Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Italiyada ta’lim: universitetlarga qanday hujjat topshirish, viza olish va yillik 7 ming yevro stipendiyaga qanday ega bo‘lish mumkin

6.03.2023 23:33
Italiyada ta’lim: universitetlarga qanday hujjat topshirish, viza olish va yillik 7 ming yevro stipendiyaga qanday ega bo‘lish mumkin

Bu bo‘yicha Italiyaning Sapienza universiteti magistranti Abrorjon Yormatov o‘z tajribalarini Spot bilan ulashdi.

Foto: Abrorjon Yormatovning shaxsiy arxividan

Xorijda o‘qish, nufuzli universitet talabasi bo‘lish bugun o‘zbekistonlik yoshlarning orzusi. Biroq ko‘pchilik hali ham xorijiy universitetlarga hujjat topshirishga qiynaladi yoki ikkilanadi. Chunki ayrim xorijiy universitetlarning kontrakt summalari juda yuqori, yana ayrimlarida esa ta’lim olish mutlaqo bepul.

“Spot” “Xorijda ta’lim” sahifasini davom ettiradi. Bu safar Italiyada tahsil olayotgan Abrorjon Yormatov bilan suhbat qildi.

U — 24 yoshda. 2021-yili Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan. Hozirda Italiyadagi Sapienza universitetining Yevropa tadqiqotlari fakulteti magistranti.

Abrorjon qanday qilib Italiyaga borgani, universitetga qanday qabul qilingani va talabalik hayoti haqida hikoya qiladi.

Nima uchun Italiya

Italiya nafaqat go‘zal tabiati, balki o‘zining uzoq yillik tarixiga ham ega. Rim shahrining abadiy shahar sifatida e’tirof etilishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Tarixga, madaniyatga qiziqishim tufayli o‘qishdan tashqari vaqtlarimda Italiyaning tarixiy joylariga tashrif buyurib, italiyaliklarning turmush tarzi, urf-odatlari va madaniyatini o‘rganganman.

Akademik jihatdan to‘xtaladigan bo‘lsam, Italiyada 47 ta universitet bor va men tanlagan Sapienza universiteti ularning ichida uchinchi o‘rinda turadi.

Bu ham qaysidir ma’noda mazkur universitetning nufuzidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, Sapienza universiteti dunyoning nufuzli reytinglari, jumladan Top-500 talikka kirgani bois o‘ylaymanki, kelajakda soham bo‘yicha ish topish, balki, akademik faoliyatimni dunyoning boshqa nufuzli universitetlarida davom ettirish uchun tramplin bo‘la oladi.

Universitetlarga qabul jarayoni

Mamlakatning ta’lim tizimi O‘zbekiston kabi to‘rt bosqichdan iborat, ya’ni maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich, o‘rta hamda oliy ta’lim.

O‘z navbatida oliy ta’lim ham uchta bosqichni o‘z ichiga olgan: bakalavriatura, magistratura va doktarantura. Bakalavr bosqichi uch yildan olti yilgacha davom etishi mumkin. Bu esa sohalarga qarab farqlanadi.

Italiyada xorijlik talabalar mintaqaga va mamlakatning “qashshoqlik toifasiga” qarab 7000 yevrogacha stipendiya olishi mumkin. Bu mamlakatlar qatorida O‘zbekiston ham bor.

Mamlakatdagi o‘quv dasturlari haqida ma’lumot beruvchi universitaly.it platformasi mavjud.

U keng qidiruv tizimiga ega bo‘lib, unda mamlakatdagi barcha universitetlarning qabul kvotasi, yo‘nalishlari, dastur davomiyli, ta’lim tili, grant dasturlari haqida ma’lumotlar hamda universitetlarning rasmiy saytiga havola ham berilgan.

Universitetlar uchun asosan, ingliz tilini B2 darajasida bilish talab etiladi. Italyan tilini bilish unchalik muhim emas, lekin kundalik hayotda odamlar bilan muloqot qilish uchun o‘rganib qo‘ygan yaxshi. Qabul talablari har bir universitetga qarab farq qiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda maktab tizimi 11 yillik bo‘lgani uchun, bakalavriaturani Italiyada o‘qishni istovchilar maktabni tamomlagani bilan o‘qishga kirib keta olishmaydi. Chunki mamlakatning maktab ta’limi tizimi 12 yillik bo‘lib, nomzodlar avval “Foundation” kursini o‘tashi kerak.

