Davlat OTMlarda jamoaviy sport turlari bo‘yicha klublar tashkil etiladi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Barcha davlat OTMlarda jamoaviy sport turlari bo‘yicha klublar tashkil etiladi
2024-2027-yillarda barcha davlat oliy ta’lim muassasalarida jamoaviy sport turlari bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan sport klublari tashkil etiladi.
Mazkur norma Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining (21.02.2024-yil PF–37-son) qaror loyihasida belgilangan. Unga ko‘ra:
- oliy ta’lim muassasalarining sport klublarini saqlash, ularni sport jihozlari va ekipirovkalari bilan ta’minlash oliy ta’lim muassasalarining to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
- oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari daromadlar va xarajatlar smetasida sport klublarini saqlash bo‘yicha xarajatlar ko‘zda tutiladi;
- oliy ta’lim muassasalarining sport klublari o‘rtasida “Talabalar ligasi”ni o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi.
Jamoaviy sport turlari bo‘yicha sport infratuzilmasidan samarali foydalanishni tashkil qilish orqali aholini jamoaviy sport turlari bilan shug‘ullanishga jalb qilish maqsadida:
- davlat sport ta’lim muassasalari sport inshootlarida bosqichma-bosqich nogironligi bo‘lgan shaxslarga jamoaviy sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun sharoitlar yaratiladi;
- davlat sport ta’lim muassasalarining mavjud jamoaviy sport inshootlarining manzili va faoliyat yuritish vaqti to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar sifatida “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimiga joylashtiriladi.
Shuningdek, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish orqali iqtidorli yoshlarni saralab olish (seleksiya)ning shaffof tizimini joriy etish maqsadida “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimida iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya) bo‘yicha texnik imkoniyatlar yaratiladi. Bunda:
- har bir jamoaviy sport turi bo‘yicha alohida mezonlar ishlab chiqiladi;
- sportchilarning joriy jismoniy holati to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni olish va platformaga yuklash mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi;
- sun’iy intellektdan foydalangan holda to‘plangan ma’lumotlarni (big data) tahlil qilish hamda sportchilarning jismoniy holati va imkoniyatlarini baholash tizimi joriy etiladi;
- iqtidorli sportchi yoshlarni aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya) quyi axborot tizimi yaratish bilan bog‘liq xarajatlar Sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.