Matematikani zo‘r o‘rganib, boy bo‘lish mumkinmi?!
Matematika – aniq fan! U siz bilan dangal gaplashadi, aniq masala va yechimlar bilan ishlaydi. Mayda-chuyda qilib o‘tirmaydi. Bitta
formulada xato qildingizmi, javob chiqmaydi, yana butun misol/masalani boshidan boshlashga majbursiz. Xuddi hayotimiz kabi…
Bugun matematika fanini o‘rganuvchilar safi soniya sayin kengayib bormoqda. Universitetlarda ham matematika fani bor yo‘nalishlarga talab juda yuqori. Bu fanni mukammal o‘rgangan odam nimalarga erisha oladi, umuman, matematikaning qudrati nimalarga qodirligini yanayam aniqroq anglab olish uchun “Registon” ta’lim loyihasining tajribali matematika o‘qituvchisi Farrux aka Ozodov bilan suhbatlashdik.
Savol-javoblar aniq, qisqa, lo‘nda – xuddi matematika kabi! Marhamat, matematik intervyu sizga muntazir…
– Zo‘r matematik bo‘lish uchun nima qilish kerak?
– Matematika fanlarning shohi sanaladi. “Shoh”lar esa oddiy yoki oldi-qochdi odam bo‘lmaydi. Yo‘qsa uning gapiga hech kim ishonmay qo‘yadi. O‘z nomi bilan murakkab, shu bilan birga, nihoyatda qiziq fanni mukammal o‘rganish, kelajakda zo‘r matematik bo‘lish uchun, avvalo, juda katta xohish va sabr kerak bo‘ladi. Mehnatdan qochmang, masalaga masala sifatida qaramang, u bilan tillashing, do‘stlashing, ichiga kirib, mag‘zini chaqishga odatlaning. Ishonamanki, shu jihatlar sizda bo‘lsa, albatta, maqsadingizga erishasiz!
– IELTS o‘rgangan odamning fikrlash doirasi kengayadi, dunyoga eshiklar ochiladi… deyishadi. Xo‘sh, matematika bizga nima beradi?
– Butun hayotimiz matematikadan iborat. Umrimiz matematika asosiga qurilgan. Necha yoshdaligingiz – matematika, soat nechchi bo‘ldi – matematika, bozordagi xaridlaringiz – matematika, har kuni qancha kilometr yo‘l bosasiz – matematika, hatto kuniga necha soat uxlab,
necha soat ishlashingiz… hamma-hammasining zamirida matematika yotibdi.
Hisob-kitobni zo‘r bilsangiz, vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olasiz, sarf-xarajatlaringizda baraka bo‘ladi,
mablag‘ingizni o‘ylab ishlatasiz, bir gap bilan, umringizni tartibga keltirib olasiz. Matematikani mukammal o‘rgangan odamning fikrlashi boshqalardan ajralib turadi. Maktabda matematikadan yaxshi o‘qigan sinfdoshlaringizni eslang, boshqalardan farq qilarmidi? Ular hozir ham kamida Moliyada o‘qiyotgan yoki biror bankda ishlayotgan bo‘lsa ham, ajablanmayman. Ehtimol allaqachon o‘z biznesiga egadir…
Chunki bu tabiiy, matematiklar mayda-chuyda narsalarga o‘ralashib, boshini qotirib o‘tirmaydi. Ular ko‘p vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatiga ega bo‘lishadi. Mantiqiy va tanqidiy fikrlashlari ham ijobiyligi hisobiga uzoqni ko‘ra olishadi, ertasining hisob-kitobini boshqalarga nisbatan aniq qilishadi.
IELTSga ham to‘xtalsak. Matematiklarning o‘zini, bilimini ommaga ko‘rsatishga, matematika orqasidan nimalarga erishganini insonlarga gapirib berishga vaqti yo‘q. Shuning uchun siz ularni ko‘rmaysiz. Matematikani o‘rgangan odamning imkoniyati ko‘p, qo‘li ko‘p joyga yetadi, buni birov bilib, birov bilmay qoladi. O‘zi bilsa bo‘ldi-da, boshqalarning fikri matematiklarga ahamiyatsiz…
– Matematik amallar o‘zi nimaga kerak? Hisob-kitobni bilsak bo‘ldi-da, shartmi hayotimizda asqotmaydigan turli formula va amallarga bosh qotirish?
