“BTEC” xalqaro dasturi texnikumlarda qanday imkoniyatlar yaratadi?
Abituriyentlar uchun onlayn testlar
➡️ DTM BLOK TESTLAR
Texnikumlarda joriy qilinayotgan “BTEC” xalqaro dasturi qanday samara beradi?
Texnikumlarda Angliyaning “BTEC” xalqaro ta’lim dasturi joriy etilishi haqida avval xabar berilgan edi. Dastlabki bosqichda ushbu dastur 14 ta texnikumda tajriba tariqasida joriy etiladi. “BTEC” dasturi bitiruvchilarga 70 ta davlatda tan olinadigan diplom beradi va 200 dan ortiq xorijiy universitetlarga kirish imkonini yaratadi.
Pirson yetakchi xalqaro ta’lim tashkiloti bo‘lib, dunyo bo‘ylab 784 ta markazga ega va uning bitiruvchilarining 90 foizi ish bilan ta’minlanadi. Bu dastur texnikumlarda o‘quv muddatlarini kasb murakkabligi va o‘quvchining ta’lim darajasiga qarab moslashtirish imkonini beradi. Masalan, “Ekspeditor” kasbida 9-sinf bitiruvchisi 3 yil, 11-sinf bitiruvchisi esa 2 yil o‘qiydi.
Dasturdan kutilayotgan asosiy samaralar:
- Ta’limning muvofiqligi: Kasbiy ta’lim dasturlari o‘zaro muvofiqlik va uzviylikka ega bo‘lib, bitiruvchilar oliy ta’limga o‘tishda o‘zlashtirilgan modullari va to‘plangan kreditlari asosida bakalavriatning muayyan bosqichidan davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi.
- Texnikumlarning mustaqilligi kengaytiriladi: Texnikumlar fanlar soni va soatlarini 30 foizgacha o‘zgartirish, mahsulot ishlab chiqarish va sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, ular kontrakt asosida ish beruvchilarning buyurtmasiga ko‘ra kadrlar tayyorlash huquqiga ega.
- O‘qitish jarayoniga ish beruvchilar keng jalb qilinadi: Ta’lim dasturlari ish beruvchilar talabi asosida shakllantiriladi. Natijada, muayyan hududlardagi o‘rta bo‘g‘in kadrlari bo‘yicha ehtiyojlar qondiriladi.
- Yakuniy attestatsiya tizimi yangilanadi: Bitiruvchilarning bilim va ko‘nikmalari ish beruvchilar ishtirokida amaliy imtihonlar orqali baholanadi.
Dastur ta’siri: “BTEC” dasturiga asoslangan texnikumlar bitiruvchilarining rivojlangan davlatlarda yuqori daromadli ish joylariga joylashish imkoniyatlari oshadi. Shuningdek, 180 nafar pedagogning malakasi oshiriladi va yiliga 1,680 nafar o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi.
Texnikumlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va raqamlashtirish uchun maxsus jamg‘arma tashkil etiladi. Jamg‘armaga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining byudjetdan tashqari jamg‘armasidan 50 milliard so‘m va Davlat byudjetidan 2025-yilda yana 50 milliard so‘m ajratiladi.