Qalbaki sertifikat ishlatgan o‘qituvchilarga qanday javobgarlik bor?
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Qalbaki sertifikat ishlatgan o‘qituvchilarga qanday javobgarlik bor?
Ma’lumki, o‘qituvchilarni qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida, umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama to‘lash tizimi joriy qilingan. Shuningdek, malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagoglar ham qo‘shimcha haq oladilar. Ushbu qo‘shimcha haqlar malaka toifasini olganlik to‘g‘risidagi sertifikat asosida to‘lab boriladi.
Ammo, ba’zi holatlarda o‘qituvchilar tomonidan qalbaki sertifikat ishlatish holatlari kuzatilmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining mas’ul xodimi Sardor Rahimboyevning xalqtaliminfo.uz’ga ma’lum qilishicha, tizimga soxta sertifikatlar kiritish holatlari ham uchrab turibdi.
"Ayrim pedagoglarimiz boshqa o‘qituvchining sertifikatini qalbakilashtirib, o‘z nomiga rasmiylashtirishga urinishmoqda. Ammo bu harakatlari bilan o‘zlarini noqulay ahvolga solib qo‘ymoqdalar, chunki platformaga qalbaki sertifikatlarni yuklash imkoni yo‘q,” — deydi Sardor Rahimboyev.
Soxta sertifikatlardan foydalanishning oqibatlari
Qalbaki sertifikat ishlatish orqali nafaqat o‘qituvchining o‘z obro‘siga zarar yetkaziladi, balki bunday harakatlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi bo‘yicha javobgarlikka sabab bo‘ladi.
- Jinoyat kodeksining 228-moddasiga ko‘ra, hujjatlarni qalbakilashtirish va sotish uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellikdan yuz baravarigacha jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
- Agar hujjat qalbaki ekanligi bila turib undan foydalanilsa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha jarima yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.
Shuni eslatib o‘tish lozimki, o‘qituvchilar tomonidan taqdim etilgan har qanday sertifikatning haqqoniyligi uchun sertifikat egasi shaxsan mas’ul hisoblanadi. Agar qalbaki sertifikat aniqlansa, mehnat shartnomasi bekor qilinishi ham mumkin.