Qizlar uchun grantlar soni 2 mingtaga yetkaziladi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
O‘zbekistonda oliy ta’limning qamrovi va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida 2021-yildan boshlab oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshirilishini ma’lum qildi.
“Oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga ko‘paytirib, 2 mingtaga yetkazamiz. A’lo baholarga o‘qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etiladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
“Shu o‘rinda bir fikrni aytmoqchiman. Hozirgi vaqtda yoshlar eng nufuzli oliygohlarga kirish uchun intiladi, lekin oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida bilimli va iqtidorli yoshlarni jalb qilish bo‘yicha raqobat yo‘q. Shu sababli, xususiy oliygohlarga ham kerakli mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasi berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi”, — dedi davlat rahbari.
Oliygohlar va ta’lim tizimining quyi bo‘g‘inlari o‘rtasidagi uzviylikni kuchaytirish maqsadida 65 ta akademik litsey oliy o‘quv yurtlari tasarrufiga o‘tkaziladi. Shuningdek, 187 ta texnikum ham o‘z yo‘nalishi bo‘yicha turdosh oliygoh va tarmoq korxonalariga biriktiriladi.
“Yangi yilda yurtimizdagi 30 ta yetakchi oliygohga o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni mustaqil hal qilish huquqi beriladi”, — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.