Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Germaniyaga borish bo‘yicha 3 xil grant (DAAD HSK, Copernicus, DAAD for masters degree) yutgan qahramonimiz Umrbek Ibragimov bilan suhbat

23.09.2021 21:49
Germaniyaga borish bo‘yicha 3 xil grant (DAAD HSK, Copernicus, DAAD for masters degree) yutgan qahramonimiz Umrbek Ibragimov bilan suhbat

Davlat:

Germaniya

Bugungi suhbatimiz Germaniyada o‘qish mavzusiga bag‘ishlanadi va bunda bizga qahramonimiz DAAD HSK dasturi (yozgi til kursi) ishtirokchisi, Copernicus (IES Program - talablar uchun almashinuv dasturi) granti g‘olibi, asosiysi, DAAD granti (magistraturada o‘qish uchun to‘liq moliyalashtiriluvchi grant) sohibi Umrbek Ibragimov o‘zining tajribalarini biz bilan baham ko‘radilar.

  1. Oʻzingizni qisqacha tanishtirsangiz, ismingiz, asli qayedansiz va qanday qilib Germaniyaga kelib qoldingiz?

Avvalambor, assalomu alaykum, men Umrbek Ibragimov, Xorazm viloyati Yangiariq tumanining uncha katta boʻlmasa-da, qalblari katta odamlari boʻlgan Tagan qishlogʻidanman.Oʻzi aslida bu ta’rif faqat qishlogʻimiz aholisi uchun emas, butun Xorazmliklarga nisbatan qoʻllasak ham, toʻgʻri boʻladi. Zero, buyuk shoirimiz Matnazar Abdulhakim ham "Xorazmda togʻlar yoʻq, ammo koʻksi togʻdek insonlari bor", - degan edilar.

Maktab ta’limimni oʻz qishlogʻim va Urganch shahrida oldim. Tarixga boʻlgan qiziqishim sababli 2017-yilda Urganch davlat universitetining Tarix fakultetiga oʻqishga topshirdim va davlat granti asosida oʻqishga qabul qilindim. Universitetdalik davrimda hali bolaligimdayoq oʻzim mustaqil tarzda oʻrgangan nemis tilini yana-da chuqurroq oʻrganish imkoniyatim paydo boʻldi. Oʻqishda faqat til oʻrganish bilan cheklanib qolmay, oʻz soham boʻyicha ham turli izlanishlar qildim va ustozlarim koʻmagida birin-ketin ilmiy maqolalarimni chop ettira boshladim. Ba’zan ilmiy maqolalarim ustida ishlab oʻtirganimda oʻzbek tilida manba yetishmasligi sababli nemis tilidagi kitoblardan oʻzimga kerak ma’lumotlarni ola boshladim. Shu zaylda menga Germaniyada oʻzbek tarixiga oid, bizga hali ma’lum boʻlmagan manbalarning koʻp ekanligi oydinlasha bordi. Ammo u paytlari olmon tilini bilsam-da, Germaniyaga ketib u yerda ilmiy izlanish qilish mumkinligi va ta’lim grantlari borligi haqida bilmas edim. Grantlar haqida ilk bora Universitetimizda ishlab ketgan nemis professori Hans Passmandan eshitgach, uning tavsiyalari asosida grantga topshirish uchun hujjatlarimni tayyorlay boshladim va 2019-yil ilk bor Germaniyada DAAD HSK dasturi boʻyicha yozgi til kursi qilish uchun 1 oylik grant yutib oldim.

Bu grantdan olgan taassurotlarim meni yana-da joʻshqinlantirib yubordi va 2020-yili Kopernikus grantiga hujjat topshirdim-u lekin yurtimizda karantin e’lon qilingach barcha umidlarim chippakka chiqa yozdi. Ammo Tangrining inoyatini qarangki, karantinga qaramasdan, 2021-yildagi Kopernikus grantiga ham loyiq koʻrildim va shu yil aprel oyidan grant doirasida oʻqish uchun Berlin erkin universitetida (Freie Universität Berlin) oʻqishimni boshladim. Bu orada DAAD tashkiloti e’lon qilgan magistratura uchun grant dasturiga ham qabul qilindim va 2021-yil oktabr oyidan Berlin erkin universitetida oʻqishimni boshlayman.

  1. Germaniyaga borish usullari va oʻsha mashur DAAD scholarship haqida biroz ma’lumot bersangiz, talablari va foydalari qanaqa?

Germaniya imkoniyatlar mamlakati! Bu yerga Oʻzbekistonliklarning kelish usullari bular: oʻqishga kelish (bakalavr, magistratura...), Au-Pair (enagalik qilish), Ausbildung va Dulaes Studium (kasb oʻrganish), FSJ va BFD (volontyorlik dasturlari), Praktika kabilardir.

Shundan oʻqishga kelish eng oson va oʻziga yarasha qiyin usuldir. Osonligi Germaniyada, agar talabaning til sertifikati boʻlsa, oʻqishga qabul qilinish imkoniyati juda katta. Chunki Germaniyada oʻqishga kirish emas, bitirish qiyin. Qiyin tomoni shundaki, har bir talaba Germaniyaga kelishdan oldin, yopiq bank raqamida 10332 yevro pul qoʻyishi kerak. Bu pul talabaning bir yillik oʻqish va yashash xarajatlarini qoplashga qaratilgandir. Ammo bu katta miqdordagi pulni hamma ham koʻrsata olmaydi va shunday vaziyatda DAAD tashkilotining grantlari yordamga keladi. Ushbu grant dasturi talabaning butun oʻqish davridagi xarajatlari va qoʻshimcha samolyot chipta puli kabi narsalarni qoplab beradi. Bu talabalar uchun katta imkoniyat boʻlib, ularning emin-erkin oʻz oʻqishiga diqqatni qaratgan holda oʻqishini ta’minlab bera oladi. Ammo bu grantni yutishning oʻziga yarasha qiyinchiliklari ham boʻlib, talabaning nemis yo ingliz tilini yaxshi bilishi, oʻz sohasida puxta bilimga ega boʻlishi va ayniqs,a oʻz oldida aniq maqsadi boʻlishi talab qilinadi.

