ketishda nimalarni hisobga olish kerak? Qanday muammo yoki qiyinchiliklarga uchragansiz? Yoshlarga maslahatlaringiz, takliflaringiz.

Birinchi navbatda nemis tili darajangizni yaxshi darajaga ko‘tarib olishingiz muhim. A1 darajasi yetarli degani bilan kamida A2 yoki B1 bilan ketsangiz u yerda qiynalmaysiz va ancha muncha tushunmovchiliklardan o‘zingizni asragan bo‘lasiz. Asosan menda unchalik qiyinchiliklar bo‘lmagan, chunki menga Au pair dasturiga borgan va tajribaga ega odam yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turgan. Bu borada shunday tajribaga ega odamdan yordam va maslahatlar olib turish ham juda foydali. Undan tashqari, men faqat nemis tilida muloqot qilishga harakat qilganman. Oila bilan bo‘lgan suhbatda ham, elchixonada ham nemis tilida bemalol gapirib, fikrimni ifodalay olganman. Shuning uchun mendan til darajamni isbotlash uchun til sertifikati talab qilishmagan (ko‘pincha til sertifikati so‘rashadi). Keyingi o‘rinlarda maqsadingizni ketishingizdan oldin aniq belgilab oling. Agar Au pair dasturidan so‘ng o‘qish yo yoki boshqa dasturga qolish niyatingiz bo‘lsa yoki shunchaki til yoki sayohat bo‘lsa, shunga yarasha berilgan bir yil imkoniyatdan unumli foydalana olasiz.

Ajoyib suhbat va kerakli ma’lumotlar uchun Zilolaxon Ikromovaga butun Oliygoh.uz sahifasi tashkilotchilari nomidan o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Zilolaxon Ikromova hozirda ko‘plab yoshlarga nemis tilini o‘rgatish va ularning Germaniyaga ketishlarida yordam berib kelmoqdalar. Jumladan, https://t.me/oson_nemistili (Kanal: @oson_nemistili Gruppe: @o_n_Gruppe Admin: @German_tutor) orqali yoshlarga nemis tili bo‘yicha bilimlarini berib kelmoqdalar. Qolaversa, Qahramonimiz onlayn kurslar ham tashkillaganlar va bu kurslarida nemis tilini o‘rganishning eng oson usullarini o‘z tajribalaridan kelib chiqqan holda o‘rgatmoqdalar. Kurslar haqida ma’lumotni kanal orqali topshingiz va nemis tilini Germaniyada 1 yil davomida yashab kelgan Zilolaxon Ikromovadan o‘rganishingiz mumkin. Zilolaxonga esa kelgusi ishlarida omadlar tilab qolamiz!