– To‘g‘ri, ishga borganingizda sizdan sinus-kosinus so‘ralmaydi. Matematikani DTM savollaridan yuqori ball olish uchungina majburan o‘rganish esa – xato. Insonda aniq maqsad bo‘lishi kerak, biror sohaga kirdimi, shu yo‘nalishda kelajagini porloq ko‘ra olyaptimi, tamom, uni ipidan ignasigacha o‘rganadi, o‘zlashtiradi. Birinchi bo‘ling, eng zo‘ri bo‘ling, xayolingizda boshqa variant bo‘lmasin!
Hozir gaplarimga tushunmayotgan bo‘lishingiz mumkin, chunki men matematikcha fikrlayapman. Aybga buyurmaysiz, biz shunday o‘ylaymiz va siz qiyin deyotgan amallar, formulalar bizga umuman qiyinchilik tug‘dirmaydi. Shaxsan men qiyin misol-masala ishlab maza qilaman, shogirdlarimni ham shunga o‘rgatganman. Biz har bir mashg‘ulotdan zavq olamiz, sevamiz! “Tafakkur o‘yinlari” filmidagi Jon Neshni eslang, mazzaku matematika!
Hayotimizda asqotmaydi, deyish noto‘g‘ri. Chunki hech kim oson bo‘ladi, deb va’da bermagan. Hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Qachondir shunga duch kelib qolsangiz, yuzingiz shuvit bo‘lganidan ko‘ra, tushunaman, bilaman deb, muvaffaqiyat qozonganingiz yaxshi.
Agar “Hayotimizda asqotmaydi”, deb yashasak, hech narsani o‘rganmaganimiz yaxshi ekan-da! Misol uchun, adabiyot, musiqa, teatr, san’at… inson shular bilan butundir. Hamma sohaning hayotimizda tutgan o‘rni, vazifasi bor. Pichoqni charx bilan o‘tkirlaganingizday, miya va zehningizni matematika, geometriya bilan charxlab turishingiz lozim. Yo‘qsa, aqlingiz “o‘tmas” bo‘lib qoladi. Imkoningiz bormi, o‘rganib qo‘yavering, ishontirib aytamanki, zarar qilmaydi!
– Matematikani zo‘r o‘rgangan odam boy bo‘lishi mumkinmi? Bu fan moddiy ehtiyojlarimizni qanchalik qoplab bera oladi?
– Avval matematikani savolingizdagiday ZO‘R o‘rganing, keyin siz bilan gaplashamiz. Menday oddiy bir o‘qituvchi bilan gaplashsangiz, albatta (kuladi).
Hazil, nega bo‘lmas ekan, matematikani zo‘r o‘zlashtirgan odam ham ma’nan, ham moddiy jihatdan ikki hissa boy bo‘ladi! O‘zbekistonda bu fanga talab kundan kun ortib bormoqda. O‘qiting, repetitorlik qiling, sohaning eng zo‘r mutaxassisi bo‘ling qani, boy bo‘lmas ekansizmi? Jahonga kelsak. Matematikani a’lo, “eplab bo‘lmaydigan darajada” o‘rganib, fanning ichida suzib yuruvchi g‘avvos bo‘ldingizmi, marhamat, dunyoda yechimi juda qiyin bo‘lgan maxsus masalalar bor. Uning javobini topganlar million-million mukofot puli olishyapti. Dollarda!
Boylik juda nisbiy tushuncha. Pul ortidan qancha quvlaganingiz bilan u sizdan uzoqlashadi. Undan ko‘ra mehnat qiling, o‘qib-o‘rganing, shunda pulning o‘zi ortingizdan quvib yuradi. Unutmang, kosib yoki arava surib ham boy bo‘lish mumkin. Qachonki o‘sha sohaning professionali bo‘lsangiz! Zo‘r kosib bo‘ling qani, boy bo‘lmaysizmi? Zo‘r mardikor bo‘lingchi, bosar-tusaringizni bilmay qolsangiz kerak. Xudo peshanaga bitmagan bo‘lsa, befoyda…
Agar haliyam, shuncha isbotimdan keyin ham boy bo‘lolmayman deb, matematikani o‘rganishni orqaga surib kelayotgan bo‘lsangiz, psixologga ko‘rining. Siz ishonchsizlik va pessimistlik dardiga yo‘liqqansiz. Davolaning va choyning pufagini sochingizga surtib yuravering, bir kun omad kulib boqadi…
– Matematikani necha yoshdan o‘rgangan yaxshi? Yosh ulg‘aygan sari uni tushunish shuncha qiyinlashadi, deyishadi. Bu qanchalik to‘g‘ri?
