O‘zbekiston maktabgacha ta’limida bolalarning matematik ko‘nikmalari 94% ga yetdi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
2023-yil 9-oktyabrdan boshlab, O‘zbekistonning barcha hududlarida MELQO xalqaro vositasi asosida maktabgacha ta’lim sifatini baholashning birinchi bosqichi boshlandi. Bu vaqtga qadar O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tizimini sifatli baholash uchun hech qanday maxsus vosita mavjud emas edi.
Jahon banki loyihasi doirasida bu holatni yaxshilash maqsadida maktabgacha ta’limni MELQO baholash tizimi asosida baholashga qaror qilindi. MELQO xalqaro vositasi butun dunyo bo‘ylab erta yoshdagi bolalarni parvarish qilish va ta’lim sifatini o‘lchash uchun ishlatiladi. Tadqiqot natijalari bolalarning qanchalik rivojlanganligi va ta’lim muhitining sifati haqida aniq ma’lumot beradi.
2023-yilda tasodifiy tanlov usuli yordamida mamlakat bo‘yicha 100 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti tanlab olinib, ularning baholash va ma’lumotlarini to‘plash sertifikatlangan mutaxassislar tomonidan amalga oshirildi. Ikkinchi bosqich 2024-yilda boshlanib, unda 250 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti baholash uchun tanlandi.
Baholash natijalari
Yaqinda A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida O‘zbekistonda bolalarni erta yoshdan rivojlantirish va davlat ta’limini yaxshilashga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Unda Jahon bankining katta iqtisodchisi va MELQO baholash hisobotining hammuallifi Hiroshi Saeki tomonidan taqdim etilgan baholash natijalari e’lon qilindi.
Baholash natijalariga ko‘ra:
- Bolalarda ilk matematik ko‘nikmalarni baholash natijalari o‘rtacha 94% ga yetdi.
- Katta va tayyorlov guruhlaridagi bolalarda erta yoshdagi savodxonlik ko‘nikmalari 77% dan yuqori ekanligi qayd etildi.
O‘quv-metodik ta’minot
Baholash jarayonida ishtirok etgan 90% maktabgacha ta’lim tashkilotlarining o‘quv-metodik va didaktik adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlanganligi alohida ta’kidlandi. Bu ko‘rsatkich ta’lim jarayonining sifatini oshirishda muhim omil hisoblanadi.
Baholash dasturining boshqa natijalari
2024-yilda davom etgan baholash dasturi doirasida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
- MELQO xalqaro baholash vositasi O‘zbekistonda ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishiga qo‘yilgan davlat talablari va “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi bilan muvofiqlashtirildi.
- Barcha materiallar raqamlashtirilib, o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillariga tarjima qilindi.
- 250 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini tanlash mezonlari ishlab chiqildi.
- Tanlov natijalari quyidagicha taqsimlandi: shahar hududi — 68 ta (24%), tuman (qishloq) hududi — 182 ta (76%).
Ushbu natijalar O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatini ko‘rsatmoqda. MELQO baholash tizimi orqali olingan ma’lumotlar, kelgusida ta’lim jarayonlarini yanada rivojlantirish va takomillashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.