Kreditni to‘liq o‘zlashtirmagan talaba o‘qishdan chetlatiladimi?
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Talaba kursdan kursga o‘tish imkonini bergan kreditlarni to‘plagan, ammo o‘quv yili uchun to‘planishi lozim bo‘lgan barcha kreditlarni yig‘a olmagan bo‘lsa, keyingi o‘quv yilida mustaqil ravishda yoki quyi kurslar bilan birgalikda o‘sha modulni o‘zlashtiradi.
Toshkent davlat yuridik universiteti mamlakatimizda birinchilardan boʻlib Yevropa kredit tizimi (ECTS)ga oʻtdi. Ushbu tizimning afzalligi va yutuqlari nimada? U qanday ishlaydi? Shu va boshqa savollar bilan YUZ nashri TDYUU oʻquv ishlari boʻyicha prorektori — TDYUU qoshidagi akademik litsey direktori, yuridik fanlar doktori, professor Islombek Rustambekovga murojaat qildi.
— Universitetda joriy etilgan Yevropa kredit tizimi haqida maʼlumot bersangiz.
— Toshkent davlat yuridik universitetida oʻquv jarayoni 2020/2021 oʻquv yilidan toʻliq ECTS, yaʼni Yevropa kredit tizimi asosida tashkil qilindi. Taʼlimning kredit-modul tizimi oʻquv jarayonining ochiq va shaffofligi, jumladan, taʼlim berish va baholashning oshkoraligiga asoslanadi. Shuningdek, talabaga hamda uning mustaqil taʼlim olishiga yoʻnaltirilgan oʻqitish boʻlib, kreditlarni yigʻish va koʻchirib oʻtkazish, bu orqali esa oʻqishini turli taʼlim dargohlarida oʻtash imkoniyatini yaratadi. Bu tizimda talaba kelajakda qaysi soha mutaxassisi boʻlmoqchiligiga qarab oʻzining mustaqil taʼlim yoʻnalishini belgilashi hamda oʻqishning bir qismini xorijiy oliy taʼlim muassasalarida davom ettirishi mumkin.
— Tizimni amaliyotga joriy etish borasida universitetda qanday ishlar bajarildi?
— Universitetimizda Yevropa kredit tizimi talablaridan kelib chiqqan holda joriy oʻquv yilida bakalavriatda 4 ta taʼlim yoʻnalishi, magistraturada esa 8 ta mutaxassislik boʻyicha malaka talablari, oʻquv rejalar va fan dasturlari (sillabuslar) toʻliq yangidan ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Ushbu hujjatlarning ishlab chiqilishida yetuk xorijiy oliy taʼlim muassasalari tajribasi, xalqaro standartlar hamda bugungi kun ish beruvchilarining talablari oʻrganildi. Shuningdek, oʻquv rejalarida nomutaxassislik fanlari 22 foizdan 10–12 foizga kamaytirildi. Fanlar bloki esa, majburiy fanlar va tanlov fanlariga boʻlindi. Talabalar tomonidan ixtiyoriy qoʻshimcha oʻzlashtirilishi mumkin boʻlgan kreditlar ham oʻquv rejada aks ettirildi.
— Yangi tizimda oʻquv jarayonlarini boshlash va oʻtkazishda qanday oʻzgarishlar boʻldi?
— 2020/2021 oʻquv yilida pandemiya sharoitida dars mashgʻulotlari masofaviy shaklda boshlandi, lekin barcha talabalar uchun tanishtiruv haftaligi oʻtkazildi. Tanishuv haftaligi doirasida barcha talabalarga taʼlimning kredit-modul tizimi mohiyati, universitet oʻquv jarayoni qanday tashkil etilganligi, masofaviy taʼlim platformasidan qanday foydalanish kerakligi, nazorat ishlarini topshirish tartibi tushuntirildi, shuningdek ilmiy faoliyat, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha masofaviy shaklda maʼlumotlar berildi.
Talabalar oʻquv jarayoni, dars jadvali, yangi talablar bilan tanishib, tanlov fanlarini ham aniqlab oldi. Ular elektron platformadan foydalanishni oʻrganib, oʻzlarining oʻqituvchilari bilan masofaviy guruhlarni shakllantirdi.
