O‘zbekistonda fizikani o‘qib, kim bo‘lish mumkin?
Fizika fani hamma joyda har xil o‘rgatiladi. Bu ustozlarning mahorati, pedagogik metodlari bilan bog‘liqdir. Ammo “Registon” ta’lim loyihasida fizika butunlay boshqacha shaklda o‘qitiladi. Talab va takliflardan kelib chiqib, bugun e’tiboringizga “Registon” fizika Ta’lim kengashi raisi (lider ustozi), “Registon” Mega filialining fizika fani o‘qituvchisi, Katta ustoz, “Registon” Mega filiali direktori – Ma’rufjon Omonov bilan katta intervyu tayyorladik!
– Bizda ko‘pchilik fizika fanini topshirayotgan universitetidagi imtihon bloklarida borligi uchun o‘qiydi. O‘zi xohlab, qiziqib o‘rganadiganlar kamdek nazarimda. Aytingchi, fizika fanini faqat DTM imtihonidan yaxshi ball olish uchungina o‘qishga qanday qaraysiz, bu MAQSAD bo‘la oladimi?
– Haqiqatan ham to‘g‘ri aytdingiz. O‘zbekiston sharoitida ko‘pchilik fizika fanini oliygohga kirib olish uchungina o‘qiydi. Aynan shu fanga qiziqib o‘qiydiganlar kam, ammo yo‘q emas. Fizika fanini universitetga kirib olish uchungina o‘qish eng xato usuldir. Nega bunday deyapman? Har bir insonning hayotda yashashdan maqsadi, rejalari bo‘ladi, aynan ular orqali o‘ylagan orzu-niyatlariga erishadi. Avval har bir o‘quvchilarimiz maqsadni to‘g‘ri qo‘yishlari lozim. U nima fanni o‘rganishidan qat’i nazar, xoh fizika, xoh ingliz tili, xoh matematika bo‘lsin, farqi yo‘q, shu fanni o‘rgansam kelajakda insonlarga qanchalik foydam tegadi, bu fan bilan kelajagimni bog‘lay olamanmi, o‘zimni shu fanning mutaxassisi sifatida ko‘ra olamanmi degan savollarga javob olib, keyin o‘rganishi kerak.
Ko‘pchilik yoshlar, ayniqsa bu fan ko‘chasiga endi kirib kelayotgan o‘quvchilarimiz fizikani juda qiyin, murakkab deb o‘ylaydi. Aslida, bu ham xato. Fizika qiziqarli va hayotiy fan hisoblanadi. Chunki fizika olis o‘tmishdan to hozirgi kungacha hayotimizni osonlashtirish, og‘irimizni yengillashtirish uchun xizmat qilib kelmoqda. Fizika qonun-qoidalariga asoslangan holda texnika va texnologiyalar ishlab chiqiladi, atrofimizdagi jamiiki qurilmalar, qo‘lingizdagi telefon, noutbuk, soat va boshqa gadjetlar ham fizika fani mahsulidir. Men o‘quvchilarimga fizikani faqat imtihondan o‘tish uchun o‘rganmasliklarini qayta-qayta aytib kelaman. Axir uyingizda chiroq o‘chib qolgan payti uni o‘zingiz, usta chaqirmasdan, mustaqil tuzata olishingiz ham bir baxt emasmi?! Bu ham fizika bo‘ladi-da, akasi!
– Fizikani o‘qigan va shu yo‘nalishda tahsil olgan o‘quvchi kelajakda kim bo‘ladi? Aynan bizning jamiyatda unga qanday imkoniyatlar bor? Yoki fizika o‘qituvchisi, nari borsa fizik olim bo‘lish bilan cheklanib qoladimi?
– Yo‘q, bor yo‘g‘i bu emas. Fizika fanidan tahsil olgan o‘quvchilar ko‘plab sohalar bo‘yicha o‘qishi va faoliyat yuritishlari mumkin. Tushunishingiz uchun, O‘zbekiston sharoitida fizika fani bilan bog‘liq sohalarni keltirib o‘taman: arxitektura va qurilish, aviatsiya va uchuvchilik, geologiya va qidiruv tizimlari, kadastr tizimlari, axborot texnologiyalari sohasi, transport, neft va gaz ishi, telekommunikatsiya tizimlari, suv xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi, sun’iy intellekt va robototexnika, energetika sohalari va hokazo. E’tibor bersangiz, sanaganlarimiz shaharda ham, qishloqda ham insonlar eng ko‘p murojaat qiladigan, qishin-yozin ishimiz tushadigan, zamonaviy tilda aytganda, “trend” kasblar hisoblanadi. Ularsiz hayotimizni tasavvur qila olasizmi? Bu sohalar nafaqat O‘zbekiston, balki har bir davlatning rivojlanishida muhim rol o‘ynaydigan asosiy omildir.
