«Yangi O‘zbekiston» universitetini tamomlaganlar rahbarlikka tayinlanadigan nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi

24-iyun 12:49
«Yangi O‘zbekiston» universitetini tamomlaganlar rahbarlikka tayinlanadigan nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi

Prezident "Yangi O‘zbekiston" universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Mamlakat poytaxti Toshkent shahrida "Yangi O‘zbekiston" universiteti tashkil etilmoqda.

Belgilanishicha:

  • Universitet davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;
  • Universitetda ta’lim jarayoni nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladi;
  • Universitetni tamomlagan O‘zbekiston fuqarolari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga olinadi hamda 5 yillik ish tajribasidan so‘ng rahbarlik lavozimiga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi;
  • Universitet O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri va davlat tilida nomi tushirilgan muhr, bank hisobvaraqlari, shtamp va boshqa rekvizitlariga ega bo‘ladi.

Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlarining ta’lim dasturlari asosida yuksak zamonaviy kasbiy bilim va malakaga ega bo‘lgan, xalqaro miqyosda raqobatbardosh, istiqbolli kadrlarni tayyorlash;
  • o‘quv-tarbiya jarayonini ilg‘or pedagogik va zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda jahonning yetakchi universitetlarida joriy etilgan ta’lim texnologiyalari va usullari asosida tashkil etish;
  • talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish, bilimini amaliy tajribalar orqali mustahkamlashga, o‘quv materiallarini samarali va puxta o‘zlashtirishga xizmat qiladigan har tomonlama qulay ta’lim muhitini shakllantirish;
  • ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, shuningdek, chet ellardagi nufuzli, tan olingan ilmiy markazlar bilan yaqindan hamkorlik qilish, talabalarni ilmiy va innovatsion faoliyatga keng jalb etish;
  • ta’limning uzluksizligi va sifatini ta’minlash borasida Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga metodik yordam ko‘rsatish.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) Universitet quyidagilarni mustaqil ravishda amalga oshiradi:

  • Universitetning tuzilmasini va shtatlar jadvalini tasdiqlash, shuningdek, bakalavriat va magistraturada o‘qish tartibini belgilash;
  • xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan tuzilgan kelishuvlar asosida ta’lim yo‘nalishlarini belgilash, o‘quv rejalari va dasturlarini tasdiqlash hamda pedagog xodimlarning mehnatini me’yorlashtirish;
  • yuqori malakali, jumladan, xorijiy mamlakatlardagi yetuk mutaxassislarni jalb etish, ularga mehnat bozorining amaldagi kon’yunkturasini hisobga olgan holda Universitet xodimlarining ish haqi va boshqa to‘lovlar miqdorini belgilash;
  • bakalavriat, magistratura va doktoranturaga qabul qilish shartlarini, shuningdek, talabalarni qabul qilishda test sinovlari fanlari majmuasini va o‘qish uchun to‘lov miqdorini belgilash;
  • innovatsiya va ilmiy faoliyatni olib borish, ilm-fan yutuqlarini tijoratlashtirish hamda moliyaviy resurslarni jalb etish uchun tijorat va notijorat tashkilotlar (startap, jamg‘arma va boshqalar) tuzish;
  • xorijiy ta’lim va ilmiy tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish hamda o‘z faoliyatiga oid moliyaviy-iqtisodiy va ma’muriy boshqaruv yuzasidan qarorlarni qabul qilish;

b) Universitetda ta’lim-tarbiya jarayonlari milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida olib boriladi hamda talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat va sadoqat, xalq manfaatlari uchun xizmat qilish tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlod sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi;

v) Universitetda ta’lim jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi hamda davlat va ingliz tillarida, kredit-modul tizimi asosida olib boriladi;

g) Universitetda ta’lim jarayoni davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;

d) talabalarni qabul qilish parametrlari Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi bilan kelishgan holda Universitet tomonidan o‘rnatiladi;

ye) Universitetda uning ilmiy salohiyatidan kelib chiqib, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;

j) Universitetda ta’lim jarayoni “fan – ta’lim – ishlab chiqarish integratsiyasi” tamoyili asosida tashkil etilib, talabalar 1-kursdan ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot markazlariga biriktiriladi hamda bitiruvchi kurs talabalari uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirish va bitiruv oldi amaliyotini nufuzli xorijiy kompaniyalarda o‘tash imkoniyati yaratiladi;

z) Agentlik Universitetga malakali professor-o‘qituvchilarni, jumladan, xorijiy mamlakatlar mutaxassislarini jalb qilishga yaqindan ko‘maklashadi;

i) Universitet bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitet tomonidan belgilangan namunadagi diplom beriladi;

k) Universitetda talabalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun sport to‘garaklari, san’at studiyalari, kutubxona va ekskursiyalar tashkil etiladi, turli trening va madaniy uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Universitetda iqtidorli talabalarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat granti quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:

  • xalqaro darajadagi tegishli dasturlar (International Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels) diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilariga;
  • Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ajratiladigan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida ushbu maktablar bitiruvchilariga;
  • Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) g‘oliblariga;
  • Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan O‘zbekiston fuqarolariga;
  • Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlariga.