Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

“Pay IT Forward” jamoasi bilan dasturlashni bepul o‘rganish imkoniyati

20.10.2021 11:17
“Pay IT Forward” jamoasi bilan dasturlashni bepul o‘rganish imkoniyati

Muddati:

28.10.2021

Davlat:

O‘zbekiston

Rasmiy havola:

medium.com

Grant turi:

Malaka oshirish

“Pay IT Forward” dasturlashga qiziqishi bor yoshlar uchun bepul dasturlash darslari tashkil etmoqda. Grantlar soni 10 ta.

Maqsad:
Kundalik hayotimizda dasturlashni o‘rgatadigan kurslar, o‘quv markazlari va pullik onlayn darslarni ko‘p ko‘ramiz. Ayrim kurslarning narxlari 500,000 so‘mdan to 10,000,000 so‘mgacha qilib belgilanganiga guvoh bo‘lamiz. Bunday narxlar hamma uchun ham to‘g‘ri kelmasligi aniq. Bizning “Pay IT Forward” jamoasi esa dasturlashni bepul o‘rganish mumkinligiga ishonadi va buni boshqalarga ham o‘rgatish niyatida. Jamoamizning maqsadi dasturlashga qiziqadigan intiluvchan insonlarni birlashtirib, professional darajadagi dasturchilar safini kengaytirishdir.

  1. Jamoadagi ustozlar shogirdlarga ma‘lum vazifalar va materiallarni berib boradilar. Shogirdlar esa, o‘z navbatida, vazifalarni vaqtida topshirib borishlari kerak.
  2. Kunlik qisqa yig‘ilishlarda har kim nimalarni o‘rgangani va bugun nima ishlar qilishini aytib boradi. Hafta oxirida uzunroq yig‘ilishda hafta tahlili bo‘lib o‘tadi.
  3. Shogirdlardan materiallarni erkin o‘rganish, savollarni onlayn guruhda so‘rab borish va boshqalar so‘ragan savollarga imkon qadar javob topishga harakat qilish kutiladi.
  4. A‘zolar turli joylarda yashayotgani uchun barcha darslar onlayn bo‘ladi.
  5. Kursimizni bitirish talabi — ishga kirish.
  6. Siz kurs oxiriga borib junior (boshlang‘ich) frontend dasturchi bo‘lib yetishasiz. Asosiy dasturlash tili: JavaScript.

Jamoaga qo‘shilish uchun talablar:

Minimum:

  1. Dasturlashga qiziqishingiz, qunt, sabr-toqatli bo‘lishingiz va bardavom (kuniga kamida 2–3 soat) dars qila olishingiz;
  2. Mantiqiy fikrlash va masalaga tanqidiy yechim topa olishingiz;
  3. Ingliz tilini kamida o‘rta (intermediate) darajada bilishingiz;
  4. Dasturlashga mos zamonaviy kompyuteringiz bo‘lishi, internet va elektr energiya bilan muammo bo‘lmasligi kerak;
  5. Kompyuterni ishlatish uchun bazaviy bilimingiz bo‘lishi:
  • Papka va fayllar yaratish;
  • Yangi dasturlarni o‘rnatish;
  • Brauzer bilan ishlash;
  • Google orqali ma‘lumot izlash;
  • Elektron pochtani tekshirish va xat yozish;
  • Vebsaytlarga a‘zo bo‘lish, ularga kirish va chiqish.

6. Va eng asosiy talab: biz bilan o‘qishni bitirgandan keyin jamoamizga yaqindan yordam berib borishingiz va o‘zingiz ham kamida 3 ta shogird topib ularga dasturlashni xuddi shu shartlar bilan bepul o‘rgatishingiz kerak.

Qo‘shimcha talablar (majburiy emas):

  1. O‘zbek tilida ravon va bexato yozish.
  2. Qaysidir dasturlash tilida kod yozib ko‘rgan bo‘lish.
  3. Rus tilini bilish.

Arizalar 16-oktabrdan 28-oktabr soat 23:59 ga qadar qabul qilinadi. Arizani mana bu yerga kirib topshiring: https://forms.gle/VZfCBywr58QYpY8i8

Sinov tartibi:

Arizadagi talablarimizga to‘g‘ri kelgan nomzodlar bilan onlayn video intervyu qilinadi. Unda:

  1. Ingliz tilidagi biror dasturlashga oid ma‘lumotni o‘qib/tinglab tarjima qilib berasiz.
  2. Mantiqiy masala yechasiz.
  3. Siz haqingizda suhbatlashamiz (behavioural interview).

Jamoa a’zolari va dastur haqida batafsil shu yerdan ma’lumot olishingiz mumkin.