Agar nomzod qaysi universitetga kirishni rejalashtirgan bo‘lsa, “Foundation"ni ham ana shu universitetga olgani yaxshi. Chunki, ba’zi universitetlar boshqa universitetning tayyorlov sertifikatini qabul qilmasligi mumkin.

Bakalavriatura va magistratura uchun hujjat topshirishda talab qilinadigan hujjatlar deyarli bir xil, asosan quyidagi hujjatlarni jo‘natish kerak:

  • ariza;
  • pasport nusxasi;
  • 2 ta fotosurat;
  • bakalavriatura uchun maktab shahodatnomasi, magistratura uchun esa bakalavr diplomining notarial tarjimasi (apostil bilan);
  • bakalavriatura uchun Italiyada tayyorgarlik dasturini tamomlaganligi to‘g‘risidagi sertifikat;
  • til bilish sertifikati (IELTS ,TOEFL kabilar);
  • CV;
  • motivatsiya xati;
  • tavsiyanoma va boshqalar.

Foto: Abrorjon Yormatovning shaxsiy arxividan

Magistraturaga qabul qilishning muhim sharti — tugallangan bakalavriat darajasining magistraturada tanlangan yo‘nalishga mos kelishi hisoblanadi. Ba’zi universitetlar bu daraja uchun ham qo‘shimcha imtihonlarni talab qilishi mumkin.

Stipendiyalar

Italiyada talabalarga turli stipendiyalar ajratiladi va talablari ham mamlakat viloyatlariga qarab turlicha bo‘lishi mumkin.

Stipendiyalar miqdori har yili har xil bo‘ladi. Xususan, men tahsil olayotgan universitetda ajratilgan stipendiya miqdori 7000 yevroni tashkil etdi hamda birinchi yili o‘qishga kirganlar uchun fevral oyigacha jami stipendiyaning 25%i, qolgan qismi esa yoz oylarining oxirida to‘lab beriladi.

Ikkinchi yili o‘qiyotganlar uchun esa stipendiyaning yarmi ya’ni 50%i dekabrgacha, yozning oxirigacha qolgan qismi to‘lab beriladi.

Stipendiya bir yilga ajratiladi va ta’lim muddati ikki yildan ortiq bo‘lganlar har yili o‘zlarining moliyaviy holati haqida hisobot berishadi. Ya’ni, bunda daromad, ko‘chmas mulk, o‘z nomida mol-mulk yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni berishlari kerak.

Stipendiya dasturiga qaysi viloyatda joylashgan davlat universiteti bo‘lsa shu universitet talabasi bo‘lgan barcha hujjat topshirishi mumkin. Har yili stipendiya uchun hujjatlarni yozning iyun-iyul oylarida belgilangan vaqtgacha elektron tarzda topshirish mumkin.

Agar birinchi bosqichga qabul qilingan talaba bo‘lsa, Italiyaga kelgach elektron hujjatlarni tegishli tartibda tasdiqlagan holda topshirishi kerak.

Viza olish jarayoni

Italiyaga viza uchun hujjat topshirishdan oldin qabul xatini olgan bo‘lish zarur. Undan keyin elchixonaga suhbatga kirish uchun oldindan joy bron qilish ya’ni o‘z sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak bo‘ladi.

Undan keyin, ko‘rsatilgan sanada viza uchun suhbatga kirish mumkin bo‘ladi.

Elchixona uchun kerakli hujjatlar:

  • shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
  • ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar;
  • moliyaviy holatni tasdiqlovchi hujjatlar;
  • sug‘urta.
  • aviachipta bron qilinganligi haqida ma’lumot;
  • 1 ta rasm;
  • Italiyaga borgandan keyin turadigan joyi haqida ma’lumot
  • universitetning qabul xati;
  • ingliz tili sertifikati;
  • ish joyidan ma’lumotlar.

O‘zbek va rus tillaridagi hujjatlar ingliz yoki italyan tiliga tarjima qilinishi kerak.

Shuningdek, elchixona qo‘shimcha hujjatlarni ham so‘rashi mumkin, bular, ota-onaning ish joyi, daromadi haqidagi ma’lumotlarning asli nusxasi bilan taqdim etilishi kerak. Agar ota-onaning shaxsiy biznesi bo‘lsa, bu bo‘yicha hujjatlarning nusxalari so‘raladi.