Oʻquv jarayoni universitet masofaviy taʼlim platformasi (http://distant.tsul.uz), shuningdek, taʼlim jarayoni ishtirokchilarining foydalanish imkoniyati va qulaylik darajasidan kelib chiqib, boshqa taʼlim platformalari, ijtimoiy tarmoqlar va aloqa vositalaridan foydalanilgan holda tashkil qilindi.
Maʼruza mashgʻulotlari platformaga integratsiya qilingan videochat (Big Blue Button) va “Zoom” dasturiy vositasi orqali, seminar mashgʻulotlari esa chat va forumlar tashkil etish, talabalarga topshiriq berish va uni muhokama qilish shaklida oʻtkazilib, talabalarning dars mashgʻulotlariga qatnashishi va oʻzlashtirishi nazorati toʻliq masofaviy taʼlim platformasi asosida amalga oshirildi.
Internet aloqasi sifatsizligi yoki boshqa sabablar bilan masofaviy taʼlim olish imkoniga ega boʻlmagan talabalarga tegishli imkoniyat yaratish choralari koʻrildi. Bu uchun xududlarda joylashgan yuridik texnikumlar, adliya boʻlimlari, davlat xizmatlari markazlarida talabalar kelib masofaviy oʻqishi uchun sharoitlar yaratildi.
Ayni paytda talabalarimiz anʼanaviy shaklda taʼlim olmoqda.
— Yuqorida tanlov fanlar haqida aytib oʻtdingiz. Ularning taqsimlanishi qanday boʻladi?
— Joriy oʻquv yilida har semestrda bittadan tanlov fani belgilangan. Talaba oʻquv rejaning tanlov fanlari belgilangan qismidan (6 tadan 10 tagacha fan koʻrsatilgan) fanni tanlaydi. Bunda kamida 30 talaba bitta fanni tanlasa oʻsha fan oʻqitiladi. Fakultet dekanatlari talabalarga fanlarni tanlash boʻyicha yoʻnalish va tushuntirishlar beradi. Talabalarimiz mazkur jarayonni toʻliq anglab mohiyatini tushunib olganidan soʻng tanlov fanlari nisbatini koʻpaytirib borish rejalashtirilgan.
— Kredit va baho oʻrtasida qanday farq bor?
— Bu ikki tushuncha bir xil emas, lekin oʻzaro bogʻliqligi mavjud. Kredit talabaning maʼlum bir fanni oʻzlashtirganini bildiruvchi koʻrsatkichdir, u bevosita ushbu fanga ajratilgan soatlarga bogʻlangan. Masalan, oʻquv rejaga muvofiq, jinoyat huquqi moduliga 10 kredit ajratilgan. Talabaning fanni ijobiy oʻzlashtirish koʻrsatkichi qanday boʻlishidan qatiy nazar, yaʼni 56, 71 yoki 90 ball olgan boʻlsa ham bir xil 10 kreditga ega boʻladi.
Oʻquv rejalariga muvofiq, talabadan bakalavriat bosqichining har bir oʻquv yilida 60 kredit, jami 4 yilda 240 kredit oʻzlashtirishi talab etiladi. Magistratura bosqichi 1 yil davom etib, unda jami 90 kredit toʻplash belgilangan.
— Talabalarni kursdan-kursga oʻtkazish tartibi qanday boʻladi?
— Tizim talablaridan kelib chiqqan holda talabalar ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi kursga oʻtkazilishi uchun mutanosib ravishda 40, 100 va 140 hamda undan yuqori kreditlarni toʻplashi lozim.
Talaba kursdan kursga oʻtish imkonini bergan kreditlarni toʻplagan, ammo oʻquv yili uchun toʻplanishi lozim boʻlgan barcha kreditlarni yigʻa olmagan boʻlsa, keyingi oʻquv yilida mustaqil ravishda yoki quyi kurslar bilan birgalikda oʻsha modulni oʻzlashtiradi. Buning uchun aynan shu modul uchun ajratilgan toʻlovni amalga oshirish shart.
— Kredit tizimida maʼlum bir fanni oʻzlashtira olmagan, yaʼni kreditni toʻplay olmagan talaba oʻqishdan chetlashtiriladimi?