– O‘rganishni qancha erta boshlasangiz, shuncha yaxshi. Hech qachon kech emas! “Registon”da ishlayotganimga salkam 10 yil to‘layotgan bo‘lsa, bu vaqt ichida o‘qituvchilarim bilan Matematikani noldan o‘rgatishga asoslangan o‘quv dasturlari ishlab chiqdik. Hozir barcha matematika ustozlarimiz shu metodlar asosida o‘qitishmoqda. Bolalarda ham, kattalarda ham natija yomon emas, harakatga yarasha natijaga erishib kelyapti hammalari.
– Bugun texnika asri, globallashuv zamonida yashayapmiz. Qo‘limizda kompyuter, kalkulyator, telefon… bor ekan, matematika bizga nimaga kerak?
– Bugun eng yuqori daromad keltiradigan TOP zamonaviy kasblardan biri – Dasturlash va IT. Dasturchilarning daromadini, soatiga qancha topishlarini hisoblayman desangiz, adashib qolishingiz hech gap emas. Ular aynan matematikani juda yaxshi o‘rganishgan. Informatikani yaxshi bilib, kompyuterni sochib, qayta yig‘ganingiz bilan dasturlashda Paskal yoki boshqa shunga o‘xshash dasturlash tillari bilan ishlanadi. Bunda esa matematik salohiyat nihoyatda muhim.
Qo‘lingizdagi telefon esa matematik hisob-kitoblarga asoslangan holda ishlaydi. Yuqorida aytganimday, hayotimizni raqamlarsiz tasavvur etolmaymiz. Dunyo, ayniqsa, zamonaviy dunyomiz aynan matematika asosiga qurilgan. U bo‘lmasa, kalkulyator ham, telefon-komyuteringiz ham ishlamaydi. Xulosa o‘zingizdan!
– Qiziqtirib qo‘ydingiz! Matematikani oson o‘rganish, o‘zlashtirish uchun 3 ta muhim tavsiyangiz?
– To‘rtta tavsiya beraman. Bittasi mendan sizga sovg‘a, bonus bo‘la qolsin!
- Zo‘r ustoz toping, vaqtingizni behuda o‘g‘irlamasin, oldi-qochdi dars o‘tmasin, sohasining zo‘r mutaxassisi bo‘lish bilan birga haqiqiy pedagogga borsangiz, fanni juda tez va oson o‘zlashtirasiz. Ehtiyot bo‘ling, havaskor “o‘qituvchilar” sizni matematikadan sovutib, ko‘nglingizni qoldirib yuborishlari mumkin…
- Erinchoqlikni yo‘qoting, bugungi ish ertaga qolmasin. Hech qachon, har qanday vaziyatda! Qat’iy qaror qabul qiling, maqsadni aniq qo‘ying, dadil harakat va mehnat bilan orzularingizga erishing! Jaydari tilda aytganda, ushladingizmi, uzmaguncha qo‘yib yubormang!
- Takrorlash – bilimlarning onasi. Formulalarni muntazam ravishda takrorlab, ularni turli keyslarga qo‘yib, misol-masalalar ishlab yuring. Qilayotgan ishingizdan zavqlanishni o‘rganing, o‘rgating shunga o‘zingizni. Yodingizda bo‘lsin, nonini yeyayotgan ishingizni sevmaslik – gunoh!
- “Registon”ga keling. O‘zimiz sizni yo‘naltiramiz. Ta’lim loyihamiz butun respublika bo‘ylab faoliyat yuritadi. Bizga qarab bir qadam tashlang, o‘n qadam sizga yaqinlashamiz!
– Manfaatli suhbat uchun tashakkur!