Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti tashkil etiladi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
O‘zbekiston prezidentining qaroriga asosan Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali negizida Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qarorga muvofiq, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali negizida Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti hamda ️Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejlari negizida oliy maktablar o‘rniga agrotexnologiyalar texnikumlari tashkil etiladi.
«Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar yakka tartibdagi suhbat asosida kirish imtihonlarisiz qishloq xo‘jaligi OTMlarining mos bakalavriat yo‘nalishlarida 2-bosqichdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi», — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, 2020/2021 yil o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universiteti qoshida respublika OTMlarining iqtidorli talabalari tarkibidan tanlab olingan yoshlar uchun «O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish va uni raqamli transformatsiyalash» loyihasini amalga oshirish doirasida maxsus fakultet tashkil etiladi.
Bunda, shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti va Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari masalalari hamda professional ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘yicha prorektor lavozimi joriy etilishi belgilangan.
Shu bilan birga, xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan professor-o‘qituvchilarning oylik maoshlariga 10 foiz ustama belgilanadi (xorijiy tillar bo‘yicha professor-o‘qituvchilar bundan mustasno).
Bundan tashqari, prezidentning qarori bilan 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab quyidagilar joriy etiladi:
- agrar ta’limda bakalavriat yo‘nalishlarida kredit-modul tizimiga bosqichma-bosqich o‘tiladi. Bunda, ta’limning kredit tizimida haftada 5 kunlik o‘qish hamda shanba kunini mustaqil o‘zlashtirish kuni deb belgilanadi;
- xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturlarining o‘quv rejalari va fan dasturlarini agrar soha OTMlari tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda mustaqil tasdiqlanadi;
- qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish sohasi uchun magistraturada o‘qish muddatini 1 yil, ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi iqtidorli talabalar uchun 2 yil etib belgilanadi;
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi OTMlarga sohada 5 yillik stajga ega bo‘lgan xodimlarni tavsiyanoma asosida o‘qishga tavsiya etilganda o‘qish muddatini sirtqi ta’lim shaklida 4 yil etib belgilash hamda to‘lov-kontrakt miqdorini kunduzgi ta’lim yo‘nalishidagi to‘lov-kontrakt (stipendiyasiz) miqdoriga tenglashtiriladi;
- tajriba-sinov tariqasida, Toshkent davlat agrar universitetida bakalavriat yo‘nalishlarining sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha masofaviy ta’lim olish tizimini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi;
- xorijiy fuqarolar uchun to‘lov-kontrakt miqdorini, istisno tariqasida, ikki barobarga kamaytiriladi;
- bakalavriat yo‘nalishida kasbiy ta’lim bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, qaror bilan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi «Agroinnovatsiya» DUK va Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi «G‘o‘za urug‘chiligi markazi» negizida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi tashkil etildi. Sohaga yangi ilmiy va innovatsion yutuqlarni, raqamli texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi (AKIS) strategiyasini amalga oshirish Milliy markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.