Endi e’tiboringizni statistikaga qaratmoqchiman: Davlat qabul komissiyasining 2023-yilda bakalavr uchun jami ta’lim yo‘nalishlari soni 484 ta bo‘lsa, shundan 177 tasi, ya’ni 37 foizi aynan fizika va matematika sohasiga oiddir. Bu esa iqtisodiyot 16 foiz, tabiiy fanlar 14 foiz, ijtimoiy gumanitar va tillarga oid boshqa yo‘nalishlarga qaraganda anchagina yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Fizika va matematikada boshqa soha yo‘nalishlaridan ancha ko‘p imkoniyat borligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Hatto qabul kvotalariga e’tibor bersangiz ham boshqa yo‘nalishlarga qaraganda ko‘plab abituriyentlarni aynan fizika va matematika sohalari qamrab olgan. Buning asosiy sababi, bugungi globallashuv davrida texnika va texnologiyaga talab qanchalik ortayotgan bo‘lsa, yaxshi fiziklarga bo‘lgan talab ham butun dunyoda shunchalik yuqori!
– Maktabni endi bitirgan abituriyentni olaylik. Uning oldida yo fizika fanidan repetitorga borib, o‘qishga kirib, kelajakda sohasining mutaxassisi bo‘lish yoki dasturlashni o‘rganib, IT sohasidan ketish turibdi. Uning dasturchilikni qo‘yib, aynan fizikani tanlashi uchun nechta sabab ayta olasiz? O‘zi sabablar bormi?
– Yuqorida aytganimdek, inson qaysi fan yoki sohani o‘qib o‘rganishdan qat’i nazar o‘zi tanlagan yo‘nalishidan zavqlanishi, bajarayotgan mashg‘ulotidan rohatlanishi lozim. Ilm shundagina sizga “yuqadi”, hafsalasizlik bilan emas, shijoat bilan mehnat qilasiz, har kuni ertalab ishga bormaysiz, balki kun davomida sevimli mashg‘ulotingiz bilan shug‘ullanib qaytasiz.
Maktabni endi bitirgan abituriyent qaysi yo‘ldan ketsin, deyapsiz. Menimcha, o‘quvchi maktabni bitirgunga qadar qaror qabul qilib bo‘lishi kerak, bu paytda nimani tanlasam ekan deb o‘tirishga juda-juda kech! Bu xuddi tengdoshlari allaqachon manzilga yetib borgan samolyot reysiga bilet qidirib yurishga o‘xshaydi…
Endi ITmi yoki fizika, degan savolingizga kelsak. Aslida, mening mutaxassisligim IT, sun’iy intellekt bo‘yicha ta’lim olganman. Qolaversa, bu sohada ham juda ko‘p loyihalarni amalga oshirganman, izlanishlar qilganman. O‘zimdan misol, men aynan fizika fanini yaxshi tushunganim uchun ham IT sohasini oson o‘zlashtirganman. Bundan tashqari, biznes, menejment yoki boshqaruv sohasidan ham xabarim bor. Bularning barchasiga fizika sababchi, men fizika bilan yashayapman!
Aynan fizika tasavvurimni kengaytirdi, dunyoqarashimni rivojlantirib, zehnimni o‘tkirladi. Ishonamanki, shu fanni o‘rgangan har bir inson istalgan sohada hayoti davomida duch keladigan muammolarni osonlik bilan yecha oladi. Qolaversa, qiyin vaziyatlarda o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi. Fizikani tushunmasdan IT ni o‘rgansa bo‘ladimi-yo‘qmi, aniq nimadir deyolmayman, lekin fizikani tushungan odamga IT cho‘t emas, u bu sohani juda oson o‘zlashtiradi! “Aytishnik” bo‘lishni orzu qiladigan ukalarimiz bo‘lsa, fizikani yaxshilab o‘qisin, albatta, sohasining eng zo‘ri bo‘lishadi, haqiqiy mutaxassis bo‘lib yetishishadi!
