Siz chet elda o‘qiy olasiz yoxud muvaffaqiyat qozonishning oddiy siri
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Xorijda o‘qishni istamaydigan odamni topish qiyin. Dunyoning turli burchaklaridagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida ko‘plab o‘zbekistonlik vatandoshlarimiz tahsil olishadi. Ularning bu yerda o‘qish imkoniyatiga qanday erishganlari haqida to‘liq tushuncha hosil qilishimizdan oldin biroz lirik chekinish qilishimga ijozat bergaysiz.
O‘zbekistonda litseyda o‘qib yurgan kezlarim matematika fanidan bir o‘qituvchimiz bo‘lardi. Juda qattiqqo‘l, o‘ziga to‘q, litseyimizning eng obro‘li o‘qituvchilaridan edi. Farzandlarining barchasi oliy ma’lumotli, ayrimlari chet ellarda ham o‘qib kelishgan. Ularning oilasiga havas qilardim. Bir kuni shu domlam menga bir gap aytib qoldi:
“O‘qing, og‘lim. Chet ellarga chiqib o‘qing. Nima istasangiz, hamma imkoniyat bor, faqat qidirib topishingiz kerak, xolos. Sizning o‘rningizda bo‘lganimda, ehhe, men dunyo kezardim…”
Bu gaplar aytilgandan beri oradan 10 yildan ziyod vaqt o‘tibdi. Domlamning menga qilgan nasihatlariga amal qilgan holda, jiddiy o‘qishga va chet elga chiqib, dunyo ko‘rishga harakat qildim. Bir talaba sifatida, o‘tgan yillarimdan chiqargan tajribam asosida shunga amin bo‘ldimki, domlam haq ekan. Qidirgan, imkonini topgan, albatta, maqsadiga erishar ekan…
AQShning eng boy odami Bil Geyts bilan sizning o‘rtangizdagi asosiy farq nima, bilasizmi? Asosiy farq bu uning boshqalar erishmagan muvaffaqiyatlarga erishganida. Uni boy qilgan ham, dunyoga mashhur “Microsoft” kompyuter dasturlari kompaniyasining asoschisi qilgan ham mana shu muvaffaqiyat. U erishgan bu muvaffaqiyatning kaliti nimada? Sizu biz ham u kabi bo‘la olamizmi? Yo‘g‘e, deyishga shoshilmang. Albatta, bo‘la olamiz. Undan zo‘rroq ham bo‘lishimiz mumkin.
Masalan, Ilon Mask. Janubiy Afrikadan AQShga talaba bo‘lib kelgan bu yigit bir necha yil ichida AQShning nafaqat eng boy odamlaridan biriga aylandi, balki avtomobilsozlik, kosmik raketalar va quyosh energiyasi texnologiyalari kabi bir qator sohalarda inqilob yasash darajasida o‘zgarishlar qilib, asrning eng buyuk ishbilarmonlaridan biriga aylandi. Bu yigit AQShga katta mablag‘ bilan yoki tanish-bilish orqali kelgan emas. Bugun nimagaki erishgan bo‘lsa, hammasiga o‘z aqli, mehnati va olgan bilimlari orqali erishdi. Bil Geyts va Ilon Mask ham boshqalar kabi odamzot naslidan, ikki oyoqli, og‘iz-burun, ko‘z-quloqqa ega bir banda. Tug‘ilganda hech narsani bilmasdi, hatto boshini ham ko‘tara olmaydigan zaif bir go‘dak edi, xuddi siz go‘dakligingizda bo‘lganingiz kabi. Ammo o‘qish va izlanish, qattiq mehnat uni bugungi muvaffaqiyatlar cho‘qqisiga chiqardi…
Bir ustozimiz bizga shunday derdi: “Har bir sohaning eng kuchli, eng zo‘r odamlari bor. Bir ish qilishga kirishdingmi, bir sohani kasb sifatida tanladingmi, men shu sohaning eng zo‘ri bo‘laman, deb niyat qil. Yaxshi mutaxassis bo‘laman, deb emas, birinchi raqamli eng zo‘r mutaxassis bo‘laman, deb ayt va shu yo‘lda bor kuchingni sarfla. Shu sohaning eng zo‘ri bo‘lish balki sening peshonangga bitilgandir, nega urinib ko‘rmaysan? Shunday niyat bilan harakat qilsang, eng zo‘ri bo‘lmasang ham, kamida eng zo‘rlaridan bittasi bo‘lasan”.
