Maksimal ball to‘plab kontraktga kirgan talabalar grantga o‘tkaziladi
Kirish ballari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
JIDUga 6 nafar talaba maksimal 189 ball to‘plagan bo‘lsa-da, kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingandi. Bu talabalar prezident tomonidan berilgan imtiyoz bo‘yicha grantga o‘tkaziladi. «Temurbeklar maktabi»ning ham kvotalarini alohidalashtirish ustida ish olib borilmoqda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining navbatdagi bayoni qabul qilindi. Bu haqda bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov xabar berdi.
Unga ko‘ra, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining «Xalqaro munosabatlar» yo‘nalishi (o‘zbek guruhi)ga eng yuqori – 189 ball to‘plangan, ammo to‘lov-kontrakt asosida tavsiya etilgan quyidagi abituriyentlar prezident tomonidan berilgan imtiyoz bo‘yicha davlat granti asosida o‘qiydi:
- Ahatova Aziza Shuhrat qizi;
- Abdulvohidova Muhayyoxon Lutfullo qizi;
- Xo‘jabekov Ubaydullo Ne’matovich;
- Ergasheva Muxlisa Azizbek qizi;
- Tilavoldiyev Sanjar Zafarjon o‘g‘li.
Eslatib o‘tamiz, «Temurbeklar maktabi» bitiruvchilariga harbiy ta’lim muassasalarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdoridagi, boshqa OTMda esa 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar beriladi. Aynan shu toifadagi imtiyozli abituriyentlar sabab Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetiga o‘qishga topshirgan 6 nafar abituriyent 189 ball to‘plasa ham, kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingandi.
Qabul komissiyasi a’zosi, Bilim va malakalarni baholash agentligi raisi Majid Karimovning so‘zlariga ko‘ra, «Temurbeklar maktabi»ning ham kvotalarini alohidalashtirish ustida ish olib borilmoqda. Ma’lum qilinishicha, shunga o‘xshash keyingi holatlarning ham oldini olish uchun muntazam ishlovchi tartib ishga tushirilyapti.
«Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidan boshqa OTMda bunday muammo yo‘q. Maksimal ball to‘plab ham kontraktga o‘qishga qabul qilinganlar aslida 6 nafar edi. Qoraqalpog‘istonlik bir talabaning muammosini hal qildik. Qolgan 5 nafarining muammosi esa bugun yoki ertaga hal bo‘ladi», degan u.
Mandat e’lon qilingach, maksimal ball to‘plab ham kontrakt asosida o‘qishga kirgan abituriyentlar mavzusi va «Temurbeklar maktabi» bitiruvchilariga berilgan imtiyoz jamoatchilik etirozlariga sabab bo‘lgandi. Kun.uz ham bu mavzuda bir qancha materiallar e’lon qilgandi.