Germaniyada bepul o‘qish
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Germaniya davlat universitetlarida mahalliy talabalar bilan bir qatorda chet elliklar uchun ham bepul oliy ta’lim imkoniyati mavjud. Davlat oliy ta’limga savdo mahsuloti sifatida qaramaydi va barcha iqtisodiy holatidan qat’i nazar sifatli oliy ta’lim olishi lozim degan qarashni ilgari suradi. Shuning bilan birga mamlakatda o‘qish pulli bo‘lgan xususiy universitetlar ham faoliyat yuritadi.
Germaniyada nafaqat mamlakatdagi yoshlar uchun, balki xorijlik talabalar uchun ham oliy ta’lim bepul. Bunga erishish uchun mamlakat bir qancha o‘n yillik tajribani boshidan o‘tkazgan.
Dastlab, oliy ta’limni bepul qilish harakatlari 1949 yilda boshlangan. Natijada Germaniya o‘z davri uchun kollej ta’limi to‘lovi eng arzon davlatga aylanadi. 1971 yilda esa davlat moliyaviy yordam tizimini ishlab chiqqan sotsial demokratlar tomonidan o‘quv to‘lovlari nolga tushiriladi. Maqsad: iqtisodiy statusidan qat’i nazar, barchaning birday sifatli ta’lim olishiga erishish edi.
1976 yilda esa mamlakat kollej va universitetlarida o‘quv to‘lovlarini olishni qonunan taqiqlashga oid qonun ishlab chiqiladi. Lekin baribir ma’lum muddat keyingi bir necha o‘n yillikda ta’lim butunlay bepul bo‘lishi uchun vaqt kerak bo‘ladi. Nihoyat, 2015 yilda ta’lim islohotlaridan keyin Quyi Saksoniyada o‘quv to‘lovi bekor qilinadi va shuning bilan Germaniya oliy ta’limi to‘laligicha bepul bo‘lgan davlatga aylanadi.
Kontrakt bo‘lmasa, universitetlar pulni qayerdan oladi?
Germaniyada ta’lim davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Davlat ajratadigan pulga oliy ta’lim tashkilotlari mahalliy va xalqaro talabalarni ham bepul o‘qita oladi.
Germaniyada hamma universitet bepulmi?
Yo‘q, hamma universitetlar emas, davlat oliy ta’lim muassasalari bepul. Lekin mamlakatda faoliyat yuritadigan xususiy OTM o‘qish uchun kontrakt narxlarini o‘zlari mustaqil tarzda belgilaydi. Germaniyada 300 dan ortiq davlat universitetlari faoliyat yuritadi, sifatli ta’lim olish uchun ulardan birini tanlash mumkin.
Mamlakatda oliy ta’lim bepul degani ta’lim sifatsiz ekanini anglatmaydi. Top universitetlar reytinglarida Germaniyaning davlat universitetlarini topish mumkin. Ta’lim bepulligidan asosiy maqsad davlatning ta’limga savdo mahsuloti sifatida qaramasligi bilan bog‘liq.
Masalan, QS reytingida:
- Frankfurt moliya va menejment maktabi – 48-o‘rinda;
- Myunxen Texnik universiteti – 49-o‘rinda;
- Ludvig Maksimilians universiteti Myunxen – 59-o‘rinda;
- Heidelberg universiteti – 65-o‘rinda;
- Berlin Frei universiteti – 118-o‘rinda qayd etilgan.
Germaniyada o‘qish uchun nemis tilini bilish shartmi?
Agar Germaniyadagi davlat universitetlarida bakalavr darajasi uchun o‘qishni xohlasangiz, nemis tili zarur bo‘ladi. Sababi ko‘plab davlat universitetlarida bakalavriat ta’limi nemis tilida olib boriladi. Xususiy universitetlarda ingliz tilidagi dasturlarni istalgancha topish mumkin, biroq ular pulli. Bakalavriatdan keyingi darajalarda esa ingliz tilining o‘zi bilan ham o‘qish mumkin. Bu bosqichdagi talabalar uchun ingliz tilidagi xalqaro dasturlar yetarlicha. Til bilish darajasi Germaniyada o‘qish uchun talab qilinadigan asosiy talablardan biri. Talabgor akademik ma’lumotlarni yozma va og‘zaki darajada tushuna olishi tekshiriladi.
Til darajasi qanday bo‘lishi kerak?
Ingliz tili minimum 6,5 daraja (IELs)
Nemis tili esa kamida B2 darajada bo‘lishi kerak.
Xorijlik talabaga oyiga qancha pul kerak?
Davlat universitetida o‘qish bepul bo‘lgani bilan yashash xarajatlarini qoplash kerak bo‘ladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniyada bir talabaning oylik o‘rtacha xarajati 864 dollar, yillik xarajati esa 10,334 dollarni tashkil qiladi. Bu miqdor ijara, oziq-ovqat va transport kabi eng minimal va zaruriy xarajatlarni o‘z ichiga oladi.
O‘qishni tugatib ham Germaniyada qolish mumkinmi?
Mamlakatda o‘qishini tugatgan xorijlik talabalarga qolishga ruxsat beriladi. Har qanday chet ellik talaba o‘qishi tugagach mamlakatda 18 oygacha qolishi mumkin. Bu muddatda "ish izlovchi vizasi" olinadi va shu 18 oyda bitiruvchi o‘z malakasiga to‘g‘ri keladigan istalgan ishga joylashishi mumkin.
Manba: kun.uz