— Har semestr va oʻquv yili yakuni natijalariga koʻra talaba belgilangan kreditlar miqdorini oʻzlashtirishi lozim. Lekin talaba maʼlum sabablarga koʻra kreditlarni oʻzlashtirmagan boʻlsa, uning keyingi bosqichga oʻtkazilishi yoki ushbu bosqichni qayta oʻqishi aynan yigʻilgan kreditlar miqdoriga bogʻliq boʻladi. Bunda talaba talabalar safidan chetlashtirilmaydi va faqat qarzdor boʻlgan fanlarini qayta oʻzlashtirishi talab etiladi. Kredit tizimida bunday qayta oʻzlashtirish tegishli kreditlar miqdoridan kelib chiqib tegishli toʻlovlarni amalga oshirishni talab etadi.
Oʻz navbatida talaba kursda qolirilgan taqdirda ham faqat oʻzlashtira olmagan va kredit berilmagan fanlarni qayta oʻqib oʻzlashtiradi, boshqa muvafaqqiyatli oʻtgan va kreditlarni jamlagan fanlarni qayta oʻqib oʻtirmaydi.
— Nazorat imtihonlari qanday topshiriladi va baholanadi?
— Universitetda baholash tizimi alohida belgilangan boʻlib bunda talabalar har bir fan boʻyicha oraliq va yakuniy nazoratlarni topshirib borishlari talab etiladi hamda maksimal 100 ball bilan baholanish imkoniyatiga ega boʻladi. Baholash jarayoni ham toʻliq shaffof boʻlib, bunda nazorat ishlari “Talabalar reytingini hisobga olish elektron tizimi (SRS – Students Report System)” orqali topshiriladi va baholanadi.
Mazkur tizimda nazorat yozma ishlari talaba tomonidan elektron shaklda topshiriladi, yaʼni tizimga yuklanib undan soʻng avtomatik ravishda shifrlanadi va tegishli kafedraga tekshirish uchun elektron shaklda joʻnatiladi. Kafedralarda mazkur ishlar professor-oʻqituvchilar oʻrtasida taqsimlanib tizimning oʻzida tekshiriladi, baholanadi hamda qoʻyilgan baho yuzasidan sharh yoziladi. Yaʼni nima sababdan shunday baholandi hamda talaba qanday kamchiliklarga yoʻl qoʻygani koʻrsatiladi. Tekshirilgan ishning bahosi va ishga yozilgan taqriz talabaning shaxsiy kabinetida koʻrinadi.
Oraliq va yakuniy nazorat ishlari boʻyicha qoʻyilgan baholar ustidan talaba bir marta apellyatsiya shikoyati berish mumkin. Bunda murojaat komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi va komissiya xulosasi bilan baho oʻzgartirilishi mumkin boʻladi.
— Bugungi kunda oʻquv jarayoni samaradorligini oshirish boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda yoki rejalashtirilgan?
— Universitetimiz faoliyatini, jumladan, oʻquv jarayoni sifati va samaradorligini oshirish boʻyicha rejalarimiz koʻp hamda ular bosqichma-bosqich amalga oshirib borilmoq.
Asosiy rejalarimizdan biri bu oʻquv va boshqaruv jarayonini toʻliq raqamlashtirishdir. Hozirda oʻquv jarayoni uchun qator elektron tizimlar yaratilib, joriy etildi. Talabalarga har qanday masala yuzasidan elektron murojaat qilish imkoniyati yaratildi, bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalari hamda ilmiy rahbarlarni tanlash elektron tizimi joriy etildi, toʻlov-shartnomasini elektron ravishda olish hamda toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikni nazorat qilib borish mexanizmi ishga tushirildi.
Bunday tashqari, darslarni oʻtkazish sifatini oshirish boʻyicha, oʻquv jarayonini amaliyot bilan bogʻliqligini taʼminlash doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Talabalar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, elektron kutubxona, xalqaro maʼlumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatlari yaratilgan, amaliyot klublari tashkil etilgan, oʻquv jarayoniga amaliyotchi mutaxassislar, shuningdek, xorijiy professorlar keng jalb etib kelinmoqda.
Albatta, hali amalga oshirishimiz kerak boʻlgan vazifalar juda koʻp. Oʻylaymanki, ularni amalga oshirish orqali xalqaro darajada raqobatbardosh yuqori malakali kadrlar tayyorlashga erishamiz.
Javlonbek VAFOYEV suhbatlashdi