Bir pedagog dardi: “O‘qituvchilikni tashlab, daromadi yaxshiroq boshqa ish qilgim kelyapti”
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
“Biz bolalarga mehrimizni, jonimizni, bor bilimimizni beramiz, asabimiz, sog‘ligimizni sarflaymiz. Lekin oqibatda “sizlar oylikni oshirish haqida emas, ta’lim sifatini oshirish haqida o‘ylanglar”, – degan minnatli gapni eshitamiz”, – deydi boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars beruvchi o‘qituvchi.
Foto: iStock
Oliy toifaga ega sirdaryolik o‘qituvchi maktabda 20 soat dars beradi, sinf rahbarlik qiladi hamda daftar tekshiradi. Shular bilan birga hisoblanganda 3 mln 700 ming so‘m oylik oladi. Pedagog o‘zining Twitterʼdagi sahifasida sohadagi eng og‘riqli nuqtalardan biri oylik haqida yozib, o‘qituvchilikdan ketish haqida o‘ylayotganini ta’kidlaydi.
“O‘qituvchilikni tashlab, daromadi yaxshiroq boshqa ish qilgim kelyapti. Oylik olasan-da boshing og‘rib o‘ylaysan: bu pulni nimaga yetkazsam ekan, deb kommunal to‘lovlar, kredit, oylik to‘lanishi zarur bo‘lgan to‘lovlardan ortgan pulni qanday taqsimlash haqida bosh qotirasan”, – deya yozadi o‘qituvchi.
Shumi o‘qituvchiga hurmat, mehnatiga javob?
“Bolang o‘sib boryapti — ust-boshi kichrayib qoladi yoki darrov yirtiladi, eskiradi, nimadir yegisi keladi, hiqillab turadi, aylangisi keladi, undan tashqari, har kuni kundalik xarajatlari uchun pul berib turish kerak. Istaganlarini muhayyo qilishga imkoning yetmaydi.
Onangni yo‘qlaging keladi, nimadir oberging, yegisi kelganini og‘ziga tutging keladi, lekin cho‘ntagingdagi hisob-kitobli arzimagan pulingga qarab yuraging eziladi.
Bolang og‘riydi, o‘zingni kasallik qiynaydi yillab, lekin doktorga borishga o‘ylanasan, imkoning yetmaydi, bolalarimning oldida vijdonim qiynaladi.
Ayollarga xos odatlarni ham unutyapman: chiroyli kiyinish, zeb-ziynatlar haqida-ku orzu ham qilmay qo‘yganman, faqat “bor-ku, shu borini kiyib turay”, – deydigan bo‘lganman. Bolalarimga ham tinmay “sabr qil, sabrli bo‘l”, deyishdan nariga o‘tolmayman.
Davolanish tufayli yanayam xarajatlarni qisqartirdim, qarz bo‘lishga ham ulgurdim. Ba’zida bolam isyon qilib qoladi: “qachon bizning uyimiz bitadi, qachon mehmon chaqiramiz biz ham, o‘rtoqlarim undoq, bundoq”, – deb. U kuni bankda ishlaydigan bir tanishim: “erim 14 mln oylik oladi, mukofot pullaridan tashqari”, – dedi. Men oliy toifali o‘qituvchi bo‘lib, bu maosh uchun 4 oy ishlayman. Shumi o‘qituvchiga hurmat, mehnatiga javob?” – deya xo‘rsinadi.
Qanday qilib shuncha yetishmovchiliklar ichida yashayotgan odamdan natija kutasiz?
“Siz bir kun 6-7 yoshli go‘dakka dars o‘tib ko‘rganmisiz? Bir bolaga o‘rgatish, ta’lim-tarbiya berish qanchalar mashaqqatli ekanini bilasizmi? Biz esa nechtalab bolalarga mehrimizni, jonimizni, bor bilimimizni beramiz, asabimiz, sog‘ligimizni sarflaymiz.
Lekin oqibatda “Sizlar oylikni oshirish haqida emas, ta’lim sifatini oshirish haqida o‘ylanglar”, degan minnatli gapni eshitamiz. Boshqa soha xodimlaridan qayerimiz kam? Mehnatimiz shunaqa arzimas baholanadimi? Qanday qilib shuncha yetishmovchiliklar ichida yashayotgan odamdan natija kutasiz?
Gapirsang gap ko‘p, yurak og‘riydi faqat... Yuqori oylik oladigan o‘qituvchilar foizi umumiy o‘qituvchilarning qanchasini tashkil etadi? Nega hammaning oyligi birdan oshirilmaydi?
Bilmadim, odamning ishlagisi ham kelmaydi. Ketay desang shuncha mehnat uvol bo‘ladimi deb achinasan, ketmay desang har kuni qayerdan pul topsam deb boshing og‘riydi…”, – deya yozgan trediga yakun yasagan o‘qituvchi.
Eslatib o‘tamiz, 18 aprel kuni internetda Surxondaryodagi maktablarning birida ikki ayol o‘qituvchi do‘pposlangani tasvirlangan video tarqaldi. Mazkur holat Uzun tumanidagi 31-maktabda sodir bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Bosh prokuratura o‘qituvchi ayollar hamkasbi tomonidan do‘pposlangani va mushtumzo‘rning qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova holatni “juda achinarli” deb atab, ikki ayol o‘qituvchining shifoxonada ekanligini va ular nazoratda ekanligini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, konstitutsiyaviy qonun loyihasida pedagog xodimlarga oid qoidalar qayta ko‘rib chiqilib, o‘qituvchi kasbiga nisbatan hurmatni hamda ularning ijtimoiy himoyasini nazarda tutuvchi alohida yangi modda kiritilgandi. Xususan, davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishi, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy o‘sishi haqida g‘amxo‘rlik qilishi mustahkamlanishi qayd etilmoqda.