Rossiyada o‘zbek tilini o‘rgatish ruslarni kamsitish bo‘lsa, O‘zbekistonda rus tilini o‘rgatish-chi? – Qodirov
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov O‘zbekiston fuqarolarini olib ketishga chaqirgan rossiyalik deputatning gaplariga o‘z munosabatini bildirdi.
“Rossiya maktablarida o‘zbek tilini o‘rgatish rus millatini kamsitish hisoblanadi-yu, O‘zbekiston maktablarida rus tilida ta’lim berilayotgani o‘zbeklarni kamsitish hisoblanmaydimi?” deydi Alisher Qodirov.
Uning fikricha, Rossiyada o‘zbeklar va o‘zbek tiliga munosabat "Delyagincha" bo‘lsa, O‘zbekistonda ham rus tiliga munosabat butkul o‘zgarishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari Qahramon Quronboyev Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov bilan uchrashuvda, Rossiya hukumatidan o‘zbek diasporasi hisobidan mamlakatda mehnat muhojirlarining farzandlari uchun xususiy bog‘cha va maktablar ochishda yordam so‘ragani haqida xabar berilgan edi.
Rossiyalik deputat Mixail Delyagin mazkur tashabbus mamlakat qonunlariga mos kelmasligini aytib chiqdi.
“Bu Rossiyani ichidan yemirib, keyin esa yo‘q qilish bo‘yicha ataylab olib boriladigan siyosat. Bunda avvaliga begona bo‘lgan, keyin esa dushman kayfiyatidagi anklavlarni yaratishga harakat qilinadi”, degan u.
Avvalroq, Rossiya Davlat Dumasining milliy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Gennadiy Semigin ham mamlakatga kelib o‘rnashayotgan migrantlar haqida keskin fikrlar bildirgan edi.
Manba: Qalampir.uz