  1. DAAD ga ariza topshirayotganda eng muhim omil nima deb o‘ylaysiz? Motivation letter/baho/IELTS yoki nemis tilini bilish darajasi?

Yuqorida aytganimdek, DAAD ga ariza topshirishda aniq maqsad va oʻz sohasida yaxshi bilimga ega boʻlishi eng muhim talablardan biri deb hisoblayman. Va qolaversa, shu bilim va rejalarini oʻz motivatsion xatida qisqa va loʻnda qilib koʻrsata olishi kerak boʻladi. Motivatsion xat DAAD dan grant yutib olishda muhim rol oʻynaydi. Baholar va til sertifikati kabi narsalar juda ham muhim rol oʻynamaydi. Til sertifikati va baholar shunchaki bir xil salohiyatga ega ikki nomzod boʻlgan holatlarda qandaydir rol oʻynashi mumkin. Masalan, men DAAD ga ariza topshirgan vaqtim qoʻlimda dastur talab qiluvchi til sertifikati boʻlmagan. Men uni keyinchalik DAAD ga taqdim etganman.

  1. DAAD uchun oʻqishni hali yakunlamagan 4-kurs talablari ham topshirsa bo‘ladimi? Ish tajribasi boʻlishi qanchalik muhim?

DAAD ga 4-kursni bitirmagan talabalar ham hujjat topshira olishadi. Ularga cheklov yoʻq. Ish tajribasi boʻlishi, albatta, grant berishda katta rol oʻynashi mumkin. Ammo usiz ham boʻladi. Masalan, men hujjat topshirganimda hech qanday joyda ishlamagan edim.

  1. DAAD ga ariza topshirishda nimalarga e’tibor berish kerak, ariza topshirish muddatidan qancha vaqt oldin boshlasa ulguradi?

DAAD ga ariza topshirganda, eng avvalo, topshirilayotgan dasturning talablari, qaysi hujjatlar talab etilishi va qolaversa bu dasturda gʻolib boʻlganlarning maslahatlariga e’tibor qaratish kerak. (Quyida DAAD grant dasturiga ariza topshirish uchun talablar va kerakli hujjat haqida ma’lumot olishingiz mumkin). Ariza topshirishga men 2 oy oldin tayyorgarlik koʻra boshlashni tavsiya qilgan boʻlar edim. Eng birinchi qilinadigan ish ariza topshiruvchi oʻzining kelajak maqsadlarini oydinlashtirib olishidan boshlashi kerak. Keyin shu maqsadlariga toʻgʻri keladigan universitet va oʻquv yoʻnalishi topiladi. Shu asosiy ikki narsa oydin boʻlgandan soʻng motivatsion xat yozish boshlanadi. Men motivatsion xat yozganimda qisqa qisqa hayolimga kelgan yaxshi jumlalarni daftarchamga yozib qoʻyib, shularni ariza topshirish kunimga yaqin yagona motivatsion xat shakliga keltirgan edim. Bu oraliqda tarjimayi hol, baholar daftarchasi va maktab (kollej) baholari kabi hujjatlar taxt qilinadi. Lekin ariza yuborishni eng soʻnggi kunga qoldirishni tavsiya etmagan boʻlardim. Chunki bu kuni butun dunyodan juda koʻp hujjatlar yuborilgani sababli saytda uzilishlar sodir boʻladi.

  1. Germaniyada oʻqimochi boʻlgan yoshlarga maslahatlaringiz

Germaniyada oʻqimoqchi boʻlgan yoshlarga birinchi aytadigan soʻzim, qoʻrqmasinlar! Koʻpchilik bilimli yoshlarimiz oʻzlarida bilim boʻlsa ham “men oʻta olmayman, unga katta odamlar bilan tayyorgarlik koʻrish kerak” deya hujjat topshirmay ham qolib ketishadi. Ammo bu dunyoda ilojsiz ishning oʻzi yoʻq. Agar kimda-kim avvalo, dastur boʻyicha kerakli bilimlarni olib, chuqur oʻylangan holda maqsad va bilimini nemislarga tushuntirib bera olsa, u albatta oʻtadi. Bunga hech qanday qoʻshimcha odamlarning (yoki konsalting firmalarning) yordami ham kerak emas. Agar bunday boʻlmaganida, men Xorazmning chekka qishlogʻidan chiqqan bir yigit, bu grantni yuta olmas edim!

Ajoyib suhbat va kerakli ma’lumotlar uchun bugungi qahramonimiz Umrbek Ibragimovga biz oliygoh.uz tashkilotchilari kattakon rahmat aytib qolamiz. Umrbek Ibragimovning kelgusi o‘qish va ishlarida katta zafarlar tilaymiz. O‘zbek yoshlariga o‘rnak bo‘la oladigan Sizdek muvaffaqiyatli insonlar ko‘payaversin!