Imtihon natijalaridan norozi bo‘lgan abituriyentlar nima qilishi kerak?
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Imtihon natijalaridan norozi bo‘lgan abituriyentlar nima qilishi kerak?
Oliy ta’lim muassasalariga imtihonlar boshlangach test savollari, xususan huquqshunoslik fanidan tuzilgan savollar abituriyentlar va keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lmoqda.
Qonunchilikka ko‘ra, OTMlarning bakalavriatiga kirish test sinovlarida ishtirok etgan va natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar, yakuniy tanlov natijalari e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun ichida apellatsiya komissiyasiga elektron yoki yozma shaklda murojaat qilishi mumkin.
Elektron shakldagi apellatsiya shikoyati Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus portalidagi “abituriyentning shaxsiy kabineti” orqali yuboriladi va unga shikoyatni ko‘rib chiqish haqida xabarnoma jo‘natiladi. Shikoyat bergan abituriyent xabarnomada belgilangan vaqtda o‘zining pasporti hamda abituriyent ruxsatnomasi bilan Bilim va malakalarni baholash agentligi binosiga kelishi shart.
Bu jarayonda, abituriyentga javoblar varaqasi nusxasi, test topshiriqlari noto‘g‘ri belgilangan javoblar ro‘yxati hamda test kuni taqdim etilgan savollar kitobi beriladi. Abituriyent o‘zining noto‘g‘ri deb hisoblagan savollariga javobni yozib, apellatsiya komissiyasiga topshiradi. Apellatsiya komissiyasi faqat abituriyent ishtirokida yozma javoblari asosidagi shikoyatni ko‘rib chiqadi.
Agarda e’tirozlar asossiz bo‘lsa natijalar o‘zgarishsiz qoladi. Shuningdek, abituriyent xohishiga ko‘ra komissiya qaroridan ko‘chirma ham beriladi.
E’tirozlar asosli deb topilib komissiya tomonidan qabul qilinsa, natijalar apellatsiya jarayonlari tugaganidan so‘ng 5 ish kuni ichida o‘qishga qabul bo‘yicha davlat komissiyasiga topshiriladi.
Muhim! Javoblar varaqasi yirtilgan yoki savollarga yozma javob bermagan taqdirda, abituriyentning shikoyatlari ko‘rib chiqilmaydi. Apellatsiya komissiyasi test natijasi bo‘yicha e’tirozlarni inobatga olmagan bo‘lsa, abituriyent natijalarni qayta ko‘rib chiqishni so‘rab sudga murojaat qilishi mumkin.