– Shu o‘rinda fizika fani bo‘yicha eng zo‘r mutaxassis bo‘lgan odamning istiqbollari haqida ham gapirib o‘tsangiz. Fizik mutaxassislarni qanday kelajak kutyapti?
– Fizikani mukammal o‘zlashtirib, juda katta muvaffaqiyatga erishgan insonlar ko‘plab topiladi. Ayni damda hammaga tanish Eynshteyn, Nyuton yoki Edisonlarni misol keltirmayman. Chunki ular haqida siz yaxshi bilasiz. Men ayni damda zamondoshimiz bo‘lgan atrofimizdagi, oramizdagi odamlar haqida gapirmoqchiman: Bugun dunyoning eng boy odami ro‘yxatida Ilon Mask hamisha yuqori pog‘onalarda turadi. Bilsangiz, uning bilimlari, butun dunyoni lol qoldirayotgani ixtirolari ham aynan fizika asosiga qurilgan. Fizik kashfiyotlari, tadqiqotlari orqasidan bugun butun dunyoga mashhur muvaffaqiyat sohibi, yirik kompaniyalar rahbaridir.
Dunyoni qo‘ya turing, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov ham fizikani o‘qib-o‘rganib, O‘rta Osiyo Politexnika universitetini tugatgan, so‘ng aviatsiya sohasida faoliyat yuritgan. Siyosatda ham, davlat boshqaruvida ham fizika qo‘l kelganligini xotiralarida yozib qoldirgan. O‘zbekistonning mustaqillikka erishishiga hissa qo‘shib, mamlakatni chorak asr boshqargan siyosatchi ham mutaxassisligi bo‘yicha aynan fizik bo‘lgan. Bugun amaldagi prezidentimiz Shavkat Miromonovich ham fizikaning sir-asrorlarini chuqur egallab, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlab, mexanik muhandislik mutaxassisligida faoliyat yuritgan. Umuman, fizikani o‘rganmoqchi bo‘lgan insonlar uzoqqa borishi shart emas. “Qahramon”lar shundoq ko‘z oldida yuribdi.
– Fizikadagi masala bilan matematik masalalarning farqi? Qaysi biri qiyinroq?
– Aslida fizika va matematika masalalarida deyarli hech qanaqa farq yo‘q. Ikkalasi boshqa-boshqa fan bo‘lsa, qanaqasiga unday bo‘lishi mumkin, deyishingiz mumkin. Lekin shunday. Fizika fanining tili bu matematikadir. Ikkalasida ham masala yechimida chiqadigan so‘nggi natija muhim hisoblanadi. Matematikasi kuchli bo‘lgan o‘quvchilar fizikani tezlik bilan juda ham oson o‘zlashtirishadi. Axir buyuk fizik Nyuton ham avvalboshda matematik bo‘lgan. Menimcha, matematikani zo‘r o‘qigan odam fizikadan qiynalmaydi, yoki aksincha. Muhimi mehnat, ishtiyoq va hafsala, shunda hammasi yaxshi bo‘ladi. Bu fan oson, bu fan qiyin deb ajratmang, shunchaki o‘qing, o‘rganing va muvaffaqiyatga erishing!
– Fizik masalalarni oson va to‘g‘ri ishlash uchun qanday tavsiyalaringiz bor?
– Masalalarni hech qachon shunchaki tayyor formulaga qo‘yib ishlamang. Eng avval masalani yaxshilab o‘qing va daftarga yozmasdan miyada o‘ylang, tahlil qiling, mohiyatni tushunib oling. Qaysi formulaga qo‘yishingiz kerakligi va bu formula bilan to‘g‘ri natija chiqara olishingizga amin bo‘lishingiz kerak. Fizikadagi masalalarni to‘g‘ri va aniq ishlashda tasavvur kuchi muhim ahamiyat kasb etadi. Tasavvur kuchini qanday oshirsam bo‘ladi, deyishingiz mumkin. Bu uchun nazariy qoidalar, formulalar isbotini yaxshilab o‘rganishingiz lozim. Shunda har qanday masalani to‘g‘ri va oson ishlay olasiz!
