Yuridik universiteti uchun test olinadigan fanlar o‘zgaradi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Asosiy blokdagi tarix fani o‘rniga huquqshunoslik fanidan imtihon olina boshlanadi. Bu 2023-yilgi qabuldan boshlab o‘zgarish amalga oshiriladi.
OTM 2023-yilda hujjat topshiradigan abituriyentlarni hozirdan Davlat va huquq asoslari, Konstitusiyaviy huquq asoslari fanlarini o‘rganishlari kerakligi haqida ogohlantirdi.
Batafsil quyida Toshkent davlat yuridik universitetining rasmiy axborotini havola qilamiz:
Bugungi kunda Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirishda abituriyentlar 2 ta bo‘limdan iborat 5 ta fan majmuasidan test sinovlari topshiradi. Bunda, 1-bo‘limda barcha yo‘nalishlar uchun majburiy 3 ta fan – Ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), Matematika va O‘zbekiston tarixi, 2-bo‘limda “yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 2 ta fan – Tarix va Chet tili fanlari jamlangan.
Mazkur holat, ya’ni “yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishiga mos fanlar bo‘limida nomutaxassislik (tarix) fanining belgilanishi umumiy o‘rta ta’lim va oliy yuridik ta’lim o‘rtasida uzviylikning ta’minlanmasligiga, maktabda huquqshunoslik faniga bo‘lgan qiziqishnining pasayishga hamda oqibatda oliy ta’limga kelgan talabada huquqiy fanlar bo‘yicha zarur bilim shakllanmayotganligiga olib kelmoqda.
Bu borada, xorijiy universitetlari tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, tegishli yo‘nalishga o‘qishga kirishda sohaga oid dastlabki bilimlarni baholashga qaratilgan imtihonlar o‘tkaziladi. Masalan, Glazgo universiteti, Londondagi Kings kolledji, Nottingem va Oksford universitetlariga o‘qishga kirish uchun Huquqshunoslik uchun milliy kirish testi (National Admission Test for Law, LNAT) topshirish talab etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–5987-son Farmonida ham bu borada tegishli vazifa belgilangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirishda 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab, test sinovlarining 2-bloki, ya’ni “yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos fanlar bo‘yicha Tarix fani o‘rniga huquqiy fanlarni kiritish masalasi universitet Kengashida ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.
Ma’lumot uchun bugungi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 4 yil davomida yuqori sinflarda Davlat va huquq asoslari hamda Konstitusiyaviy huquq asoslari fanlari o‘qitib kelinmoqda. Ushbu maktab darsliklari asosida test savollari tuziladi.
Ta’kidlash joiz, mazkur taklifning joriy etilishi bir qator ijobiy natijalarga xizmat qiladi, xususan:
- maktab yoshidanoq bolalarni huquqiy fanlarni chuqur o‘zlashtirishga, Konstitusiya va qonunlarni puxta o‘rganishga;
- umumiy o‘rta ta’lim maktablarida sifatli, xalqaro standartlarga mos yuridik darsliklarning yaratilishiga;
- huquqshunoslik fanlaridan ta’lim beruvchi o‘qituvchilarga nisbatan qo‘yiladigan talablar oshishi natijasida ularning malakasini doimiy oshirib borishi uchun mustahkam zamin yaratiladi;
Toshkent davlat yuridik universitetiga dastlabki huquqiy bilimlarga ega yosh avlod vakillari kirib kelishiga erishiladi.
Hurmatli Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar, Sizlarda 2 yil davomida umumiy o‘rta ta’lim darajasida huquqiy fanlar bo‘yicha o‘z bilimlaringizni mustahkamlash uchun imkoniyatingiz mavjud, o‘ylaymizki ushbu vaqtdan unumli foydalanasiz.
Toshkent davlat yuridik universiteti