O‘zim bu hikmatli nasihatga to‘la amal qila olmagan bo‘lsam ham, ammo mendan maslahat so‘rovchi do‘stlarimga, ukalarimga doim shu gapni aytaman.
Zero Bil Geyts yoki Ilon Mask muvaffaqiyatining asl siri shunda. Chunki insonni ruhlantiruvchi, olg‘a intilishi uchun rag‘batlantiruvchi bir maqsad, bir marra bo‘lmasa, aslo oldinga siljish bo‘lmaydi. Talaba bu izlanuvchi, o‘rganuvchi degani. U izlanishdan, o‘rganishdan to‘xtamasligi, faqat oldinga intilishi kerak. Yuqoridagi gaplar ishtiyoqingizni, shijoatingizni qaynatgan bo‘lsa, demak, asosiy mavzuga o‘tsak ham bo‘ladi. Siz chet elda o‘qimoqchisiz, o‘zingiz tanlagan sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib, shu kasb bilan halol rizq topib oila tebratishni, xalqqa xizmat qilishni niyat qilgansiz. Tabriklayman, xorijda o‘qish imkoniyatining eng muhim, eng asosiy imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tibsiz. Chunki to‘g‘ri niyatga ega bo‘lishning o‘zi va bu niyatga erishish yo‘lidagi qat’iy ahd muvaffaqiyatning asosiy shartidir. Sizdan endi biroz izlanish va qattiqroq mehnat qilish talab etiladi.
Dunyoning eng sifatli bilim beruvchi ta’lim dargohlariga kirish oson emas. Sifatli narsaga talab kuchli bo‘ladi. Bu degani, bu o‘quv yurtlarida o‘qishni istaganlar ko‘p va shunga yarasha, qabul qilish shartlari qiyin va ilm olish narxlari ham qimmat bo‘ladi. Avvalo, siz o‘zingiz tanlagan yo‘nalish bo‘yicha yetarli ma’lumot yig‘ishingiz kerak. Shu soha bo‘yicha o‘qish taklif etuvchi qanday kollej yoki universitetlar bor, kirish uchun qanday hujjatlar talab etiladi kabi masalalarda to‘liq axborotga ega bo‘ling. Hozirgi kunda universitet veb-sahifalaridan bu boradagi barcha ma’lumotlarni osonlikcha topish mumkin. Keyingi bosqichda shu hujjatlarni tayyorlashingiz kerak.
Xabaringiz bor, chet ellik talabalardan ingliz tilini bilish darajalarini tekshirish uchun maxsus TOEFL yoki IELTS testlari talab etiladi. Agar magistratura yoki aspiranturaga topshirayotgan bo‘lsangiz, AQShda qo‘shimcha, GRE yoki GMAT kabi maxsus imtihonlar bor. Shularni topshirishingiz kerak. Mana shu jarayondagi yana bir muhim masala bu o‘qishingiz xarajatlarini qoplash uchun grant qidirish. Men bilan sizga o‘xshagan oddiy o‘zbek bolasining Amerikaga kelib, bu qimmat shaharlarda na yashashga va na o‘qishga qurbi yetadi. Ammo umidni uzmaslik kerak, chunki buning chorasi bor. Xorijda ta’lim olishning o‘ziga xos afzalliklaridan biri ham shunda, moliyaviy ahvolingiz bu yerda yashash va o‘qish xarajatlarini ko‘tara olmasa, ta’lim grantlari taklif etuvchi ko‘plab maxsus dasturlar bor. Odatda, har bir universitetning o‘zida talabalar uchun, xususan, xalqaro talabalar uchun maxsus grant dasturlari bo‘ladi.
Bundan tashqari, maxsus chet elliklar uchun yoki ayrim davlatlar, masalan, o‘zbekistonliklar uchun hamma xarajatlarni to‘liq qoplovchi yoki qisman qoplovchi grant dasturlari mavjud. Masalan, Amerika hukumati o‘zbekistonliklar uchun 15 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha to‘liq grant beruvchi maxsus o‘quv dasturlarini tashkil etgan. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi saytidan to‘liq ma’lumot topishingiz mumkin. Grant yutib olish uchun hujjatlarni qanday tayyorlash lozim yoki ushbu grantni yutishga sabab bo‘ladigan zarur bilim va ko‘nikmalarni qanday egallash va rivojlantirish kerak, bularning barchasi yana gaplashamiz.
Behzod Mamadiev