Ikkinchi tavsiyam ham bor, “Registon” ta’lim loyihasining fizika fani o‘qituvchilari ko‘pchilik o‘quvchilar muammoga duch kelgan, yechimini topishga qiynalgan, shuningdek mashhur, imtihonda tushish ehtimoli yuqori bo‘lgan masalalarni “101 masalaga 101 yechim” loyihasi doirasida ko‘rib chiqishgan. Bu orqali o‘quvchilarimiz masala ishlashda yo‘nalish olishlari, to‘g‘ri javob qanday, qay yo‘l bilan chiqarilayotganini ko‘rib, masala ishlash ko‘nikmasini yanada rivojlantirishlari mumkin.
– Fizika fani mutaxassisi, o‘z ustida ishlab, kasbini chinakamiga egallagan insonning daromadi qancha bo‘ladi? Aynan O‘zbekiston sharoitida?
– Eng ko‘p beriladigan va javobi ko‘pchilikka qiziq bo‘lgan savol! Bizda fizika yo‘nalishida tahsil olgan insonning oldida ikki yo‘l bo‘ladi:
- a) fizika fanini kelajak avlodga o‘rgatish;
- b) fizikaga aloqador biror sohada faoliyat yuritish.
Xorijda bo‘lsa fizika fani mutaxassislariga talab o‘ta yuqori, shunga yarasha ular oladigan oylik-daromad ham ancha baland! Chetni qo‘ya turing, o‘zimizdagi real vaziyatni tahlil qilamiz. To‘g‘ri, bizda fizikadan dars beruvchi maktab o‘qituvchilarining oylik daromadi unchalik yuqori emas. Ammo bugun o‘z ustida ishlab, turli mezonlarga javob bera oladigan o‘qituvchilar 1000 AQSH dollarigacha maosh olishyapti. Turli grantlarda g‘olib bo‘lishsa, chet davlatga borib, dam olib qaytishlari ham mumkin. Qo‘yingchi, fizikami, kimyomi, nima soha bo‘lmasin, hammasi o‘zingizga bog‘liq. Sohangizning eng zo‘ri bo‘ling, kerak bo‘lsa, bitta bo‘ling, oldingizga tushadigani bo‘lmasin, “pulning tagida qolib ketmasangiz”, bizga kelasiz!
– Fizika fanini o‘qitish bo‘yicha o‘quv markazlarida yetarlicha sharoit bormi? “Registon”da bu borada qanday qulayliklar mavjud?
– Fizika fani hamma joyda har xil o‘rgatiladi. Lekin hamma bitta narsani o‘qitadi, manzilga kimdir uzoq va murakkab yo‘ldan borsa, kimdirlar eng yaqin, yakunda sizni muvaffaqiyatga olib chiqadigan yo‘lni tanlashadi. Bu ustozlarning tajribasi, pedagogik mahorati va metodlari bilan bog‘liq jarayondir. Natija beradigan, ishonchli o‘qituvchidan tahsil olmasangiz, qimmatli vaqtingizni behuda sovurishingiz ham hech gap emas!
Boshqa o‘quv markazlaridagi shart-sharoitni bilmadim, bilgan taqdirimda ham ular menga qiziq emas. Chunki men faqat “Registon” o‘quv markazida ishlaganman, sizga ham aynan “Registon”dagi vaziyat haqida ma’lumot bera olaman, o‘zingiz boshqalar bilan solishtirib, xulosa chiqarib olasiz.
Men “Registon”da fizika fani o‘qitilishi bilan bog‘liq barcha masalalarga javobgar shaxs, “Registon” ta’lim loyihasidagi fizika o‘qituvchilarining lideri hisoblanaman. Bizda fizika faniga oid onlayn videodarslar bo‘ladimi, fizika fanidan olimpiada va musobaqalar deysizmi, testlar, kitob va qo‘llanmalar… barchasini o‘z ichiga olgan, sifatli ta’lim ustidan nazorat qiladigan “Registon” fizika ta’lim kengashi faoliyat yuritadi. Kengashimizning maqsadi “Registon” ta’lim loyihasida fizika fanining o‘qitilishi, o‘quvchilarga to‘g‘ri va oson o‘rgatish bo‘yicha amaliy ishlarni bajarishdan iborat.
