Tavsiyanoma uchun xotin-qizlardan arizalar qabuli boshlandi. Talabgorlar uchun batafsil ma’lumot
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
Grantga da’vogarlik qilishi mumkin bo‘lgan xotin-qizlar qatlami anchagina keng:
- kam ta’minlangan oiladan chiqqan xotin-qizlar;
- to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni ota yoki onasi vafot etgan xotin-qizlar;
- 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq farzandlarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg‘iz ayol (erkak)larning qizlari;
- shaxsiy uy-joyi yo‘q, ijarada yashayotgan oilalar;
- ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish qidiruvchi shaxs sifatida aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida hisobda turganlar;
- nogironligi bo‘lgan farzandi bor oilalardan chiqqan xotin-qizlar;
- oliy ma’lumotli xotin-qizlar bilan qamrab olish darajasi respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan ikki yoki undan ortiq marta past bo‘lgan tumanlar, shuningdek, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi oilalardagi qiz farzandlar (o‘z hududida 3 yil ishlash sharti bilan – qaysi tumanlar ekani haqida quyida batafsil).
Qanday hujjatlar talab etiladi?
Yuqoridagi toifalarga mansub xotin-qizlar 24 iyundan 10 iyulgacha bo‘lgan muddatda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tuman va shahar bo‘limlarida tashkil etilgan ishchi guruhlarga grant uchun hujjat topshirishlari mumkin.
Hujjatlar to‘plami quyidagilardan iborat bo‘ladi:
- tuman (shahar) Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i nomiga ariza (dastlab, ariza vazir nomiga yozilishi e’lon qilingan edi. Biroq oxirgi variantda ariza vazirlikning tuman (shahar) bo‘limi boshlig‘i nomiga yozilishi tasdiqlandi)
- grant olish uchun belgilangan talablardan biriga to‘g‘ri kelishini tasdiqlovchi hujjatlar (ilovasi bilan);
- ma’lumotnoma, obektivka;
- umumta’lim maktabi yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar muassasasidan ma’lumotnoma (umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatgani haqidagi hujjat nusxasi);
- Pasport yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi.
O‘qish joyidan ma’lumotnoma kelasi yillarda so‘raladi, bu yil emas
Talabgor o‘qigan maktabi, kolleji yoki litseyidan ma’lumotnoma olib kelishi haqidagi talab ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Kun.uz grant bilan bog‘liq shu va boshqa savollar yuzasidan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga murojaat qildi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, talabgorning ma’lumotnoma topshirishi haqidagi talab Vazirlar Mahkamasining 23 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan «Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi nizomda belgilab qo‘yilgan.
«Lekin nizomdagi bu talab joriy yil uchun amal qilmaydi. Sababi qizlarga qo‘shimcha grant ajratish uchun tavsiyanomalar joriy yil tezlashtirilgan formatda beriladi.
Bundan keyingi yillarda 15 mayga qadar tavsiyanoma olish uchun murojaat etuvchi xotin-qizlar hujjatlarini hududiy boshqarmalarga nizomda belgilangan muddatlarda taqdim etishlari kerak.
15 mayga qadar umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan xotin-qizlar shahodatnoma yoki diplom olmagan bo‘ladi. Demak, ulardan qayerda ta’lim olishini ko‘rsatuvchi ma’lumotnoma so‘ralishi to‘g‘ri.
O‘qishni oldingi yillar davomida tamomlagan talabgorlar Nizomga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatgani haqidagi hujjatga ega bo‘lishi va nusxasini mezonga muvofiq boshqa hujjatlar bilan birga ishchi guruhiga taqdim etishi lozim», – deya ma’lumot berdi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi.
Vazirlik vakillari bu yil grant uchun tavsiyanomalar qabul qilish bitiruvchilarning ta’lim muassasalarini tamomlaganidan so‘ng boshlanganini, demak, hammaning qo‘lida ta’limni tugatganlik to‘g‘risidagi hujjat borligini ta’kidladi va qo‘lida ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat bor talabgor qizlar maktab, kollej yoki litseyni tugatganlik to‘g‘risidagi hujjat nusxasini topshirishi kifoya ekanini bildirdi.
Xotin-qizlar talablarga javob berishini tasdiqlovchi hujjatlarni qayerdan oladi?
Kam ta’minlangan oiladan chiqqan xotin-qizlar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi qaroriga ilova qilingan «Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga muvofiq tashkil etilgan maxsus komissiyaning xulosasi va tuzilgan dalolatnomaga asosan aniqlanadi.
To‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni ota yoki onasi vafot etgan xotin-qizlar holati otasi yoki onasining yoxud har ikkisining o‘lim guvohnomalari nusxalari asosida aniqlanadi. Bu hujjat ishchi guruhi tomonidan FHDYo organlaridan mustaqil ravishda idoralararo elektron hamkorlik orqali so‘rab olinishi ham mumkin.
14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq farzandlarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg‘iz ayol (erkak)larning qizlarining holati mahallalar tomonidan aniqlanadi va ishchi guruh tomonidan ularga to‘g‘ri baho berilgani o‘rganib chiqilishi mumkin. Ular haqidagi hujjatlarni ham ishchi guruh FHDYo organlaridan mustaqil ravishda so‘rab olishi mumkin.
Shaxsiy uy-joyi yo‘q, ijarada yashayotgan oilalardan chiqqan qizlar Davlat xizmatlari markazlari tomonidan berilgan talabgorning ota-onasi (vasiy yoki homiysi) nomida uy-joyi yo‘kligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma yoki soliq idoralari tomonidan ro‘yxatga olingan ijara shartnomasini taqdim qiladi. Bunda ijara shartnomasining tuzilganlik muddati 1 yildan kam bo‘lmasligi shart.
Ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish qidiruvchi shaxs sifatida aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida hisobda turganlar haqida ma’lumotlar tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish markazlarida mavjud ma’lumotlar asosida aniqlanadi.
Nogironligi bo‘lgan farzandi bor oilalardan chiqqan xotin-qizlar oila a’zolarining nogironligi borligini tasdiqlovchi hujjatni ilova qilishlari lozim.
Olis va borish qiyin bo‘lgan hududlar quyidagilardir: Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l, Mo‘ynoq va Shumanay tumanlari; Jizzax viloyatining Forish tumani; Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani; Navoiy viloyatining Tomdi va Uchquduq tumanlari; Farg‘ona viloyatining So‘x tumani. (Asos: «Aholi punktlarini borish qiyin bo‘lgan va tog‘li hududlar tarkibiga kiritish tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnoma)
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi statistikalariga ko‘ra, xotin-qizlarning respublika bo‘yicha oliy ta’lim bilan qamrovi 46 foizni tashkil etadi. Shularni hisobga olgan holda, ishchi guruh bu talab asosida hujjat topshirgan xotin-qizlarga tavsiyanoma berish masalasini ko‘rib chiqadi.
Tushunishimizcha, oliy ma’lumotli xotin-qizlar bilan qamrab olish darajasi respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan ikki yoki undan ortiq marta past bo‘lgan tumanlar ro‘yxati hali tasdiqlanmagan.
Tavsiyanomalar soni chegaralanmagan, lekin grantlar soni cheklangan
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, qo‘shimcha grantga talabgor va qo‘yilgan talablarga mos kelgan xotin-qizlarga tavsiyanomalar 15 iyulgacha yetkaziladi.
Qayd etish joizki, ishchi guruh tomonidan talablarga javob beradi, deb topilgan xotin-qizlarga tavsiyanomalar berish soni cheklanmagan. Ya’ni barcha talablarga mos kelgan da’vogarlarning hammasiga tavsiyanoma berilishi mumkin. Biroq grantlar soni chegaralangan: respublika bo‘yicha jami 940ta.
Viloyatlar kesimida o‘rinlar quyidagicha taqsimlangan:
- Samarqand viloyati – 104
- Farg‘ona viloyati – 100
- Qashqadaryo viloyati – 88
- Andijon viloyati – 85
- Toshkent viloyati – 80
- Namangan viloyati – 75
- Surxondaryo viloyati – 71
- Toshkent shahar – 70
- Xorazm viloyati – 50
- Buxoro viloyati – 53
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 51
- Sirdaryo viloyati – 49
- Jizzax viloyati – 36
- Navoiy viloyati – 28
Vaqtinchalik yashash joyidan hujjat topshirish imkoni yo‘q
Hujjatlar xotin-qizlarning doimiy yashash joyi bo‘yicha tuman (shahar) Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limlariga topshiriladi.
Qizlarda vaqtincha yashash joyi bo‘yicha grant uchun hujjat topshirish imkoni yo‘q.
Tavsiyanoma ololmaganlarga tushuntirish beriladi
Tavsiyanomalar 15 iyulga qadar talabgorlarga yetkaziladi.
Tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlaridagi ishchi guruhlariga murojaat qilgan, lekin asosli ravishda tavsiyanoma berilmagan xotin-qizlarga nega ularga tavsiyanoma berilmagani haqida tushuntirish beriladi.
Shunda qizlar qabul uchun hujjat topshirishning oxirgi sanasi kelguncha tavsiyanomani kutib, qabul muddatini o‘tkazib yubormaydi.
Tavsiyanomali qizlar ham imtihonda ishtirok etadi
2020 yil 20 iyulgacha tavsiyanoma berilgan talabgorlarning yakuniy ro‘yxati vazirlik tomonidan Davlat test markaziga taqdim etiladi.
Tavsiyanomaga ega abituriyentlarni qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari doirasida o‘qishga qabul qilish kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijalariga muvofiq hal qilinadi.
Tavsiyanoma egalari to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda ball to‘plashi kerak. Yetarli ball yig‘ganlar ballar ketma-ketligi bo‘yicha qo‘shimcha 4 foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.
Pandemiya paytida hujjatlar onlayn emas, qog‘oz shaklda so‘ralmoqda. Nega?
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tavsiyanoma berishda xotin-qizlardan ortiqcha hujjatlarni so‘rashga yo‘l qo‘yilmasligini alohida ta’kidladi.
«Joriy yilda hujjatlarni qabul qilishda vaqt qisqaligi inobatga olinib, karantin qoidalariga rioya etgan holda an’anaviy usuldan foydalanilmoqda. Vazirlik kelgusida mazkur jarayonlarni to‘liq onlayn formatga o‘tkazish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qiladi.
Vazirlik tomonidan tavsiyanomani olish uchun talabgorlarning hujjati batafsil o‘rganib chiqilishi, nizomda belgilangan mezon va talablarga to‘g‘ri kelmaydigan nomzodlar ushbu ro‘yxatga kiritilmasligining oldini olish bo‘yicha barcha tegishli choralarni ko‘radi» – deya ma’lum qildi vazirlik Kun.uz’ga.
Tavsiyanoma berish tizimi yangi bo‘lgani va joriy yil juda qisqa muddatda amaliyotga tatbiq etilayotgani tufayli kamchiliklar bo‘lishi tabiiy. Shu tufayli Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi odamlarda paydo bo‘ladigan savollarga doimiy javob berish, u asosda kamchiliklarni bartaraf etib borishga tayyorligini bildirdi.
Zilola G‘aybullayeva