Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

“O‘quv sifatini yetarlicha taʼminlay olmaganimiz sabab sirtqi taʼlim tugatildi” — Qo‘ng‘irotboy Sharipov

Kecha, 14:36
“O‘quv sifatini yetarlicha taʼminlay olmaganimiz sabab sirtqi taʼlim tugatildi” — Qo‘ng‘irotboy Sharipov

Sirtqi taʼlim bekor qilindi: asosiy sabab nima?

Oliy taʼlim vaziri sirtqi taʼlim bekor qilinishining sababini tushuntirdi

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov “Daryo” nashriga bergan intervyusida sirtqi taʼlim shakli O‘zbekistonda nima sababdan to‘xtatilganini ochiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy sabab — taʼlim sifatining yetarli darajada taʼminlab berilmasligi bo‘lgan.

“Biz bu yo‘nalishda taʼlim sifatini 100 foiz taʼminlab bera olmaymiz. Chunki bilamizki, talabalarning ko‘pchiligi ish bilan band, vaqtida darsga kela olmaydi”, — dedi vazir.

Endi o‘rniga masofaviy taʼlim joriy qilinadi

Vazirning aytishicha, sirtqi taʼlim o‘rniga masofaviy taʼlim shakli joriy qilinadi. Bu shaklda darslar kuchli nazorat ostida o‘tadi. Har bir talaba kunlik onlayn darslarda ishtirok etishi, imtihonlarni shaffof topshirishi talab etiladi.

“Agar boshqa odam o‘rniga darsga kirsa yoki “shpargalka” ishlatilsa, kompyuter avtomatik tarzda o‘chirib qo‘yiladi”, — deya taʼkidladi vazir.

Dunyo tajribasi: sirtqi taʼlim yo‘q, muqobil shakllar bor

Sharipovga ko‘ra, dunyo tajribasida sirtqi taʼlim mavjud emas. Yevropa, AQSh va boshqa rivojlangan davlatlarda kunduzgi, kechki, masofaviy va uzaytirilgan taʼlim shakllari mavjud bo‘lib, talabalar o‘qishni o‘z holatiga qarab 4 yildan 10 yilgacha davom ettirishi mumkin.

“Biz top-300 talik universitetlar dasturlarini joriy qilyapmiz. Xorijdan professor-o‘qituvchilarni taklif qilyapmiz. Bundan qo‘rqmaslik kerak — muqobil, sifatli taʼlim shakli joriy qilinmoqda”, — dedi vazir.

Xulosa

O‘zbekistonda sirtqi taʼlim shakli rasmiy ravishda tugatildi. Buning asosiy sababi — taʼlim sifatini nazorat qilish imkonining cheklanganligi. Endilikda masofaviy taʼlim shakli joriy qilinadi va bu orqali yanada zamonaviy, samarali taʼlim tizimi shakllanishi kutilmoqda.