Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

3-kurs talabasi davlat ishida ishlashi mumkinmi? Qonuniy javob!

25.12.2022 23:54
3-kurs talabasi  davlat ishida ishlashi mumkinmi? Qonuniy javob!

Assalom alekum. Men xozirgi kunda bakalavr 3 kurs talabasiman. Shtat buyicha oliy ta’lim muassasalarida ishlay olamanmi? (xususiylarga xam)
Kanday davozilarda ishlashim mumkin? Shuni menga asosli kilib yoritib bering iltimos

YURIST JAVOBI:

❗️Agar siz ishlamoqchi bo‘lgan lavozim uchun muayyan malaka talablari belgilanmagan bo‘lsa, siz ishlashingiz mumkin. Har bir korxona o‘zining ichki mehnat tartib qoidalari, jamoa shartnomasi, lavozim yo‘riqnomasi kabi ichki lokal hujjatlariga ega bo‘ladi.

Qarang! Mehnat kodeksi 1-moddasida mehnatga oid munosabatlar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik, jamoa kelishuvlari, shuningdek jamoa shartnomalari va boshqa lokal normativ hujjatlar bilan tartibga solinishi belgilangan.

Yuqoridagi biz aytgan hujjatlar lokal normativ hujjatlar hisoblanib, har bir korxona o‘zi uchun bunday lokal hujjatlarda qoidalarni belgilay oladi.

E’tibor bering! Mehnat kodeksi 80-moddasida ish beruvchi xodimdan qonunchilikka muvofiq maxsus ma’lumotga yoki maxsus tayyorgarlikka ega shaxslargina bajarishi mumkin bo‘lgan ishlarga kirayotganda oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtini tamomlaganligi to‘g‘risidagi diplomni yoxud mazkur ishni bajarish huquqini beradigan guvohnomani yoki boshqa tegishli hujjatni talab qilishga haqli ekanligi belgilangan.

Shunga ko‘ra siz ishlamoqchi bo‘lgan lavozimning lavozim yo‘riqnomasi belgilangan malaka talabi sifatida magistrlik darajasi belgilangan bo‘lsa, unda ish beruvchining talabi to‘g‘ri bo‘ladi.

Agar lavozim yo‘riqnomasida bunday qoida yo‘q bo‘lsa va o‘qish vaqtingiz halal bermasa 1 stavka ishlashingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirining “Oliy ta’lim to‘g‘risida”gi Nizomni tasdiqlash haqidagi 9-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami №1222, 22.02.2003) 50-bandiga muvofiq kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida oliy o‘quv yurti va boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi tuzgan holda ishlashlari mumkinligi belgilangan.

Bundan kelib chiqadiki, talabalar bemalol ishlashlari mumkin. Lekin mehnat qonunchiligiga ko‘ra, talaba faqat ta’limdan bo‘sh vaqtida ishlash huquqiga ega.

❗️Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, talabaning asosiy mashg‘uloti bu bilim olish hisoblanadi. Ya’ni, ta’lim olish ustuvor vazifa bo‘lishi lozim.

Endi qarang! Mehnat kodeksi 115-moddasiga ko‘ra Xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Bunda olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim.

Shuningdek, ishning tugashi bilan keyingi kuni (smenada) ish boshlanishi o‘rtasidagi kundalik dam olish vaqtining muddati o‘n ikki soatdan kam bo‘lishi mumkin emas (MK 123-moddasi).

Agar talabaning bo‘sh vaqti yetadigan bo‘lsa, unga to‘liq stavka ishlashiga hech qanday to‘sqinlik mavjud emas.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, sizning o‘qishingiz ish vaqtingizga halal bermasa to‘liq stavkada ishlay olasiz. Agar o‘qish vaqtingiz ish vaqtingizga to‘g‘ri kelsa, unda siz 0.5 yoki 0.75 stavkada ishlashingizga to‘g‘ri keladi.

Manba: Yurist xizmati