Sirtqi ta’limda tahsil olayotgan talaba kunduzgi ta’limga o‘qishini ko‘chirishi mumkinmi?
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Sirtqi ta’limda tahsil olayotgan talaba kunduzgi ta’limga o‘qishini ko‘chirishi mumkinmi?
✅ Javob: ha, mumkin.
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 yanvardagi 59-sonli qarorining 8-bandida Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) va kechki (smenali) ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida» 2017 yil 21 noyabrdagi 930-son qaroriga 1-ilovaning 12-bandi quyidagi tahrirda bayon etilishi begilangan:
«12. Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limdan kunduzgi ta’limga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchisiga ko‘chirishga ruxsat beriladi».
Mazmundan ko‘rinib turibdiki, ushbu o‘zgarish asosida sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limdan kunduzgi ta’limga ko‘chirishga ruxsat berilgan.
Muammo: Ta’kidlash joiz, yuridik texnika nuqtai nazaridan mazkur o‘zgarish kiritilayotganda qaror loyihasini tayyorlaganlar bir kichik jihatni unutib qoldirishgan. Talabalarning o‘qishini ko‘chirish bilan bog‘liq jarayonlar Vazirlar Mahkamasining maqolamiz avvalida eslab o‘tilgan umuman boshqa bir qarori asosida tartibga solinadi. Ammo sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limdan kunduzgi ta’lim shakliga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilganligiga oid o‘zgarish o‘sha asosiy qarorga kiritilmay qolgan. Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 9-bandiga haligacha o‘zgarish kiritilmagan va bu bandda sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limdan kunduzgi ta’limga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchi ta’lim sohasiga o‘qishni ko‘chirish haqidagi arizalarga rad javobi berilishi belgilangan.
💡Yechim: Ko‘rib turganingizdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlarida 2 xil qoida belgilangan, birida sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limdan kunduzgi ta’limga o‘qishni ko‘chirishga mumkin deyilgan, ikkinchisida mumkin emas, deyilgan. Bunaqa vaziyatda yechim qanday bo‘ladi? Ya’ni qaysi qaror amalda qo‘llanilishi kerak? Buning javobini «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonundan topamiz.
Mazkur qonunning 16-moddasiga ko‘ra, teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovut bo‘lgan taqdirda keyinroq qabul qilingan hujjat qoidalari amal qiladi. Biz ko‘rib chiqayotgan masalada farq mavjud bo‘lgan ikkala hujjat ham «teng yuridik kuchga ega», ya’ni ikkalasi ham Vazirlar Mahkamasining qarori. Agar mabodo biri Vazirlar Mahkamasining qarori, ikkinchisi Prezident qarori bo‘lganda, unda shubhasiz Prezident qaroridagi qoida amal qilgan bo‘lar edi. Bu shunchaki ma’lumot uchun. Qonun talabidan kelib chiqsak, keyinroq qabul qilingan hujjat qoidalari amal qilishini bilib oldik. Demak, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 yanvardagi 59-sonli qarori bilan belgilangan qoida kuchga ega bo‘ladi.
✅ Xulosa: talabalar joriy yildan boshlab belgilangan tartiblarga amalga qilgan holda sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limdan kunduzgi ta’limga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchisiga o‘qishini ko‘chirishi mumkin.