Bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini unifikatsiya qilish va yagona imtihonni joriy etish chora-tadbirlari qabul qilinadi.
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Prezidentning “Umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini unifikatsiya qilish va yagona imtihonni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
2021-2022 o‘quv yilida tajriba sinov tariqasida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan hududdagi umumiy o‘rta maktab va akademik litsey, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab barcha umumiy o‘rta maktab, akademik litsey va qabuli 9-sinf negizi asosida amalga oshiriladigan kasb-hunar maktabi (umumta’lim muassasalari) bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari unifikatsiya qilinib, yagona test sinovlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.
Belgilab qo‘yilishicha:
- umumta’lim muassasalarining joriy yil bitiruvchilari yakuniy davlat attestatsiyasi imtihoni sifatida uchta fan — ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi (majburiy fanlar) fanlaridan test sinovlarini topshiradi;
- majburiy fanlar bo‘yicha test sinovi natijalari umumta’lim muassasasi bitiruvchilarining umumiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjati (shahodatnoma, diplomi)ga qo‘yiladi;
- oliy ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirgan umumta’lim muassasalari bitiruvchilari shaxsiy tanloviga ko‘ra, ixtiyoriylik asosida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlardan test sinovlarini topshiradi;
- 2022 yildan boshlab, avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatganlar belgilangan muddatlarda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar va majburiy fanlardan test sinovlarini topshiradi;
- test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (Davlat test markazi) tomonidan amalga oshiriladi;
- test sinovlari natijalari (fan bo‘yicha to‘g‘ri javoblar soni) o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;
- test sinovlari natijalari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun o‘tkaziladigan tanlovda baholash mezonlariga muvofiq inobatga olinadi;
- oliy ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirgan umumta’lim muassasalari bitiruvchilari va avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatganlarga (abituriyentlar) test sinovi topshirgan mos o‘quv tili va fanlar majmuasi bir xil bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovlarda ishtirok etish huquqi beriladi;
- abituriyentga test sinovi topshirilgan fani bo‘yicha 3 yil muddatda amal qiladigan abituriyent elektron sertifikati beriladi. Abituriyentga elektron sertifikatining amal qilish muddati tugamasdan ushbu fan bo‘yicha test sinovini belgilangan tartibda qayta topshirish huquqi beriladi;
- alohida iqtidor talab etiladigan, qabuli test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali amalga oshiriladigan ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda abituriyentlarning majburiy fanlar bo‘yicha test sinovi natijasi inobatga olinadi;
- ta’lim sohalari (bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari)ga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni hamda test sinovlarini o‘tkazishning aniq muddatlari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi;
- tasarrufida umumta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar umumta’lim muassasalari bitiruvchilari, jumladan, oliy ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirgan umumta’lim muassasalari bitiruvchilari haqidagi ma’lumotlarni har yili 1 martga qadar Davlat test markazining maxsus dasturiga kiritilishini ta’minlaydi;
- fanni bilish darajasi bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan berilgan milliy sertifikatga, shuningdek, chet tili fani bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga mazkur fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball berish huquqi saqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Davlat test markazi hamda tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning quyidagi takliflari ma’qullanadi:
- abituriyentlarni test sinovlarida ishtirok etishi uchun ro‘yxatdan o‘tkazishni har yili mart-aprel oylarida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshirish;
- test sinovlarini O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan katta sig‘imli binolarda umumta’lim muassasalarini joriy yil bitiruvchilari uchun may-iyun oylarida, umumta’lim muassasalarini avvalgi yillarda tugatganlar uchun iyun-iyul oylarida o‘tkazish;
- abituriyentlarni oliy ta’lim muassasalari ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovda ishtirok etishi uchun ro‘yxatdan o‘tkazishni belgilangan tartibda qabul parametrlari tasdiqlanib, test sinovlarini o‘tkazish muddati to‘liq yakunlangandan so‘ng (odatda, avgust oyida) ikki hafta muddat ichida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshirish;
- abituriyentning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasini, tanlovda ishtirok etishi uchun ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin, bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilish.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Davlat test markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
- ikki oy muddatda ta’lim sohalari (bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari) bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga kirish sinovlari o‘tkaziladigan fanlar tarkibi va baholash mezonlari yuzasidan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga kiritsin;
- har yili test sinovi va oliy ta’lim muassasalariga qabul natijalari tahlili asosida umumta’lim muassasalari ta’lim dasturlari va bitiruvchilar sifati monitoringini olib boradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
- viloyat, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘linmalari bilan birgalikda umumta’lim muassasalari bitiruvchilarini test sinovlarida belgilangan vaqtlarda ishtirok etishlarini ta’minlaydi. Bunda, joriy yil bitiruvchilarining test sinovlarida to‘liq ishtirok etishlari yuzasidan bitiruvchilar va ularning ota-onalari o‘rtasida tegishli tushuntirish ishlarini olib boradi;
- umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining test sinovi o‘tkaziladigan hududga yetib kelishi va yashash manzillariga qaytishi uchun qo‘shimcha ravishda yo‘lovchi jamoat transporti harakatini yo‘lga qo‘yish hamda test sinovlari o‘tkaziladigan katta sig‘imli binolarni belgilangan talablar asosida tayyorlanishiga mas’ul hisoblanadi.
- O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining test sinovlari natijalariga ko‘ra umumta’lim muassasalari rahbarlari va fan o‘qituvchilarini qo‘shimcha rag‘batlantirish mexanizmi to‘g‘risida ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
- O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi respublikada amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan “Xavfsiz shahar” tizimini yaratish dasturi doirasida har yili zarur qurilmalar (shaxsni identifikatsiyalash vositalari, video qayd qilish qurilmalari, barmoq izlarini tekshiruvchi, mobil aloqa to‘lqinini to‘suvchi vositalar, metall detektorlar hamda monitorlar)ni xarid qilib, test sinovlari o‘tkaziladigan katta sig‘imli binolarni belgilangan tartibda jihozlaydi.