Talabalar uchun foydali tavsiyalar
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
O‘qishni oson va yoqimli jarayonga aylantirish, sessiyada muammolarga duch kelmaslik va barcha imkoniyatlardan maksimal foydalanish haqida.
Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardan foydalaning
Telegramda guruh yarating va unga barcha kursdoshlaringizni taklif eting. Bu orqali siz barcha bilan tezroq tanishishingiz, darslar jadvalini, hujjatlarning skanerlangan variantini (hozirgi paytda smartfonlarning kamerasi orqali olinadigan rasmlar ham bundan qolishmaydi) hamda muhim e’lonlarni bo‘lishishingiz mumkin.
Bundan tashqari ko‘pchilik kursdoshlar uchun ma’qul keluvchi ushbu messenjer orqali guruhdagi umumiy masalalar bo‘yicha xabar almashish va shoshilinch xabarlarni joylashtirish mumkin.
O‘qituvchilaringiz haqida yaxshiroq bilib oling
Barcha o‘qituvchilaringizning ismlari va telefon raqamlarini yozib oling. Ular kech qolganlarida siz har doim qo‘ng‘iroq qilib dars bo‘lishi yoki bo‘lmasligini bilishingiz mumkin. Bu sizni besamar kutib turishdan xalos etadi.
Qo‘shimcha ma’lumot ham ortiqchalik qilmaydi. O‘zingizdan katta kurslarda tahsil olayotgan talabalardan ayrim pedagoglar darslarga kech qolishga qanday qarashi, o‘zlarini imtihonda qanday tutishi va kimlarga avtomatik tarzda baho qo‘yishi haqida surishtiring. Ushbu ma’lumotlar talabchan o‘qituvchilar bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolardan sizni halos etadi.
Konspektni albatta qo‘lda yozib boring
Ba’zi bir talabalar ma’ruza paytida diktofonni yoqib qo‘ygan holda bo‘shliqqa tikilgancha shunchaki o‘tirishadi. Siz bunday qilmang! Passiv o‘tirgan talaba o‘qituvchilarning jig‘iga tegadi, axborotni nisbatan yomon o‘zlashtiradi, ma’ruzani takrorlagisi kelgan paytda esa uni to‘liqligicha qayta eshitishiga to‘g‘ri keladi.
Yaxshisi qo‘lda yozib borgan ma’qul. Tadqiqotlarning ko‘rsatishiga qaraganda qaydlarni qo‘lda kiritib borgan talabalar kompyuterda matn terib kiritadiganlarga nisbatan axborotni yaxshiroq qabul qilishadi. Daftarda siz sxemalarni chizishingiz va belgilar qo‘yib borishingiz, jumlalarni qisqartirishingiz, rasmlarni qo‘shishingiz mumkin – bularning barchasi axborotni yaxshiroq eslab qolishingiz va uni takrorlash uchun kamroq vaqt sarflashingizga yordam beradi.
Referat va kurs ishlarini vaqtida topshiring
Sessiya paytida asabiy-emotsional zo‘riqish kuchayadi, qo‘shimcha “dumlar” esa vaziyatni yanada qiyinlashtiradi. Bunday hollarda o‘zingizni osongina tushkunlik va hissiy tuynuklarga olib kelishingiz mumkin.
Tadqiqotning ko‘rsatishiga qaraganda, tibbiyot OTMlarining 34-40% talabalari ushbu muammodan aziyat chekishadi. Kuyib yonish boshqa fakultet talabalarida ham kuzatiladi va bu ko‘pincha sessiya paytidagi yuqori yuklamalar fonida yuzaga keladi.
Stressni oshirmaslik uchun oldindan tayyorlanishni boshlang. Shunda siz bir kun qolganida tun davomida mijja qoqmay sifatsiz ishni yozish hamda ertasi kuni uni chop etish uchun joy izlashingizga hojat qolmaydi.
Printer xarid qiling
O‘qish davri mobaynida siz juda ko‘plab hujjatlarni chop etishingizga to‘g‘ri keladi: referatlar, hisobotlar, kurs ishlari, diplom ishi. Ba’zi ishlarni ko‘p marotaba chop etishga to‘g‘ri kelishi mumkin, hamma ham xato qiladi, hech kim bundan sug‘urtalangan emas.
Intervalli takrorlashlar qilib turing
Imtihondan oldin hammasini boshqatdan o‘rgangandan ko‘ra, konspektlaringizni semestr davomida vaqti-vaqti bilan kuzatib turing. Intervalli takrorlash texnikasidan foydalaning: ma’lumotni tobora ortib borayotgan vaqtlar oralig‘ida, unutishni boshlayotgan paytingizda takrorlab turing.
Masalan birinchi marta mavzuni ma’ruzadan bir hafta o‘tib, keyin – ikki hafta o‘tib, 1 oy o‘tib, 2 oy o‘tib takrorlang. Asta-sekin bilimlaringiz uzoq muddatli xotiraga joylanadi. Imtihondan oldin butun materialni boshqatdan ko‘rib chiqmasdan, shunchaki xotirangizni bir oz ishga solsangiz yetarli bo‘ladi.
Muloqot qiling va faol bo‘ling
Muloqot doirasini kengaytirish, kelajakda kerak bo‘lishi mumkin bo‘lgan aloqalarni o‘rnatish va iste’dodingizni namoyon etish uchun talabalar tomonidan uyushtiriladigan tadbirlarda ishtirok eting. Tashkiliy ishlarni yoqtirsangiz talabalar kengashiga a’zo bo‘ling. Bu orqali siz tanlovlar, grantlar va safarlar haqida birinchilar qatorida xabar topasiz, tadbirlarni uyushtirishni o‘rganasiz.
Omma oldida chiqishlarni yoqtirsangiz – QVZ (КВН)larda ishrirok eting, o‘z bilimingiz va zukkoligingizni ko‘rsatmoqchi bo‘lsangiz – Zakovat o‘yinlari va olimpiadalarda qatnashing, biror sportda yaxshimisiz – OO‘Yu nomidan musobaqalarda qatnashing. Ushbu faoliyatlarning har qaysisi sizga tanishlar orttirishni, yangi imkoniyatlarni kashf qilishni va dekanatning yaxshi munosabatini ta’minlaydi.
Kelajagingiz haqida o‘ylang
Ko‘pchilik OTMni o‘z bolaligini uzaytirish imkoniyati deb qaraydi, uni tamomlagandan so‘ng esa, nima qilish haqida biror tushunchaga ega bo‘lmaydi.
Bu kabi xatolikka yo‘l qo‘ymaslik uchun birinchi kursdaligingizdayoq keyingi bosqichda nima qilishingiz haqida aniqlik kiritib oling: o‘qishni magistratura, PhD’da davom ettirish, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish, nufuzli kompaniyada ishlash yoki o‘z kompaniyangizga asos solish. OTMdagi o‘qish yillari juda tez o‘tib ketadi. Aniq tuzilmagan rejasiz siz vaqtingizni bexuda sarflash xavfiga duchor bo‘lasiz.
Iloji boricha ko‘proq muloqotda bo‘ling, seminarlar va master-klasslarda qatnashing, ishlamoqchi bo‘lgan sohangizda tajriba to‘plab boring va noto‘g‘ri yo‘lni tanlaganingizni anglab yetganingizda, hech qachon ushbu yo‘nalishdagi izlanishlarni qayta davom ettirmaslikka harakat qiling. Vaqtingizni qadriga yeting, shunda siz omadli talabadan qadrli mutaxassisga aylanasiz.
E’tiboringiz uchun rahmat!
Manba: @itspecuz