Mazkur hujjatlar ilova qilingan holda suhbatga kiriladi. Suhbat jarayonida esa talabgordan Italiyaga ketishdan maqsadi, qaysi universitetga ketayotgani haqidagi savollar so‘raladi.

Umuman, hujjatlarning tayyorligiga qarab 10−12 kun ichida viza beriladi.

Bundan tashqari, “Declaration of value” (DOV) ya’ni O‘zbekistonda ta’lim olganlikni tenglashtiruvchi hujjat ham qilish kerak va u ham elchixona orqali amalga oshiriladi.

Foto: Abrorjon Yormatovning shaxsiy arxividan

O‘qish va imtihonlar

O‘qish jarayoni talabaga bog‘liq, ya’ni qiziqishga asosan fanlar tanlanib, “study plan” tuzib olinadi.

Lekin “study plan"ni magistratura uchun 2 yil, bakalavriatura uchun esa 3 yil oldindan tuzish kerak. Agar talaba keyingi o‘quv yilida buni o‘zgartirishni istasa joriy o‘quv yili tugagach o‘zgartira oladi.

Hozirda Turkiyada kuzatilgan zilzila tufayli ma’lum bir toifa talabalari uchun darslarga onlayn qatnashish imkoniyati berildi.

Universitetlarda imtihonlar odatda yuzma-yuz o‘tkaziladi. Yuqoridagi vaziyat sabab, onlayn jarayonlar imtihonlarga tatbiq etiladimi yo‘qmi, bilmadimu, lekin shunday bo‘lishi ham mumkin.

Bizning fakultetda birinchi semestr uchun o‘qish sentabr oyining 15-sanasida boshlanib, 10-dekabrda tugadi va undan keyin imtihonlar o‘tkazildi. Ikkinchi semestr fevraldan maygacha davom etadi va maydan keyin imtihonlar boshlanadi.

Imtihonlarning stipendiyaga bog‘liqlik tarafini ham aytib o‘tishim kerak. Ya’ni joriy o‘quv yilining stipendiyasini oqlash uchun jami 60 ta kreditdan kamida 20 tasini to‘plash kerak bo‘ladi. Keyingi yilgi o‘quv yili uchun stipendiyaga topshirishda esa 30 kredit yig‘ish lozim.

O‘qishdan tashqari ish

Italiyada o‘qishdan bo‘sh vaqtlarda ishlash mumkin. Biroq bu haftasiga 20−25 soatdan oshmasligi kerak. Bu talabalarga maksimal 20 soat ishlashga ruxsat berilgan Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga qaraganda ko‘proqdir.

Talabalar asosan xizmat ko‘rsatish sohasi, xususan, yetkazib berish, do‘konlar, umumiy ovqatlanish muassasalarida ishlab, oyiga 400−1000 yevrogacha ish haqi olishlari mumkin.

Ko‘pchillikda stipendiya bilan yashasa bo‘ladimi yoki stipendiya shaxsiy ehtiyojlar uchun yetadimi degan, savol bo‘lishi mumkin. Agar ajratilgan stipendiyani tejab ishlatsa yetkazish mumkin — bu albatta har kimning o‘ziga bog‘liq.

Oylik xarajatlarga kelsak, buning uchun oyiga taxminan 500−600 yevro miqdorida ketadi. Bu yashash xarajatlari, agar ijara bo‘lsa kommunal to‘lov xarajatlari, oziq-ovqat, transport hamda aloqa xarajatlarini o‘z ichiga oladi.

Bu yerda talabalar uchun transport chiptalariga 130 yevrogacha yengillik mavjud. Bunda talabaning daromadi 10 ming yevrodan oshmasligi kerak. Transport xizmati kuniga 1,5 yevro, oylik 35 yevro, yillik 250 yevroni tashkil etadi.

Aloqa xizmatlari uchun esa 10−15 yevro miqdorida sarflanadi.

Foto: Abrorjon Yormatovning shaxsiy arxividan

Shuni ham aytib o‘tish kerak, Italiyada asosan IT sohasi, jumladan dasturlash, dizayn shu bilan birga, tibbiyot va yuridik sohalarga talab yuqori. Bu, albatta, shaxsiy kuzatuvlarimdan kelib chiqib, aytayotgan sohalarimdir.