Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Madinaxon Soliyeva Prezident bilan uchrashib, talaba bo‘ldi

20-iyul 19:11
Madinaxon Soliyeva Prezident bilan uchrashib, talaba bo‘ldi

Farg‘ona shahridagi "Yangi O‘zbekiston" massivida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashgan Madinaxon Soliyeva Jahon tillari universiteti talabasiga aylandi.

Madinaxon Soliyeva Farg‘ona shahriga imtihondan o‘tish maqsadida kelgan va ijarada turgan. Ma’lum bo‘lishicha, u O‘zbekiston tumanidagi "Zinasha" MFYda yashaydi.

Prezidentning Farg‘ona safari chog‘ida Madinaxon jiyani bilan xiyobonda sayr qilib yurgan paytida Prezident bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘ldi.

Madinaxonning so‘zlariga ko‘ra:

"Jiyanim bilan xiyobonda sayr qilib yurgandik. Kutilmaganda massivga Yurtboshimiz tashrif buyurib, fuqarolar bilan suhbatlashishni boshladilar. Men ham Prezidentimizga peshvoz chiqib, samimiy tilaklarimni aytdim. O‘zimning orzu-maqsadlarim haqida gapirib berdim. Davlatimiz rahbari meni o‘zim orzu qilgan oliygohda imtiyozli grant asosida o‘qishga tavsiya qilib, omad tiladilar. Menga bildirilgan bu ishonchni albatta oqlash uchun puxta bilim olib, kelajakda Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan kadr bo‘lib yetishishga harakat qilaman."

Uchrashuvdan bir kun o‘tib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari hamda Jahon tillari universiteti rektori Farg‘onaga yetib kelgan. Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan tadbirda bo‘lajak talaba hamda uning onasiga o‘qishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi sertifikat topshirilgan.

Madinaxonning onasi Maynaxon Mamatqulova:

"O‘zimiz oddiy yashasak-da, farzandlarimizning puxta bilim olib, bizdan-da yaxshiroq muvaffaqiyatlarga erishishini istaymiz. Shu bois yoshligidan til o‘rganadigan kurslarga jo‘natamiz. Mana, boshiga baxt qushi qo‘nib, Yaratganning inoyati tufayli Yurtboshimiz bilan uchrashib qoldi. Imtihonsiz, grant asosida o‘qishga qabul qilingani esa bizning oila uchun juda katta sovg‘adir. Bu imkoniyatni yaratib bergan Davlatimiz rahbarini oilamiz ham, qishloqdoshlarimiz ham tinmay duo qilishmoqda. Qizim, albatta, Yurtboshimiz bildirgan ishonchni oqlaydi."

Madinaxonning otasi Jahongir Tursunov quruvchi-usta, onasi Maynaxon Mamatqulova esa uy bekasi. Oilalari oddiy yashasa-da, farzandlari bilim olishlari uchun qo‘llab-quvvatlashadi.