Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Magistraturaga qabul va kirish imtihonlari haqida batafsil

3.07.2020 22:41
Magistraturaga qabul va kirish imtihonlari haqida batafsil

2020/21 o‘quv yili uchun magistratura bosqichiga hujjatlar qabuli 1-iyuldan boshlandi.

Hujjat topshirish tartibi

Magistratura uchun hujjatlar 1-iyuldan 30-iyulgacha (30-iyul kuni ham) topshirilishi mumkin.

Hujjatlar magistr.edu.uz sayti orqali onlayn tarzda topshiriladi. OTMlarda hujjatlar qabul qilinmaydi.

Qabulni rasmiylashtirish uchun kerak bo‘ladigan hujjatlar:

– pasport (bunda pasportning skaner yoki rasm varianti talab etilmaydi, kerakli o‘rinlarga JShShIR raqami, pasport seriyasi va raqamini kiritish kerak xolos);

– bakalavr darajasini beruvchi diplom va baholar qayd etilgan ilovaning skaner varianti;

– chet tilini bilish sertifikati, olimpiadalar g‘olibligi, prezident yoki nomli stipendiya sohibi ekanligi va h.k.larni tasdiqlovchi hujjatlar (agar mavjud bo‘lsa).

Abituriyentdan shundan boshqa qo‘shimcha hujjatlar (fotosurat, maqolalar nusxasi, tibbiy ma’lumotnoma kabi) talab etilmaydi.

Saytga hujjatlarni yuklash tartibi bo‘yicha quyidagi video yo‘riqnomada batafsil tanishish mumkin:

Qabul kvotalari

Joriy o‘quv yilida ta’limning magistratura bosqichiga respublika bo‘yicha jami 10 425 nafar talaba qabul qilinishi belgilangan.

Shundan 5475 nafari grant, 4950 nafari to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladi.

Kvotalarning yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimoti bilan quyidagi faylda tanishish mumkin:

Magistratura kvotalari: mutaxassisliklar va tillar kesimidagi taqsimot (.pdf)

Yo‘nalishlar tanlovi

2019 yil 17 iyundagi prezident qarori bilan bakalavrlarning magistratura yo‘nalishlarini tanlashlari uchun cheklovlar bekor qilingan. Ya’ni talaba bakalavrni qaysi yo‘nalishda o‘qiganidan qat’i nazar o‘zi istagan magistratura yo‘nalishini tanlay oladi. Faqatgina bir necha istisnolar mavjud.

Yana bir jihat. Magistratura mutaxassisligiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini bitirgan bakalavrlardan tashqari, boshqa bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilari davlat grantlari asosida belgilangan maqsadli qabul parametrlari mavjud magistratura mutaxassisliklarida tanlovda qatnasha olishmaydi.

Imtihon jarayoni

Magistratura bosqichiga kirish imtihonlari 3 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lib o‘tadi.

Imtihonlar pandemiya sharoiti tufayli test shaklida, onlayn rejimda o‘tkaziladi.

Magistraturaga kirish sinovlari tarkibiga (xususan, mutaxassislik fanlari bo‘yicha kirish sinovlari tarkibiga) tegishli mutaxassisliklar sohalarida talabgorlarni ilmiy-pedagogik layoqati (yoki ilm olish qobiliyati)ni aniqlash bo‘yicha test savollari ham kiritiladi.

Magistraturaga kirish imtihonlari onlayn test shaklida bo‘ladigan bo‘lsa, bir necha yo‘nalishlarga bir vaqtning o‘zida topshirish va imtihonda qatnashish mumkinmi, degan tabiiy savol tug‘iladi. Yo‘q, mumkin emas.

«Birinchidan, hech bir normativ hujjatda magistraturada bir necha yo‘nalishga hujjat topshirish mumkinligi belgilanmagan. Ikkinchidan, bakalavr bitta yo‘nalishda magistraturaga hujjat topshirgach, bu ma’lumotlar bazada saqlab qolinadi va platforma hujjat topshirishga ikkinchi urinishni qabul qilmaydi», – deya Kun.uz’ga mu’lum qildi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev.

Istisno: Toshkent davlat yuridik universitetida magistratura uchun kirish imtihonlari keng sig‘imli pavilonlarda o‘tkaziladi. TDYuU magistraturasi uchun test jarayonlari Davlat test markazi tomonidan tashkillashtiriladi.