Bir xususiy oliygoh litsenziyasi bekor qilindi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Xususiy oliygohlarni elakdan o‘tkazish boshlandi. Bu haqda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar bermoqda.
Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 17-iyuldagi hal qiluv qarori bilan “VALLEY INNOVATIVE UNIVERSITY” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga 2022-yil 13-dekabrda nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati uchun berilgan 053546-sonli litsenziya bekor qilindi.
Nodavlat taʼlim sohasida umumiy va alohida litsenziya talablari hamda shartlariga rioya etishda qator qoʻpol qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyganligi aniqlandi. Jumladan,
- mazkur oliy taʼlim tashkilotining litsenziyada koʻrsatilgan foydalanish uchun ajratilgan bino-inshootlari muassislarga mulk huquqi yoki ijara shartnomasi asosida tegishli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emas;
- Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining HEMIS axborot tizimiga taʼlim oluvchilar va pedagog xodimlar toʻgʻrisida toʻgʻri va toʻliq maʼlumotlar kiritilmagan;
- vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bilan shugʻullanadigan rektor maslahatchisi shtat birligi joriy etilmagan;
- taʼlim tashkilotining bankdagi hisob varagʻida 150 ming AQSH dollari yoki shu miqdor ekvivalentdagi mablagʻ mavjud emas;
- 60 ta kompyuter texnikasi bilan jihozlangan elektron kutubxona va 20 ta kompyuter texnikasi, skaner va nusxa koʻchirish apparati bilan jihozlangan axborot-resurs markazi tashkil etilmagan;
- taʼlim oluvchilar har bir fandan oʻquv adabiyotlari (darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari) bilan taʼminlanmaganligi aniqlandi.