Bundan tashqari, bizda maxsus “Registon” fizika metodologiyasi ta’lim loyihasi muntazam ravishda ishlab turadi. Bu metodologiya bir kurs davomida o‘quvchini qanday qilib nol darajadan fizikani mukammal o‘zlashtirishi uchun kerakli yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan. Dastur davomida o‘zimizning fizika faniga oid to‘plamlarimiz asosida dars mashg‘ulotlari, 5 yirik takrorlash imtihonlari, har yakshanbada tizimli o‘tkaziladigan ochiq va yopiq haftalik testlar, oyda bir marta 5 blokdan maxsus test sinovlari tashkil etiladi. Metodologiyamizning takrorlash imtihonida savol-javob qismi, formula va birliklarni o‘zgacha yodlash usullari, o‘quvchilarda masalani tez va oson ishlash ko‘nikmasini shakllantirish bo‘yicha mashg‘ulotlarni amalga oshiradi. Bu metodologiya bizning barcha filiallarimizda amal qiladi, maqsadimiz faqat va faqat mega-natijalarga asoslangan!
Qolaversa, “Registon” ta’lim loyihasining You Tube platformasida Fizika fanidan bepul, sifatli formatdagi masofaviy onlayn darslar joylab boriladi. O‘quv markazida o‘qishga imkoniyati yo‘q yoki vaqti yetmaydigan o‘quvchilar aynan videodarsliklar orqali ham fizikani o‘rganishlari mumkin. Biz hamisha abituriyentlar tomondamiz, respublikamizning barcha hududlarida o‘quv markazimizning filiallari bor, ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘quvchilar bilan muntazam ravishda muloqot qilib boramiz. Biz abituriyentlarga “ochiq” bo‘lganimiz uchun ham ular nima xohlashini yaxshiroq bilamiz, safimiz keng, yo‘limiz va yuzimiz hamisha yorug‘, maqsadlarimiz mushtarakdir!
– Fizikadan tayyorlanishga ikkilanib yurgan yoki fanni bir muddat o‘rganib, hozir tashlab qo‘yganlarning yana o‘qishga qaytishlari uchun 3 ta tavsiya bersangiz?
– Agar siz fizika fanidan tayyorlanishni boshlamoqchisiz-u, ammo o‘zingizda jur’at, motivatsiya topolmayotgan bo‘lsangiz, oldingizda turgan devorni buzing va o‘qishga kirishing. Chunki boshqa fanlardan farqli ravishda fizika faniga kirish, uni o‘rganish boshida biroz murakkabdek tuyulgani bilan, ma’lum vaqt o‘tib, siz fizika dengizida g‘avvosga aylanasiz. Fan ichiga sho‘ng‘iysiz, masalalar orasida suzasiz, “suv”dan chiqqingiz kelmay qoladi. Siz fanga moslashasiz hamda siz uchun bu oson, qiziqarli mashg‘ulotga aylanadi. Bora-bora masala ishlab maza qiladigan, rohatlanadigan darajaga erishasiz. Hammasi mehnat va sabr bilan bo‘ladi, erinmasdan harakat qilsangiz kifoya!
Ikkinchidan, tayyorlanishni boshladingizmi, albatta, oxirigacha boring. Hech qachon fizikani yarmiga ham bormasdan tashlab ketish uchun boshlamang. Kirishdingizmi, mahkam ushlang, shu sohani mukammal o‘rganing, kerak bo‘lsa, fizika faniga oid sohalar bilan qiziqing, bu yo‘nalishlarda faoliyat yuriting, tajribangizni muntazam oshirib boring. Barcha insonlar uchun foydali bo‘ladigan yangilik yaratish uchun tinmay o‘qib-izlaning.
Uchinchi tavsiyam, fizika fanini o‘rganish yoki alohida fizikaga oid sohada ishlash davrida rohatlaning, bajarayotgan mashg‘ulotingizdan zavqlana biling, kelajagingiz fizika bilan chambarchas bog‘liqligini, ertaga bu fanni o‘rganib, yuksak marralarni zabt eta olishingizni his qiling. Agar o‘rganayotgan faningizdan maza qilolmasangiz, ishga borganda soat sanab, uyga qaytishni kutib kun o‘tkazsangiz, siz yashamaysiz, balki kun ko‘rasiz xolos. Bunday hafsalasizlik bilan o‘rganganda esa ilm ham sizga yuqmaydi!
Haliyam fizikani o‘qisammi-yo‘qmi deb ikkilanib o‘tiribsizmi, motivatsiya topolmayapsizmi? Unda xuddi shu suhbatni boshidan oxirigacha qaytadan o‘qib chiqing, diqqat bilan o‘qing, butun kelajak hayotingizni tubdan o‘zgartirib yuboradigan umid aynan shu intervyuda bo‘lishi mumkin…